Breaking News

AQShdan siyosiy boshpana va “grin karta” olish qiyinlashgan


AQShda doimiy yashash huquqini qo'lga kiritish ko'plab xorijliklarning azaliy orzusi.
AQShda doimiy yashash huquqini qo'lga kiritish ko'plab xorijliklarning azaliy orzusi.

Immigratsiya bo’yicha huquqshunos va tadqiqotchilarning aytishicha, AQShdan siyosiy boshpana so’rovchilar va “grin karta” lotereyasida ishtirok etuvchilar orasida firibgarlik hollari kuchaygan. Natijada AQShda yashash huquqini olishga haqli bo’lgan muhojirlarning arizalari ham ko’p hollarda rad etilmoqda.

O’tgan yili gvineyalik muhojir ayol Nafissato Dialo Xalqaro valyuta jamg’armasining sobiq rahbari Dominik Stros-Kanni jinsiy tajovuzda ayblaganda uning AQShda yashash huquqini qanday qo’lga kiritgani haqida savollar uyg’ongan edi.

Tekshiruvlar shuni ko’rsatdiki, Dialo 2003-yili AQShdan siyosiy boshpana so’rab qilgan murojaatida aldagan bo’lishi mumkin.

Mutaxassislarning aytishicha, afrikaliklar har qanday yo’l bilan bo’lsa ham Amerikaga kelishdek o’zlarining azaliy orzulariga yetishishni istaydi.

Kaliforniyada joylashgan huquqshunos Jonatan Montagning aytishicha, qalbaki hujjat va aldovlar bilan AQShda yashash huquqini qo’lga kiritishga bo’lgan urinish hollarining ko’payishi ushbu huquqning qonuniy talabgorlari ishini qiyinlashtirmoqda.

“Amerikaning siyosiy boshpana berish tizimi har bir odam ishini adolat bilan o’rganishni ko’zda tutadi. Firibgarlikning oshgani oqibatida haqligini isbotlash siyosiy boshpana istovchilar zimmasida, ammo ko’pincha ular buning uddasidan chiqa olmaydi va talab qilinayotgan dalillarni taqdim eta olmaydi”, - deydi Montag.

Montagning fikricha, hozirgi immigratsiya tizimi ishni xolis ko’rishdan ko’ra tezroq tugatishga diqqat qilmoqda. Siyosiy boshpana istovchilar o’zlarining haqligini isbotlash uchun asosli dalillar taqdim etishi kerak. Suhbat paytida arizachi qiyin savollar bilan imtihon qilinadi.

“O’z mamlakatida tazyiqdan jabr ko’rgan odamlar arzimas hujjatni ilova qilishni unutgani, anglashilmovchilik yoki suhbatda asabiylashgani tufayli AQShda yashash huquqidan mahrum etilmoqda. Natijada ular o’z yurtiga qaytishga majbur bo’lib, o’limga yuz tutishi mumkin”, - deydi Montag.

Da’voni bo’rttirish, ba’zi hollarda o’z mamlakatlaridagi rasmiylardan pora yordamida soxta hujjatni qo’lga kiritib, immigratsiya xizmatiga taqdim etish keng tarqalgan firib qatoriga kiradi.

Ba’zan hatto haqli da’vogarlar ham soxta hujjat va uydirma voqealarni o’ylab topishga majbur bo’ladi.

“Asylumist” blogi muallifi, Vashingtonda joylashgan huquqshunos Jeyson Dzubov nazarida, immigrant jamoalarida pulga ishlovchi firibgarlar asosan bunga aybdor.

“Muammoning tagi jamoalarga borib taqaladi. Ular orasida soxta hujjat bilan shug’ullanuvchi firibgarlarni topib, ularni hibsga olish muammo yechimidan biri”,- deydi Dzubov..

Ichki xavfsizlik vazirligi ma’lumotiga ko’ra, har yili Amerikada 20 mingdan ziyod xorij fuqarosiga siyosiy boshpana beriladi. Talabgor buning uchun AQSh hududida bo’lishi, diniy va siyosiy qarashlari, millati yoki biror siyosiy guruhga a’zoligi tufayli o’z yurtida ta’qibga uchrayotgan bo’lishi kerak.

Qochqinlik maqomini so’rab murojaat etuvchilar esa mamlakat tashqarisidan turib ariza topshiradi. Qochqinlik ishlarida ko’p uchraydigan firibgarliklardan biri bu o’zini urushdan aziyat chekayotgan mamlakat fuqarosi qilib ko’rsatish uchun shaxsni tasdiqlovchi soxta hujjatlardan foydalanishdir.

“Grin karta” nomi bilan mashhur immigratsion viza dasturida ham noqonuniy amaliyot tez-tez uchrab turadi.

Bu dasturda ishtirok etish bepul, ammo g’olib bo’lgandan so’ng suhbatdan o’tishga va boshqa hujjatlar uchun pul to’lashga hammaning ham qurbi yetmaydi. Shunday bo’lsa-da, “grin karta”ni qo’lga kiritish ko’pchilik uchun azaliy orzu.

Dyuk Universiteti professori Charlz Piot Togo o’lkasidagi “grin karta” dasturiga doir ahvol haqida kitob yozyapti.

Uning aytishicha, Togoda “grin karta” katta biznesga aylangan. Maxsus guruhlar pul evaziga dastur ishtirokchilari uchun hatto soxta nikohgacha tashkil qilib berishadi.

“Masalan, kimnidir nikoh orqali biriktirib qo’yish uning imkoniyatlarini oshirish hisoblanadi”, - deydi u.

Ba’zan soxta nikohga farzandlar va boshqa qarindoshlar ham qo’shiladi. Maqsad – ularga ham AQShga kirish imkoniyatini yaratish. Biroq Piotning aytishicha, bu kabi qalbakilashtirish hollari fosh etilsa, vizani haqli yutgan asosiy da’vogarning “grin karta”si ham bekor qilinadi.

“Bu ular uchun og’ir kulfat. Ayniqsa, yutgan odam o’zida yo’q xursand elchixonaga borsayu, suhbatdan o‘tolmasa. Orzulari chil-parchin bo’ldi deyavering. Bir ayolni bilaman. Vizasi bekor qilingani uchun ado bo’ldi. “AQShga boraman” deb bir necha oydan beri ko’tarinki kayfiyat va fantaziya bilan yashayotgan edi. Bu uning kelajagi edi. Endi bularning hech biri yo’q, chunki bu ayol suhbatdan o’ta olmadi”, - deydi Piot.

Lotereya dasturi asosida butun dunyodan har yili AQShga 50 ming kishi keladi. So’nggi statistik ma’lumotlarga ko’ra, ayrim Afrika mamlakatlarida bu dastur ishtirokchilari orasida firibgarlik darajasi juda yuqori. Sudan, Gana va Efiopiyadan topshirilgan arizalarning yarmidan ko’pi qalbaki bo’lgani uchun bekor qilinadi. Nigeriyada esa har o’n arizaning sakkiztasi soxta deb topiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG