Breaking News

Karzay: Afg'on xalqi AQShga toabad yuk bo'lmaydi


<!-- IMAGE -->

AQShga safar qilayotgan Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay bugun Davlat kotibasi Xillari Klinton bilan uchrashdi.

Qo’shma Shtatlar Afg’onistonni qo’llab-quvvatlashda davom etadi, ham harbiy, ham siyosiy, ham iqtisodiy-ma’rifiy yo’nalishda, deydi Klinton.

Karzayning aytishicha, afg’on yurti va xalqi toabad AQShga yuk bo’lib yashamoqchi emas – “ammo Amerika xalqi ko’rsatgan madad uchun umrbod minnatdormiz”, deydi u.

Afg’oniston rahbari Hamid Karzay so’nggi paytlarda AQShni o’zga davlat ishlariga aralashayotganlikda tanqid qilib, Obama ma’muriyatini afsus-tashvishga solgan edi. Biroq har ikki tomon bir-biriga kerak ekanini biladi, deydi siyosatdonlar, shunday ekan murosa qilishiga tayyor.

Hamid Karzay bugun Tashqi ishlar vazirasi Xillari Klinton muloqot qilmoqda, ertaga esa prezident Barak Obama bilan yuzma-yuz gaplashib oladi. Maqsad yig’ilib qolgan ta’na-shikoyatlarni chetga surib, muzokara qilish.

AQShning Afg’onistondagi elchisi Karl Aykenberri so’zlariga ko’ra, afg’on delegatsiyasi tashrifi davomida muhokama qilinadigan mavzular serob. Afg’onistonda xavfsizlik va adliya organlari ishini tiklash, Tolibon bilan muloqot qilish, mahalliy armiyani oyoqqa turg’azish shular jumlasidan.

Prezident Barak Obama rejasiga ko’ra, AQSh qo’shini kelasi yil yozidan e’tiboran Afg’onistonni tark eta boshlaydi. Ammo vaziyatga qarab, rejaga tuzatish kiritilishi mumkin, deydi rasmiylar. Oq Uy afg’on xalqini o’z holiga tashlab qo’ymaymiz, deb ishontirishga urinar ekan, AQSh ahli talab-xohishi – askar qiz-yigitlar vatanga qaytadi degan va’dani bajarish ham muhim.

AQShning Afg’onistondagi armiyasi qo’mondoni, general Stenli Makkristal “oldinda hali ishlar ko’p; afg’on harbiylari malakasini oshirish ustuvor vazifa – mas’uliyat oxir-oqibat mahalliy qurolli kuchlari zimmasiga o’tishi muqarra” deydi. Bu orada xalqaro koalitsiya yoz boshida Qandahorda, Tolibon qarorgohida hal qiluvchi jangga hozirlik ko’rmoqda.

Oq Uy matbuot kotibi Robert Gibbs ta’rifiga ko’ra, Karzay ma’muriyati muhim hamkor. “Xavfsizlik va tinchlik yo’lida tinimsiz ishlashga tayyormiz – kelishmovchilik va bahslar esa kundalik holat. Ularni yengishga qurbimiz yetadi”,-deydi AQSh rasmiylari.

XS
SM
MD
LG