Misr poytaxti Qohira markazida bugun ham tumonat odam. “Ozodlik” deya hayqirayotgan o’n minglab fuqaroning talabi - harbiy boshqaruvni tugatish. Talab bajarilmas ekan, “Tahrir” maydonini tark etmaymiz, deydi ular.
Bir haftadan beri tinmayotgan namoyishlar qonli tus olib, hozirgacha 41 kishining yostig’i quridi. Kelasi hafta parlament saylovlari rejalangan. Harbiy kengash hoziroq tugatilsin, degan talablar yangrayapti.
Mamlakatdagi eng yirik muxolif guruh – Musulmon Birodarlar ham namoyishchilar tarafida. Lekin armiyaning ta’kidlashicha, saylov qoldirilmaydi.
Xalqni bir oz tinchitish uchun qurolli kuchlar oliy kengashi yangi bosh vazir tayinlagan. Kamol Ganzuri, AQShda tahsil olgan iqtisodchi, 1990-yillarda ham Husni Muborak ma’muriyatida shu lavozimda ishlagan. Prezidentlikka nomzod deb ko’rilayotgan arboblardan biri.
“Tahrir”da to’plangan olomon inqilob yutuqlarini yo’qqa chirayotgan bunday qarorlarga toqatimiz yo’q, deydi. Qo’shma Shtatlar nazarida ham noharbiy hokimiyat tuzish jarayonini tezlashtirish lozim. Oq uy bu borada bayonot bergan.
Misr ahli deydiki, inqilobdan keyin hokimiyatga kelgan harbiylar va’dalarini unutmasin desak, ularga bosimni ushlab turgan ma’qul.
“Namoyishlardan maqsad ham shu - mamlakat oldinga siljisin, inson haq-huquqlari hurmat qilinsin, prezident saylansin, mamlakatda barqarorlik bo’lsin”, - deydi Muhammad Mansur.
Qohiradagi Amerika Universiteti professori Said Sodiq bu fikrga qo’shiladi.
Uning aytishicha, armiyaga, qurolli kuchlar oliy kengashiga qonuniy maqom bergan bu – inqilob. Uning ortida turgan xalqning istak-xohishiga bo’ysunmasdan iloj yo’q.
Yangi namoyishlarni bostirishga ko’rsatma bergan rahbarlar kuni-kecha qon to’kilishlar yuzasidan kechirim so’rab, siyosiy islohotlarni kechiktirmaslikka va’da berdi. Bu so’zlar samimiy bo’lsa ovoz beramiz, deydi Muhammad al-Alaa.
“O’zgarish bo’lishi kerak. O’sha yulg’ich, eski rejimda ishlagan odamlarni ko’rishga ko’zim yo’q”, - deydu u.
Gap shundaki, deydi kuzatuvchilar, parlament saylovlarida nomzodini qo’yganlar orasida yoshlar va islohotchilar ozchilik.
Maydonga chiqqanlarni uchga ajratish mumkin - islomiy guruhlar, dunyoviy tuzum tarafdorlari va huquqbonlar hamda eski tuzumda ishlagan arboblar.
“Harbiylar”, - deydi professor Said Sodiq, “Muborak davridagi imtiyozlarni osonlikcha berib qo’ymaydi. Bu guruhlar orasida raqobat avjida, lekin afsuski mamlakat, jamiyat manfaatlari chetda qolib ketayapti”.
Inqilob belgilab bergan maqsadlarga erishish uchun xalq yana qo’zg’alayotgani katta ahamiyat kasb etadi.