Breaking News

Islom Karimov va Xillari Klinton orasida ikki yarim soatlik muloqot


Oqsaroy, Toshkent, 22-oktabr 2011
Oqsaroy, Toshkent, 22-oktabr 2011

AQSh Tashqi ishlar vazirasi Xillari Klinton 22-oktabr kuni O'zbekiston poytaxtida prezident Islom Karimov huzurida bo'ldi. Muloqot, rasmiylarning tasdiqlashicha, ikki yarim soat davom etgan.

Ikki davlat orasidagi aloqalar tarixi, bugungi munosabatlar, ular ortidagi omillar, Afg'onistondagi vaziyat, 2014-yilda AQSh qo'shinlari chiqib ketgach nima bo'lishi, O'zbekistonda inson huquqlari bilan bog'liq ahvol, diniy erkinlik, inson savdosi, majburiy mehnat singari masalalar muhokama qilingan.

Afg'oniston, Pokiston va Tojikiston safarlaridan so'ng Toshkentga tashrif buyurgan arbob O'zbekiston bilan aloqalar uning davlati uchun bag'oyat muhim ekani, Vashington ayniqsa Afg'oniston yuzasidan ketayotgan hamkorlikdan mamnun ekanini aytdi.

Yaqin oylarda O'zbekistonning bu boradagi hissasi yanada oshishi kutilmoqda. Shimoliy Ta'minot Tizimi, Afg'onistondagi xalqaro koalitsiyaga yuk tashiladigan yo'nalishning katta qismi O'zbekiston hududidan o'tadi.

Ism-sharifi aytilmasligini so'ragan rasmiylarga ko'ra, yuk hajmini yanada oshirishga kelishib olingan. Pokiston tobora notinch, Vashington-Islomobod aloqalari keskin bir nuqtada ekan, Obama ma'muriyati Markaziy Osiyoga tayanmoqda.

O'zbekiston, bu hamkorlik evaziga, o'z harbiy salohiyatini oshirish uchun texnik ko'mak so'ragan. Kongress O'zbekistonni huquqbuzar davlat deya bunday yordam berishni cheklab qo'ygan edi. Lekin hozir "Afg'oniston - prioritet" ekan, cheklovlarga istisno tariqasida O'zbekiston iltimosini qondirishga qaror qilingan.

Islom Karimov Oqsaroyda Xillari Klintonni kutib olar ekan, uni shaxsan juda hurmat qilishini aytdi.

Klinton xonim AQSh tashqi ishlar vazirasi sifatida Toshkentga ikkinchi bor safar qilmoqda. Ushbu surat 2010-yilning dekabrida kechgan muzokara paytida olingan.
Klinton xonim AQSh tashqi ishlar vazirasi sifatida Toshkentga ikkinchi bor safar qilmoqda. Ushbu surat 2010-yilning dekabrida kechgan muzokara paytida olingan.

AQSh bosh diplomati bilan muloqotda siyosiy hamkorlikdan tashqari sarmoya va iqtisodiy sheriklik hamda demokratik taraqqiyot haqida ham gap ketgan.

Prezident Karimov O'zbekiston erkin va farovon jamiyatga aylanish yo'lida dadil qadamlar tashlayotgani, liberalizatsiya jarayoni faol kechayotganini ta'kidlasa, Amerika tomon inson huquqlari va qonun ustuvorligini ta'minlash barqarorlik garovi ekanini eslatgan.

Diplomatlarning aytishicha, Karimov Klinton xonimga "farzandlar va nabiralarimiz erkin va demokratik jamiyatda yashashi uchun harakat qilayapman" deb aytgan.

Vashington nazarida O'zbekiston dunyodagi eng represssiv jamiyatlardan biri. Islom Karimov uzoq yillik yakkahokim va mamlakatda fundamental huquqlar, jumladan so'z va matbuot erkinligi ta'minlanmagan; mustaqil holda uyushish, amaldagi siyosatni savolga tutish yoki unga qarshi chiqish tuzumga qarshi jinoyat sifatida talqin qilinadi, deyiladi AQSh Kongressiga taqdim etiladigan hisobotlarda.

AQSh davlat kotibasi safari oldidan huquq faoli Norboy Xoljigitov qamoqdan ozod etildi.

Yaqinlarining aytishicha, 58 yoshli Xoljigitovning sog'lig'i juda og'ir. U 2005 yilda tovlamachilik, konstitutsion tuzumga tahdid va prezident joniga suiqasd qilishga uringanlikda aybdor deb topilib, 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Dushanbe, 22-oktabr 2011
Dushanbe, 22-oktabr 2011

Siyosiy hamkorlik muhim, deydi Klinton xonim, shu bilan birga Amerika sherik mamlakat taraqqiyoti uchun hissa qo'shishga ham tayyor.

Lekin davlat axborot vositalari tashrifni yoritar ekan, urg'uni AQSh Afg'oniston bo'yicha hamkorlikdan minnatdor ekaniga qaratmoqda. Obama ma'muriyati prezident Karimov va uning siyosatini quvvatlaydi deya izohlanmoqda.

Klinton Dushanbe va Toshkentdagi muzokaralarda serqirra rishtalarni yo'lga qo'yish haqida gapirgan. Amerika hukumati bu borada uzoq yillardan beri qayd etib keladi.

Markaziy Osiyoga nisbatan strategiya uch yo'nalishni o'z ichiga oladi, deydi diplomatlar. Xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlik hamda huquq va demokratiya targ'iboti.

Hozir asosiy diqqat xavfsizlikda, ya'ni Afg'onistonda tinchlikni ta'minlash va chegara muhofazasida.

U yerda haftasiga milliardlab dollar sarflayotgan Amerika O'zbekistonga yordam tariqasida o'tgan yili 12 million dollar ajratgan. Mablag' asosan gumanitar, qolaversa davlatchilik va boshqaruvni yaxshilash uchun xizmat qiladigan dasturlarga sarflangan.

O'zbekiston mustaqillikni qo'lga kiritib, tashqi dunyo bilan aloqa o'rnatganidan beri Toshkent-Vashington munosabatlar turli davrlarni boshdan kechirdi.

O'zbekiston-AQSh aloqalari 2005 yilning mayida Andijonda yuz bergan xunrezlik ketidan sovuqlashgan, Vashington Islom Karimovni o'z xalqiga qarshi kuch ishlatganlikda tanqid qilgach, Amerika qo'shinlari Xonoboddagi harbiy inshootdan chiqarib yuborilgan edi
O'zbekiston-AQSh aloqalari 2005 yilning mayida Andijonda yuz bergan xunrezlik ketidan sovuqlashgan, Vashington Islom Karimovni o'z xalqiga qarshi kuch ishlatganlikda tanqid qilgach, Amerika qo'shinlari Xonoboddagi harbiy inshootdan chiqarib yuborilgan edi

Bill Klinton va Jorj Bush prezidentligi paytida ham AQSh "serqirra hamkorlik" qilishga qiynaldi. Karimov rahbariyati Amerika ichki masalalarga aralashmasligi kerak deb hisoblaydi va bu o'zaro muloqotlarda ochiq aytiladi.

Siyosiy-iqtisodiy islohotlar, demokratik rivojlanish va erkinlik - bular hammasi O'zbekistonning o'zi hal etadigan masalalar, deydi respublika rasmiylari.

Amerika esa aql o'rgatmayotgani, hamkor mamlakat sifatida maslahat berayotganini aytadi.

Sarmoya oqimi oshishi, xorijdan ko'proq bizneslarni jalb etish uchun oshkoralik zarur, qolaversa erkin bo'lmagan jamiyat barqaror bo'lmaydi, deydi AQSh siyosatdonlari.

Michigan shtati Detroit shahrida asoslangan "General Motors" avtomobilsozlik kompaniyasining O'zbekistondagi zavodi yangi mahsulotlarini tanishtirar ekan, bu qo'shma korxona ikki davlat orasidagi iqtisodiy hamkorlikning yorqin namunasi deya tilga olinadi. Klinton xonim safari davomida inshootni ko'zdan kechirgan.

Inson huquqlari bo'yicha xalqaro tashkilotlar Vashingtonni qisqa muddatli maqsadlar yo'lida O'zbekiston fuqarolari manfaatlarini chetga surayotganlikda ayblaydi.

Nyu-Yorkda asoslangan "Human Rights Watch", markazi Bryusselda joylashgan Bo'hronlarni o'rganuvchi xalqaro guruh, shuningdek, mahalliy huquq himoyachilari Amerikaga quyidagilarni eslatmoqda:

Ayni damda respublika paxtazorlarida minglab o'quvchi va talabalar majburiy mehnatga jalb etilgan, oq oltin terish bilan mashg'ul. Minglab insonlar hukumatni tanqid qilgani uchun qamoqda o'tiribdi. Axborot vositalarining barchasi hukumat iznida.

O'z fuqarolarining huquqlarini toptagan hukumat bilan ishlash qimmatga tushadi, deydi Andry Strolen, Bo'hronlarni o'rganuvchi guruh yetakchi eksperti, Obama ma'muriyatini ogohlikka undar ekan.

O'zbekiston dunyodagi eng yopiq jamiyatlardan biri. Diktatura shu qadar chuqur ildiz otganki, bugun biror tashkilot chetdan kelib vaziyat bilan tanisha olmaydi, deyiladi Klinton tashrifi oldidan tarqatilgan bayonotlarda.

AQSh davlat kotibasi esa bunga javoban shunday deydi:

“Bu hukumat bilan muntazam muloqotda ekanimiz bizga ularning siyosatiga ta’sir qilish imkoniyatini beradi”.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG