Breaking News

NATO sammitida Panetta Markaziy Osiyoga minnatdorchilik bildirdi


AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari va diplomtlari bilan, 21-may, 2012
AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari va diplomtlari bilan, 21-may, 2012

20-21 may kunlari Chikagoda o'tgan NATO sammitida AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta Markaziy Osiyoda kelgan delegatsiyalar bilan alohida uchrashib, o'z xalqi nomidan bu davlatlarga Afg'oniston yuzasidan qilayotgan hamkorligi uchun chuqur minnatdorchilik izhor etdi.

Pentagon matbuot xizmatining bildirishicha, yopiq eshiklar ortida kechgan muloqotda O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston va Turkmaniston tashqi ishlar va mudofaa vazirlari bilan fikr almashilgan.

Markaziy Osiyo Afg'onistondagi xalqaro koalitsiya uchun zarur mahsulotlar yetkazuvchi Shimoliy Ta'minot Tizimining muhim qismidir. Notinch mamlakatga boradigan noharbiy yukning yarmidan ko'pi mintaqa orqali olib o'tiladi. Bu loyihaga, shuningdek, Boltiqbo'yi davlatlari, Rossiya va Kavkaz mamlakatlari ham hissa qo'shmoqda.

Pokiston bilan aloqalar tarang ekan, qo'shinlarga suv va havodek zarur vositalar o'z vaqtida va kerakli miqdorda yetib borishini ta'minlash - asosiy vazifa, deydi Pentagon rasmiylari.

Hamkorlik tekin emas. Markaziy Osiyo davlatlariga AQSh yiliga bu yordam uchun yarim milliard dollarga yaqin mablag' ajratmoqda.

Mintaqa hukumatlari Afg'onistondagi vaziyat 2014-yilga qadar va undan keyin, ya'ni xorijiy qo'shin chiqib ketgach, qay tomon o'zgaradi deya xavotirda ekan, Vashington uni o'z holiga tashlab qo'ymasligini qayd etmoqda.

Panetta Markaziy Osiyo vazirlari bilan uchrashuvda bunga katta urg'u bergan.

Muloqotda AQSh tomon mintaqani Afg'onistonga yordamni oshirishga undagan. Qo'shni davlat bilan hamkorlikni kengaytirish, ayniqsa savdo-sotiq va taraqqiyot bobida madad ko'rsatish yo'llari haqida gap ketgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG