Breaking News

AQSh va Pokiston tranzit yo'llarini ochish xususida gaplashmoqda


Pokiston Tashqi ishlar vazirasi Hina Rabboniy Xar
Pokiston Tashqi ishlar vazirasi Hina Rabboniy Xar

Pokiston va Qo'shma Shtatlar salkam olti oy ilgari yopilgan tranzit yo'llarini qayta ochish xususida muzokara qilmoqda. Ular orqali AQSh va NATOning Afg'onistondagi kuchlariga yuk yetkazib turilar edi. Rasmiy Islomobod muloqot ijobiy kechayotganini ma'lum qilgan.

Tomonlar kelasi hafta Chikagoda bo'ladigan NATO sammitidan oldin masalaga yechim topish harakatida. Bugun Pokiston ham anjumanga taklif etilgan. Unda asosan 2014-yildan keyingi Afg'oniston taqdiri muhokama etiladi.

Ta'minot yo'llari o'tgan yil noyabrida Qo'shma Shtatlar havo hujumida pokistonlik 24 askar o'lganidan so'ng yopilgan edi. AQSh voqeani tasodif deb, hamdardlik bildirgan, biroq rasmiy Islomobod rasman uzr so'rashni talab qilgan. Munosabatlar ungacha ham tarang edi.

Pokiston parlamenti AQSh bilan aloqalarni qayta ko'rib chiqishga chaqirib, hukumatga takliflarini taqdim etgan. Rishtalarni tiklash va ta'minot yo'llarini ochish maqsadida Amerika rasmiylari o'tgan oydan beri Islomobodga tez-tez qatnaydigan bo'lgan.

Pokiston Tashqi ishlar vazirasi Hina Rabboniy Xarning aytishicha, muloqot ijobiy ruhda kechmoqda. Rasmiy "Pokiston NATO yuklari uchun chegarani ataylab yopib, Afg'onistonda aksil-terror kampaniyasiga pand bermoqda" degan gaplarga qo'shilmaydi.

"Yuk qatnovi 24 askarimiz qatl etilganidan so'ng to'xtatilgan. Bu holga jim qarab turish mumkin emas edi. Ammo hayot davom etmoqda, bir joyda turib qolmaslik kerak. Shunchaki, pozitsiyamizni bildirmoqchi edik, xolos. Bunga erishdik, endi esa aloqalarni davom ettirmoq lozim", - deydi vazira.

Qo'shma Shtatlar ham o'z navbatida Pokistondan norozi. Rasmiy Islomobod mamlakatda o'rnashib olgan al-Qoida va Tolibon jangarilariga qarshi yetarlicha kuch safarbar etmayapti va shijoat ko'rsatmayapti, deydi AQSh rasmiylari.

Pokiston bundan keyin tranzit yuklariga soliq qo'ymoqchi. Qo'shma Shtatlar nazarida badal miqdori katta.

Tashqi ishlar vazirasi Hina Rabboniy Xarning aytishicha esa, uning davlati terrorga qarshi kurashda eng ko'p zarar ko'rgan - moddiy tomondan ham, askar yo'qotishda ham. Shu sabab uning talablari o'rinli.

"NATOga yuklarni Pokiston hududi orqali o'tkazishga 12 yil davomida ruxsat berdik. 10 yil bir tiyin ham so'ramadik. Bu o'rtada esa yo'llarimiz eskirdi. Aholining tinchi buzildi. Afg'onistonda 42 davlat vakillari xizmat qilar ekan, biz ham o'z ulushimizni qo'shdik", - deydi Pokiston rasmiysi.

Bugun Pokiston armiyasi rahbariyati hukumat bilan tranzit masalasi bo'yicha gaplashishi kutilmoqda. Ijobiy hal bo'lsa, Pokiston uchun beriladigan, ammo yaqingacha muzlatilgan yillik moddiy harbiy yordam tiklanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG