Breaking News

Siyosiy mahbusga Nobel berilgani Xitoyda G'arbga qarshilikni kuchaytirmoqda


Siyosiy mahbusga Nobel berilgani Xitoyda G'arbga qarshilikni kuchaytirmoqda
Siyosiy mahbusga Nobel berilgani Xitoyda G'arbga qarshilikni kuchaytirmoqda

Xitoy hukumati Tinchlik uchun Nobel mukofotiga sazovor bo’lgan, mamlakatda demokratiya uchun kurashib, panjara ortiga tashlangan siyosiy faol Lyu Syaoboning rafiqasini uy qamog’ida saqlamoqda.

"Amerika Ovozi" va boshqa axborot vositalarining muxbirlari bu ayol bilan uchrashishga harakat qildi. Lekin uning uyini xavfsizlik kuchlari qurshab olgan va hech kimni yo’latmayapti.

Harbiylarning bizga aytishicha, Liu Tsianing o’zi chiqib, mehmonlarni olib kirishi kerak. Lekin bu ayol bilan bog’lanishning iloji yo’q. Telefon va internet uzib qo’yilgan. Mahbusning ayoli uyidan chiqarilmayapti.

Politsiya xodimlari hozirda jurnalistlarni haydashga tushgan. Hukumat nazarida jinoyatchi bir shaxsga Nobel mukofoti berilishi katta xato va uning ulug’lanishiga yo’l berish bu davlat siyosatiga va qarashlariga zid.

Pekinda mahbusning ayoli yashaydigan mahalla xavfsizlik kuchlari tomonidan o'rab olingan va jurnalistlar kiritilmayapti
Pekinda mahbusning ayoli yashaydigan mahalla xavfsizlik kuchlari tomonidan o'rab olingan va jurnalistlar kiritilmayapti

Xavfsizlik kuchlari nafaqat laureatning ayoli balki boshqa ko’plab faollarni ham uyiga qamab qo’ygan.

Bugun Xitoydagi “Global Times” gazetasida G’arb xalq dushmaniga bunday sovrin berib, “bizning davlatimiz yuziga tupurdi” degan mazmunda sharh chop etilgan.

Shuningdek, Xitoyda bir necha gazetalar “G’arb davlatimiz qudrati kun sayin oshib borayotganidan vahimada va dushmanlarni ko’kka ko’tarib, bizning sha’nimizga dog’ tushirish harakatida” degan maqolalar bilan to’la.

Lekin davlat nazoratidagi axborot vositalarining aksariyati xitoy fuqarosi Nobel olgani haqida biror ma’lumot bermayapti. Bu degani aksariyat aholi bu haqda hech narsa bilmaydi.

Tinchlik uchun Nobel mukofoti Norvegiyadagi xalqaro qo’mita tomonidan taqdim etiladi. Bugun Xitoy rasmiylari bu davlat diplomatlari bilan rejalangan uchrashuvni bekor qilgan. Rasmiy Pekin Norvegiyani Lyu Syaoboga Nobel berilsa, aloqalar uziladi deya ogohlantirgan edi.

XS
SM
MD
LG