Amerika orzusi… Bu bepoyon mamlakat tomon muhojirlar oqimi tinmaydi. Immigrantlardan hayot qalay deb so’rasangiz, ko’p hollarda “shukur, lekin yangi jamiyatda yo’lni topish oson emas ekan”, deya javob qilishadi.
Haqiqatdan ham o’z yurtingizda kim bo’lishingizdan qat’iy nazar o’zga bir mamlakatga kelib o’rnashganingizda, hayotni yana noldan boshlashga to’g’ri keladi. Ta’lim, ish, uy-joy – dunyoning qay chekkasiga bormang, bular murakkab masalalar.
Yaqinda Sietl shahriga borganimda, O’zbekistondan ko’plab oilalar va muhojirlar bilan gaplashdim. Lekin hamma ham o’z qissasini keng omma bilan baham ko’rgisi kelmaydi. Mehnat qilgan odam Amerikada yerda qolmas ekan, hayotdan xursandmiz degan gaplarni eshitdim.
Sietl-Toshkent birodarlik uyushmasiga ko'ra, bugun ushbu hududda 300 dan ortiq o'zbekistonlik oila bor. Ulardan biri bilan yaqindan tanishib suhbat qurishga muvaffaq bo'ldim.
Bu xonadon Sietldan yarim soatcha yo’l ekan. Kunbotar payti… Bir qarashda amerikacha uy deysiz. Lekin tomorqada o’tlab yurgan qo’ylarni ko’rib, O’zbekistonni eslamay iloj yo’q.
O'zini hammaga o'zbek deb tanishtiradigan Anton Seyduzov dam olish kunlarini palovsiz tasavvur qila olmaydi. Rafiqasi Lola “hafta davomida deyarli ko’rishmaymiz” deydi.
Lola va Anton asosan rus tilida gaplashishadi. O’zbek, rus, qozoq, umuman O’zbekistonda yashaydigan elatlarni o’zida mujassam etgan oila.
Anton Sietlni ob-hayot bilan ta’minlovchi yirik inshootda mehnat qiladi, Lola esa uyali telefon kompaniyasida. Ishdan keyin Lola universitetga boradi, huquqshunoslik sohasida diplom olish harakatida.
Er-xotin Toshkentda ham oliygohlarni tamomlagan. Yillar davomida AQSh elchixonasida ishlashgan.
O’zbekistonda hayot yomon emas edi, deydi Anton, lekin bolalari Temur va Tamara ulg’aygan sari xorijga chiqish ishtiyoqi kuchaydi.
Immigratsion viza olib, qarindoshlari yashaydigan Sietlga ko’chib kelishdi. Oson bo’lmadi.
Lolaning aytishicha, Sietl-Toshkent birodarlik uyushmasi yangi kelgan muhojirlarni ruhan quvvatlab keladi. Bu juda muhim, deydi u. Yurtdoshlar bir-birini taniydi, bordi-keldi qiladi. Maslahatlashadi, fikr almashadi. Vatanni sog’inganda, bir davrada o’tirib chaqchaqlashadi.
“Toshkentda birovdan kam joyimiz yo’q edi”, - deydi Lola, “lekin inson hamisha nimagadir intilib yashaydi, yanada balandroq cho’qqiga chiqqisi, o’sini sinab ko’rgisi keladi. Advokat bo’lish orzum bor edi, mana unga yetayapman. Intilganga omad yor deb bekorga aytishmas ekan”,- deydi u.
Anton va Lola bolalari kelajagini hozircha shu yerda ko’radi. Uyda rus tilida gaplashishadi. Maktabda qayerdansan deb so’rasa, “O’zbekistonlikman” deb javob berishadi. Bolalar shu yerda katta bo’lib, bilim olib, kasbli bo’lgach, u yog’ini o’zi hal qiladi, deydi Lola. Eng muhimi hayotda o’z o’rnini topib olishi.
“O’zbekiston- vatanimiz. Buni hech narsa o’zgartira olmaydi. Lekin Amerikada odam o’zini erkin his qiladi. Individual erkinlik bor. Taqdiringiz o’z qo’lingizda. Ijtimoiy jihatdan himoyalangansiz. Ammo bu bilan kindik qonimiz to’kilgan yerdan uzoqlashib ketayotganimiz yo’q. Tunu-kun O’zbekiston haqida gaplashamiz, yurtimizni sog’inamiz”,- deydi Lola.
“Amerika orzusi bizni Sietlga olib keldi. Boshida juda qiynaldik. Ingliz tilini bilsak ham, Amerika va bu yerdagi hayot haqida ancha bilsak ham. Tanishlar, do’stlar bor, lekin bu yerda hamma o’zi uchun ter to’kadi. Kelishingiz bilan mana senga deb ish, uy-joy berishmaydi. O’zingiz harakat qilasiz”, - deydi Lola.
Har yili minglab o’zbekistonliklar lotereya orqali grin-karta, Amerikada doimiy yashash va ishlash huquqini beruvchi hujjat oladi.
“Bir qarashda hayot osondek tuyulishi mumkin, lekin muhojir sifatida bu yerga kelayotganlarga aytgan bo’lardimki, Amerikada tirikchilik qilish - og’ir masala. Oilali bo’lsangiz, undan ham qiyin. Farovon va to’q hayot uchun bu yerda tunu-kun ishlash kerak. 2-3 joyda ishlab ham kunini zo’rg’a ko’rayotgan yurtdoshlarimiz bor. O’zbekistonda oliy ma’lumot olgan, katta lavozimlarda o’tirgan odamlar. Afsuski, Amerikaga kelgach siz bu jamiyatda yana noldan boshlashingiz kerak”,- deydi Lola.
Amerikada hunarli odamlarning oshig’i olchi, deydi Anton. Boshida qiynalasiz, lekin nimaga qodir ekaningizni ko’rsatsangiz, sizni o’zlari izlab kelishadi. Masalan, deydi u, O’zbekistonda suv xo’jaligida ishlayman desangiz, uncha elashmaydi, bu yerda bu soha egalarini juda hurmat qilishadi.
Er-xotin bir-biriga suyanadi, har sohada bir-birini quvvatlaydi. Muhojirlik oilalarni jipslashtiradi, mehrni oshiradi, odamni sabr-toqatli bo’lishga, shukur qilib yashashga o’rgatadi, deydi bu oila. Niyat ezgu va xolis ekan, ishli va uy-joyli bo’lishdi, bolalar xursand. Sietlning nonini yeb, bu yurt taqdim etgan imkoniyatlardan foydalanib, sinovlardan o’tib, kelajak o’z qo’limizda deb yashashayapti. Yangi amerikaliklar, o’zbekistonlik amerikaliklar.
SIETL AHLI ORASIDA O'ZBEKISTON VA BUTUN MARKAZIY OSIYOGA QIZIQISH KATTA
Har yili yuzlab amerikaliklar mintaqaga sayohat qiladi. Ularga bu borada xizmat ko’rsatadigan shirkatlardan biri - “Mir” korporatsiyasi.
Tinimsiz yomg’ir yog’adigan, bulutli kunlar ko’p bo’ladigan Sietldan serquyosh O’zbekistonga borish orzusida yashayotganlar talay.
“Umuman olganda, Sietlga sobiq Sovet davlatlaridan kelib o’rnashgan muhojirlar juda ko’p. Ular albatta ortda olgan vatanlarini targ’ib qiladi. Ziyoli amerikaliklar orasida ayniqsa sayohat qilishga ishtiyoqmand odamlar ko’p. Biz ularning xizmatidamiz”, - deydi Anni Lukas (Annie Lucas).
“Mir” korporatsiyasiga 25 yil oldin asos solingan. Maqsad – madaniy aloqalarni mustahkamlash uchun imkoniyatlar yaratish bo’lgan.
Delegatsiyalar, professional guruhlar… Bu yerdan u yoqqa, u yoqdan bu tomonga. Korporatsiya nomi “Mir”, tinchlik deb bejiz tanlanmagan. Viza olishdan tortib, mehmonxonagacha, butun sayohatni uyushtirib berishadi.
Ko’plab amerikaliklar O’zbekiston va qo’shni mamlakatlarga borib kelish oson emasligini aytadi. Viza olish murakkab jarayon. Buning ustiga mamlakatning ichida harakat qilish qiyin, sharoit yaxshi emas degan shikoyatlarni eshitamiz.
Anni Lukas sayohat qilishdan oldin uni yaxshilab rejalab olish kerak deya eslatadi. Uning tashkiloti hukumatlar bilan hamkorlik qiladi. Elchixonalar bilan yaxshi aloqada.
Muammolar bor, deydi u, sayyohlar oqimini oshirish uchun ko’p ishlar qilish kerak. Turizm xalqqa daromad olib keladi. Hukumatlar buni tushunishi, sharoitni yaxshilashi kerak, bu oddiy haqiqat, deydi Anni Lukas. “Mir” korporatsiyasi Sietl-Toshkent birodarlik uyushmasini quvvatlab keladi.