Breaking News

O’zbekistonda prezident saylovlari kechiktirildi, nima sabab?


O’zbekiston Senati bugun prezident saylovlarini 2015-yilda o’tkazish haqidagi qonunni ma’qulladi. Tadbir avval belgilanganidek parlament saylovlaridan oldin emas, balki uning natijasi rasman e’lon qilinganidan 90 kun o’tib o’tkaziladi. Tahlilchilar nazarida bu mavhum qaror.

Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan ishlab chiqilgan bu hujjatga ko’ra, davlat rahbari uchun saylovlarni yangi parlament shakllanganidan so’ng o’tkazgan ma‘qul.

Yangi qonunga binoan, O’zbekiston Oliy Majlisi quyi palatasi uchun saylovlar 2014-yilning dekabr oyida, Senat uchun esa 2015-yilning yanvar oyida o’tkazilishi kerak.

Senat muhokamasida prezident saylovlari kechiktirilishi parlament va prezident saylovlarining to’qnash kelayotgani, partiyalarga tayyorgarlik uchun ko’proq vaqt kerakligi bilan izohlangan.

Biroq bu taajjub uyg'otmoqda. Siyosatshunos Farhod Tolipov fikricha:

“Nima, prezident va parlament saylovlari bir vaqtga to’g’ri kelayotgani faqat bugun ma’lum bo’ldimi? Bunday sabab ko’rsatilishi qanchalik o’rinli bo’lmasin, biz ko’rib turibmiz, prezidentlik muddati yetti yildan ham oshib ketarkan. Partiyalar esa har qanday saylov uchun oldindan tayyorlanib borsa bo’ladi, oldinda hali ikki yil bor. Qo’shimcha uch oyning unchalik foydasi ham yo’q. Shuning uchun bu sabab unchalik asosli emas. Saylov oldindan qonun bo’yicha belgilangan muddatda o’tishi shart. Hozirgi vaziyatda bu tashkiliy va tahliliy jihatdan ham murakkab, va biz uchun mavhum bo’lib turibdi”.

Islom Karimov oxirgi marta 2007-yilning dekabrida 7 yil muddatga saylangan va mavjud qonunlarga ko’ra, prezident saylovlari 2014-yilda o’tishi kerak edi.

O’tgan yili konstitutsiyaga kiritilgan o’zgartirishlar prezident vakolat muddatini 7 yildan 5 yilga tushirgan.

Demokratik islohotlar sifatida taqdim etilgan bu o’zgarish o’sha paytda prezident vakolati va bo‘lajak saylovlar haqida turli mulohazalar uyg’otgan edi.

O'zbekistonlik yana bir siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov deydiki, o’zgarishlar hokimiyat ichkarisida kechayotgan ziddiyatlardan darak beradi.

“Karimovning asosiy maqsadi vaziyatga oydinlik kiritish, siyosiy o’yinchilarga 2015-yilgacha hokimiyatda qolishini yetkazib qo’yish. Bu bizga noma‘lum qolayotgan ichkaridagi jarayonlarga ham yo’naltirilgan. Chunki O’zbekiston tajribasida hali uch yil avval saylovlar muddatini qonunchilik bilan belgilab qo’yish hali kuzatilmagan va bunday ehtiyoj mavjud ham emas. Demak, asosiy ehtiyoj aynan ichki siyosiy vaziyat bois yuzaga chiqdi va avvaldan aniqlik kiritib qo’yildi“, - deydi Kamoliddin Rabbimov.

Mazkur qaror, deydi u, Karimovga voris tanlash masalasi bilan bog’liq. Shu ma’noda, kutilayotgan prezident va parlament saylovlarida aniq o’zgarishlar bo’ladi.

“O’ylaymanki, Karimov o’z nomzodini qaytadan qo’ymaydi, o’zining o’rindoshini kuzatmoqda va uning kimligini belgilab bo’lgan. Hozirgi paytda ana shu o’rindoshni prezidentlikka olib kelish uchun ma’lum bir harakatlar boshlab yuborildi“, - deydi Rabbimov.

74 yoshli Islom Karimovning vorisi kim bo‘lishi haqida mushohadalar tinmaydi.

Ayrim faollar ham bu o’zgarishlarni shu masala bilan bog'laydi.

“Karimovni 80 yoshgacha prezidentlikda o’tirishini tasavvur qilish gumon. Albatta repressiyalarni kuchaytirib o’tirishi mumkin, lekin boshqa tomondan sog’liq degan narsa bor. Davlat rahbarining yuki juda og’ir, doimiy nagruzka va uning yoshida bunga chidash qiyin. Shuning uchun ham men 2015-yilda boshqa bir nomzodni ko’ramiz deb hisoblayman“, - deydi ayni paytda Fransiyada yashayotgan huquq himoyachisi Tolib Yoqubov.

22 yildirki O’zbekistonni boshqarayotgan Islom Karimov davrida saylovga oid qonunchilikka bir necha bor o’zgartirishlar kiritildi.

Tanqidlarga qaramasdan, u o'z hokimiyatini turli yo'llar bilan asoslab keldi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG