Hindiston Markaziy Osiyo bilan azaldan hamkorlik qilib kelgan, jumladan, sovetlar paytidan beri. Bu davlatlarda hind madaniyatining ta’siri hamon salmoqli. Bugungi aloqalar ko’lami qanday?
Sovet Ittifoqi qulaganidan so’ng Hindiston tashqi siyosati 180 gradusga o’zgarib, Markaziy Osiyodagi sobiq Sovet respublikalari mustaqil davlatchilikka qadam qo’ya boshlayotgan bir paytda rasmiy Dehlining Qo’shma Shtatlar bilan hamkorligi kuchaya bordi.
Bugunga kelib mintaqa bilan munosabatlar ijobiy bo’lishiga qaramay Hindiston o’tmishdagi ta’sirini saqlay olmadi, deydi Vashingtondagi Jons Xopkins universiteti olimi Sebastyan Peyruz.1990-yil o’rtalaridagi voqealar Hindistonga Markaziy Osiyoga qaytishga imkon bermadi. Avvalambor, Hindiston iqtisodiyoti katta islohotlarga yuz tutdi. Afg’onistonda Tolibon hokimiyatga kelib, mintaqaga yo’l to’sildi. Hindiston va Pokiston yadro sinovlari o’tkazdi, Kashmirda vaziyat taranglasha bordi. Markaziy Osiyo siyosiy sahnasini AQSh va Xitoy egallay boshladi, deydi Sebastyan Peyruz.
Jorj Vashington universiteti professori Marlen Laruelning aytishicha, Hindiston AQSh, Rossiya, Yevropa Ittifoqi va Xitoy manfaatlari kesishgan hududga kirishga botina olmadi.
Ayrim tahlilchilar nazarida Hindiston Markaziy Osiyoda faol bo’lishni istasa, rasmiy Moskva fotihasini olishi kerak.Ammo boshqalar fikricha Hindiston AQSh bilan hamkorlikdagina mintaqaga ta’sirini o’tkazishi mumkin, deydi Laruel.
Mutaxassisning aytishicha, Hindiston Markaziy Osiyo davlatlarini o’ziga bir necha tomoni bilan tortadi.
Birinchidan, Hindistonning mo’tadil tashqi siyosati ham AQSh, ham Rossiya bilan yaxshi munosabatda bo’lishga imkon beradi. Ko’p qirrali tashqi siyosat yurituvchi respublikalar uchun bu juda muhim. Ikkinchidan, Xitoy ta’sirining kuchayayotganidan tashvishlanayotgan mintaqa davlatlari Hindistonga qo’rquvsiz qaraydi. Uchinchidan, jahondagi eng yirik demokratik davlat hisoblangan Hindiston tashqi siyosatida demokratiyani targ’ib qilish va davlat rahbarlarini tartibga solish bilan shug’ullanmaydi. To’rtinchidan, bu davlatdan AQSh, Xitoy va Rossiya ta’sirini yumshatishda foydalanish mumkin. Beshinchidan esa, Hindiston Markaziy Osiyo davlatlari uchun dengizga chiqishga yaxshi darvoza bo’la oladi. Va umuman, madaniy va tarixiy jihatdan Hindiston Xitoyga qaraganda mintaqaga ancha yaqindir, deydi Marlen Laruel.
Rasmiy Dehli Markaziy Osiyoga mintaqaviy tashkilotlar orqali ham ta’sirini o’tkazishi mumkin, deydi ba’zi tahlilchilar. Masalan, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti orqali. Hindiston guruhda kuzatuvchi maqomiga ega.
Bundan tashqari bo’lajak a’zo Ommaviy qirg’in qurollarini tarqatmaslik haqidagi bitimni imzolagan bo’lishi kerak, ammo Hindiston ham, guruhning yana bir kuzatuvchisi Pokiston ham shartnomaga qo’l qo’ymagan, deydi Peyruz.
Xavfsizlik bobida Afg’onistonga katta yordam bergan Hindiston Markaziy Osiyoga ham as qotishi mumkin edi, ammo Tojikiston Sadriddin Ayniy nomidagi harbiy aviabazasini Rossiya bosimi ostida Hindistonga bermaslikka majbur bo’ldi.
Laruel va Peyruz kabi ekspertlarning ta’kidlashicha, Hindiston-Markaziy Osiyo iqtisodiy aloqalarini ham a’lo darajada deb bo’lmaydi. Hindiston tashqi savdosining atigi 0,2 foizi mintaqaga to’g’ri keladi.
Xulosa shuki, Markaziy Osiyo Hindiston bilan munosabatlarni kuchaytirish tarafdori, ammo rasmiy Dehlida hozircha bunga na katta ehtiyoj va na imkon bor.