Breaking News

AQSh noqonuniy muhojirlarni yoppasiga haydaydimi?


AQSh noqonuniy muhojirlarni yoppasiga haydaydimi?
AQSh noqonuniy muhojirlarni yoppasiga haydaydimi?

AQShning ikki katta shahri rasmiylari noqonuniy muhojirlarni deportatsiya qilish masalasini ko’rib chiqmoda. Siyosatchilar o’rtasida masala yuzasidan yakdillik yo’q. Ba’zilar kelgindilarni AQShdan haydash kerak desa, boshqalar ayrimlarini qoldirish mumkin, deydi. O’tgan yilda 396 ming noqonuniy immigrant Qo’shma Shtatlardan deportatsiya qilindi. Yana 300 ta ish ko’rib chiqilmoqda.

Merilend shtatidagi Baltimor shahri immigrantlar uchun “orzular mamlakati” Amerikaga katta darvoza. Endi esa AQSh hukumati ularni deportatsiya qilish masalasini hal etmoqchi. Yana shunday bir shahar – Kolorado shtatidagi Denver.

Yangi qoidaga ko’ra, har ikkala shahar rahbariyati jiddiy jinoyat sodir etmagan muhojirlarga mamlakatda qolishga ruxsat bermoqda. Jinoyatga qo’l urganlar ishi esa tezlashtiriladi va ular mamlakatni tark etishga majbur qilinadi.

Yangicha tartib hali sinalmoqda, yanvar o’rtalarigacha. Ayrim siyosatchilar bundan norozi. Ulardan biri Merilend shtati Vakillar palatasi namoyandasi, Respublikachilar partiyasi a’zosi Pet MakDono.

Yaqinda chop etgan maqolasida u Baltimor “amnistiya shaharchasi”ga aylanib qoldi, deya shikoyat qildi:

“Mamlakatda noqonuniy ravishda yashayotgan odamlar uchun Baltimor magnitga aylandi, hammasi shahrimizga keladi. Bu esa jiddiy, og’ir oqibatlarga yetaklashi aniq”.

Salbiy oqibatlar sirasiga siyosatchi tilni bilmagan immigrantlar uchun tarjimon yollash, tibbiy sug’urtasi bo’lmaganlarga davlat hisobidan tibbiy yordam ko’rsatish kabi xarajatlar, fuqarolar ish joylari muhojirlarga boy berilib, jinoyatlar ko’payishini kiritadi.

Immigratsiya va bojxona davlat agentligi rasmiylari hozirda AQSh hududida jinoyat sodir etganlar hamda chegarani noqonuniy ravishda kesib o’tganlar ishlariga asosiy e’tibor qaratilayotir deydi. Muhojirlar huquqlarini himoya qiluvchi guruhlar esa jinoyat sodir etmaganlar ham deportatsiya qilinayotganidan norozi. Rasmiy idoralar ko’zni shamg’alat qilib, ko’p ish qildik, deb ko’rsatmoqchi, deydi ular.

Vashingtondagi Immigratsion siyosat markazi direktori Meri Jovanyoli fikricha, ikki shaharda masalaning ko’rib chiqilayotgani katta, ijobiy o’zgarish:

“Boshqa ijtimoiy muammolar kabi bu masalada ham progressga erishish nihoyatda qiyin. Immigratsiya bu ma’noda fuqarolar huquqlari yoki ovoz berish huquqi uchun kurashga o’xshaydi. Muvaffaqiyatga erishish uchun ko’p vaqt kerak. Chunki qonunlarni o’zgartirish barobarida odamlar ongini ham o’zgartirish kerak».

So’nggi yillarda AQSh rasmiylari orasida muhojirlarga nisbatan qattiqqo’l siyosat yuritish kerak deganlar ancha ko’paygan.

Oq Uy maummo yuzasidan qat’iy bir pozitsiya bildirmay, immigratsiya masalalarini sud hal etishi kerak deydi.

Immigrantlarga mamlakatda qolishni ruxsat etish kerak deganlar AQShning ayrim shtatlarida namoyishlar o’tkazdi. Masalan, Alabamada so’nggi oylarda faollar noqonuniy muhojir bo’lgan ota-onaning AQShda tug’ilib, fuqarolik olgan farzandlaridan ajratilishiga qarshi namoyish uyushtirdi. Ayovada esa faollar immigrantlar uchun alohida imtiyozlar yaratilishi uchun kurashmoqda.

AQShning 30 ta shahrida muhojirlar uchun muayyan imtiyozlar mavjud. Masalan, politsiya yoki boshqa davlat idorasi rasmiysi immigratsion maqom haqida savol bera olmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG