Breaking News

2011 Tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindorlari


Chapdan, Liberiya prezidenti Ellen Jonson Sirlif, huquq himoyachisi Leyma Gbovi hamda Yamandan siyosiy faol Tavakkal Karmon
Chapdan, Liberiya prezidenti Ellen Jonson Sirlif, huquq himoyachisi Leyma Gbovi hamda Yamandan siyosiy faol Tavakkal Karmon

Bugun Norvegiya poytaxti Osloda bu yilgi Nobel mukofotlari topshirildi. Tinchlik yo'lida qilgan xizmatlari uchun uch ayol taqdirlandi.

Ikkisi Liberiyada barqarorlik uchun kurashgan ayollar - prezident Ellen Jonson Sirlif va jamoatchi faol Leyma Gbovi. Uchinchisi esa Yamandan, inson huquqlari himoyachisi Tavakkal Karmon.

1,5 million dollarlik sovrin sohiblari Nobelni o'z xalqlariga bag'ishladi.

"Tarix bizga hozirgi so'zlarimiz emas, xalqimiz kelajagi va ravnaqi uchun nima qilganimizga qarab baho beradi", - deydi Ellen Jonson Sirlif.

1901-yildan beri beriladigan bu mukofot shu kungacha faqat 15 ayolga nasib etgan.

Ilk sovrindor 1905-yilda Avstriyadan bo'lgan. Yozuvchi va siyosiy faol Berta von Suttner.

Torbyorn Yagland, Nobel qo'mitasi raisi deydiki, tinchlik va xavsizlikni ta'minlashda xotin-qizlarning roli beqiyos.

Ellen Jonson Sirlif Liberiyada prezidentlikka 2006-yilda saylangan. Tinimsiz urushlardan tinkasi qurigan mamlakatni yangi davrga olib kirgan lider. Uning yurtdoshi Leyma Gbovi esa jangari guruhlar qo'lida azob chekkan ayollarni birlashtirib, zo'ravonlikka qarshi kurashga yetakchilik qilgan.

Tavakkal Karmon esa vatani Yamanda xalqni azaldan qiynab kelgan muammolarni yoritgan jurnalist. Nobelga loyiq topilgan birinchi arab ayoli.

1979-yilda Tinchlik uchun Nobel mukofotiga Tereza ona, Hindistonda insonparvarlik ishlariga boshchilik qilgan katolik ruhoniy sazovor bo'lgan. 1991-yilda esa Birmada harbiy diktaturaga qarshi kurashgan, demokratik harakat yetakchisi Ang San Su Chi, 2003-yilda esa Eronda inson huquqlari yo'lida ter to'kib kelayotgan Shirin Ibodiy.

2004-yilda Keniyadan ekolog Vangari Maatay ham bu oliy unvonga munosib topilgan edi. U shu yili sentabr oyida saratondan jon berdi.

"Demokratiya va tinchlik ravnaq topishi uchun xotin-qizlar jamiyatning teng huquqli fuqarolari bo'lishi lozim. Erkaklar qatorida ular ham o'z jamiyatlari taraqqiyoti uchun hissa qo'sha olishi lozim".

Ilm-fan va adabiyot sohalarida ham Nobel mukofotini qo'lga kiritgan ayollar bor.

Jumladan radiatsiya sirlarini o'rgangan olima Mari Kyuri fizika va kimyo bo'yicha ikki bor taqdirlangan.

Mari Kyuri Polshada dunyoga kelgan, ammo asosiy faoliyatini Fransiyada olib borgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG