Yaqinda Vashingtonda AQSh Mudofaa Universitetida o’tgan yirik ilmiy anjumanda “Al-Qoida” terror guruhi, uning o’tmishi va kelajagi muhokama qilindi. Ekstremizmga qarshi kurash qayerda va qanday olib borilayotgani xususida so’z ketdi.
Markaziy Osiyo bunda muhim rol o’ynayotgan mintaqa, lekin u yerdan faqat birgina mutaxassis ishtirok etdi - Toshkentdagi Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya Universitetidan fan nomzodi Zabihulla Soipov.
Olimning aytishicha, O’zbekiston hukumati ekstremizmga qarshi ko’rayotgan choralar Amerika manfaatlari uchun ham xizmat qilmoqda. Soipov Londonda Diplomatik Akademiyani, Nyu-Yorkdagi nufuzli Kolumbiya Universiteti, so’ngra esa Germaniyadagi Bonn Universitetini bitirgan.
Barak Obama va uning ma’muriyati terrorga qarshi urush degan iborani qo’llamaslikka qaror qilgan. Bu Amerikaning avvalgi prezidenti Jorj Bush, ushbu urush asoschisi, davridan qolgan gap. Lekin so’zni ishlatmaslik bilan ish bitmaydi. Urush davom etmoqda va hali-beri to’xtamasligi tayin. Balki bu cheksiz urush, deya tan oladi rasmiylarning o’zlari ham.
AQSh Mudofaa Universitetida ikki kunlik konferensiyaga yig’ilgan ziyolilar hukumatga ko’p maslahalatlar berdi. “Al-Qoida” guruhi yetakchilari yashiringan Pokiston hukumati bilan ochiqchasiga gaplashish, gapga ko’nmasa moliyaviy yordamni qirqish; Afg’onistonning korrupsiyaga botgan rahbarlari bilan og’iz burun o’pishavermay, dangal muzokara qilish; Tolibon hokimiyatga qaytmasligini ta’minlash uchun uzoq muddatli choralar ko’rish.
Zabihulla Soipov esa shunday taklifni o’rtaga tashladi: Markaziy Osiyodagi jarayon va o’zgarishlarni aniq yondashuv asosida tahlil qiling, aks holda ular zaminini tushuna olmaysiz.
Anjuman yakunida olimdan bu taklifni izohlab berishni so’radik.
Amerikaning O’zbekistonga nisbatan qiziqishi ortgani ijobiy hol, deydi u.
“Shu bilan birgalikda Amerika Qo’shma Shtatlari Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O’zbekiston to’g’risida juda oz ma’lumotga ega va bu ma’lumotlar har doim ham haqiqatga to’g’ri kelmaydi, yumshoq qilib gapiradigan bo’lsak. Shuning uchun men o’z ma’ruzamda shuni tushuntirishga harakat qildimki, Markaziy Osiyoni tushunish uchun nazariy bir konsepsiya yaratish kerak. Bu konsepsiya ketma-ketlikka, uzviylikka asoslansin”.
Chetdan turib baholash oson, deydi Soipov, lekin ichki vaziyatni tushuna olish kerak. O’zbekistonga yosh va rivojlanishga harakat qilayotgan jamiyat sifatida qarang. Aks holda, deydi u, Amerika tahlili va qarorlari mintaqa ravnaqi uchun xizmat qilmaydi.
Zabihulla Soipov amerikalik hamkasblariga murojaat qilar ekan, O’zbekistonni o’z mustaqilligini mustahkamlashga harakat qilayotgan, xalqaro maydonda o’z ovoziga ega bo’lishga intilayotgan davlat sifatida ko’rishni tavsiya qildi.
Soipov Vashingtonda ilm va siyosat ahliga O’zbekiston hukumatining ekstremizmga nisbatan siyosatini tahlil qilib berayotgan paytda, Davlat departamenti e’tiqod erkinligi yuzasidan xalqaro hisobot chiqardi.
Hujjatda sakkiz davlat “alohida tashvishga molik” ekani aytiladi, diniy huquqlarni muntazam ravishda buzayotgani uchun. Xitoy, Eron, Saudiya Arabistoni, Sudan, Eritreya, Birma, Shimoliy Koreya va O’zbekiston.
Nafaqat AQSh hukumati balki xalqaro tashkilotlar nazarida ham O’zbekiston rahbariyati ekstremizmga qarshi kurash bahonasi bilan o’z tanqidchilari, siyosiy muxolifatdan qutulish uchun minglab dindorlarni yetarlicha dalil-isbotsiz panjara ortiga tashlagan va bunday repressiv siyosat hamon davom etmoqda.
Zabihulla Soipov fikricha Amerika hukumati ekstremizmning oldini olish siyosatini e’tiqod erkinligini buzish bilan adashtirmasligi kerak. Mutaassiblik - bor narsa. Uning chuqur ildiz otmasligi, O’zbekistonga xos dunyoviy islom tahdid ostida qolmasligi, toat-ibodat zo’ravonlikka aylanmasligi uchun uni nazorat qilish kerak, deydi olim. Ma’rifiy islomga urg’u berish kerak.
“Mustaqillikka erishganimizdan keyin, qo’pol qilib aytganda, hamma deraza-eshiklar lang ochilib ketdi. Ulardan chang-to’zon ham, toza havo ham kirishi mumkin. Ota-bobolarimiz ham namoz o’qishgan, lekin bu yangi oqimlar, mutaassib guruhlar, jamiyatdagi barqarorlik, insonlarning xavfsizligiga, odob-ahloq va an’analariga zid bo’lmasligi kerak”,- deydi olim.
O’zbekistonda e’tiqod erkinligi kafolatlangan, deydi Zabihulla Soipov, nazoratdan tashqarida faoliyat yuritgan tashkilotlarning ildiziga bolta urish, ularni xalqaro maydondagi mutaassib tizimlar bilan aloqa qilmasligini ta’minlash nafaqat respublika manfaatlari, balki Amerikaning global maydonda ekstremizmga qarshi olib borayotgan strategiyasi uchun ham xizmat qiladi. Tizgin bo’shashtirilsa, deydi olim, mutaassiblik kuchayadi va hammaning barqarorligiga birdek raxna soladi.
Soipovning fikrlariga qo’shilmaydigan ziyolilar O’zbekistonda ham, xorijda ham juda ko’p. Ular odamlarni e’tiqodi uchun ezish zo’ravonlikka yo’l ochishi mumkin deb ogohlantirib keladi. Respublikada adliya tizimi mustaqil emas, yakkahokimlikka asoslangan davlatda haqiqat va adolatga yetaklovchi yo’llar yopilgan, deydi ular.
Zabihulla Soipov singari tadqiqotchilar esa O’zbekiston jamiyatida islomning o’rni xususida chuqurroq izlanishni masalahat beradi.