SURIYA
Arab Ligasi zo'ravonliklarni bas qilmayotgan Suriya hukumatini nisbatan misli ko'rilmagan sanksiyalar bilan jazolashga ovoz berdi. Ligaga a'zo 22 davlatdan 19 tasi sanksiyalarni qo'llab-quvvatladi. Xususan, Suriya Markaziy banki bilan hisob operatsiyalari to'xtatiladi, Suriya rasmiylariga a'zo davlatlar hududiga kirish taqiqlanadi, mamlakatdagi loyihalar uchun sarmoyalar to'xtatiladi.
Rasmiy Damashq jazo choralarini qoralab, arab davlatlarini xiyonatda aybladi. Suriyaga juma kungacha zo'ravonliklarni to'xtatib, mamlakatga liga kuzatuvchilarini kiritish talabi qo'yilgan edi.
ERON
Eron parlamenti Britaniya bilan diplomatik va iqtisodiy aloqalarni susaytirishga doir qonunni ma'qulladi. Rasmiy London Eron yadro dasturiga nisbatan bu davlatga sanksiya e'lon qilgach, Eron shunday chora ko'rmoqchi.
Parlament qaroriga ko'ra, Britaniya elchisi ikki hafta ichida Eronni tark etishi zarur. Elchixonani uning o'rinbosari boshqarib turadi. Qonun kuchga kirishi uchun 12 arbobdan iborat Konstitutsiya muhofazachilari kengashi uni tasdiqlashi lozim.
G'arb Eron yadro quroli ustida ishlayapti deb, o'tgan hafta uning kompaniyalari, rasmiylari va Markaziy bankiga sanksiya qo'ygan edi. Eronning ta'kidlashicha, uning atom dasturi elektr quvvati olish va tibbiy izlanishlarga qaratilgan.
YAMAN
Yaman shimolidagi Saada viloyatida shia jangarilari sunniy musulmonlarga qarashli madrasa va yana bir necha ob'yektga hujum qilib, kamida 21 kishini o'ldirgan, 50 ka yaqin odam jarohat olgan. Shialar viloyatda ko'pchilikni tashkil qiladi. Salafi mazhabidagilarni tahdid deb biladi. So'nggi haftalarda har ikki tomon jangarilari olishgan. MIntaqadagi qabilaviy kuchlar ularni murosaga chaqirishga harakat qilmoqda.
Bu o'rtada Saudiya Arabistonida iste'fosi haqida bitimni imzolagan prezident Ali Abdulla Solih mamlakatga qaytgan. Hujjatga ko'ra, u vakolatini vitse-prezident Abdu Rabbu Mansur Hadiga topshiradi, so'ng muddatidan erta saylovlar belgilanadi. Bugun saylovlar kuni aniq bo'ldi - 21-fevral. Mamlakatni 33 yil boshqargan Solih saylovlargacha faxriy prezident bo'lib turadi, jarayonda ishtirok eta olmaydi.
BAA
Birlashgan Arab Amirliklari sudi besh faolni aholini internet orqali hukumatga qarshi namoyishlarga da'vat etgani uchun ozodlikdan mahrum qildi. Abu-Dabi sudi faollar mamlakat rahbarlarni haqoratladi, degan ayblov bilan ularni qamashga buyurdi. Ulardan biri, Ahmad Mansurga uch yil, qolganlariga esa ikki yil qamoq jazosi berildi. Faollar internetda hukumatni tanqid qilib, namoyishlarga chaqirgani uchun aprel oyida hibsga olingan edi.
Inson huquqlari tashkilotlari sud hukmini qoralab, faollarni ozod etishni talab qilmoqda.
MISR
Misrda namoyishlar tinmas, odamlar mamlakatni boshqarayotgan harbiy kengashdan boshqaruvni topshirishni talab qilar ekan, kengash raisi feldmarshal Husayn Tantaviy siyosiy tanglikka barham berilmasa, oqibati yaxshi bo'lmaydi, demoqda.
Ertaga Misrda parlament saylovlari boshlanadi. "Kimki jarayonni izdan chiqarmoqchi bo'lsa, keskin chora ko'ramiz" deydi Tantaviy. Muvaffaqiyatli saylovlar - barqarorlik garovi, deydi u.
Bugun poytaxt Qohiraning Tahrir maydonida to'plangan minglab odamlar kengashdan zudlik bilan noharbiy hukumat tuzishni talab qilgan. Tinchlik uchun Nobel mukofoti laureati Muhammad al-Barodiy va Arab Ligasining sobiq raisi Amir Musa muvaqqat hukumatni boshqarishga asosiy nomzodlardan hisoblanadi.
Muxolifat muvaqqat hukumat prezident saylovlari o'tguncha harbiy kengashdan boshqaruvni olsin, deya xitob qilmoqda. Kecha Tantaviy bu ikki arbob bilan muloqot qilgani ma'lum.