Breaking News

Obama, Karzay til topishish niyatida


Afg’oniston delegatsiyasining Vashingtonga to’rt kunlik safari o’tgan bir yilda taranglashgan aloqalarni yumshatish, bu davlatda tinchlikka qanday erishish bo’yicha til topishishni maqsad qilgan.

Prezident Obamaning ta’kidlashicha, o’rtada ziddiylatlar bor, ammo matbuotda yoritilayotgan darajada emas. “Urush, davlat taraqqiyoti va minglab harbiylar jonini berayotgan bir sharoitda kelishmovchiliklar chiqishi tabiiy hol”, - deydi Obama.

Maqsad Afg’onistonni oyoqqa turg’azish, har ikki tomon bir-birining quvvatloviga muhtoj, deydi AQSh rahbari.

Jurnalistlar bilan suhbatda afg’on rahbari uning jamiyatini qiynayotgan asosiy masala – korrupsiyani tilga olmadi. G’arb o’tgan yili ikkinchi muddatga saylangan Hamid Karzayni bu balodan qutulish uchun sust harakatda ayblaydi.

“Bir-birimizga haqiqatni boricha, ro’yi-rost gapirsak, bu aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Afg’onistonda poraxo’rlikdan qutulish va boshqaruvni yaxshilashga bel bog’laganmiz”, - deydi Hamid Karzay.

Prezident Obama “amaldagi strategiyamiz samara bermoqda” deydi.

“30 yillik urush va qashshoqlik girdobidan chiqishga harakat qilayotgan jamiyatda ijobiy o’zgarish bir kunda bo’lmaydi. Vaqt, sabr-toqat kerak”, - deydi prezident.

AQSh havo hujumlarida oddiy afg’onlar halok bo’layotgani jiddiy muammo, deydi rasmiylar, ammo ular nazarida talofatlarning aksariyati Tolibon hujumlari tufayli ro’y bermoqda.

Afg’on prezidentining aytishicha, mamlakat qurolli kuchlari kelasi ikki yilda katta hududlarni o’z nazoratiga olish niyatida. “Prezidentlik muddatim tugagunga qadar mamlakat xavfsizligini o’zimiz eplashga harakat qilamiz”, - deydi Hamid Karzay.

Qo’shma Shtatlar kelasi yil yozda o’z harbiylarini vatanga qaytarishni rejalagan. Oq Uy Afg’onistonga iqtisodiy va diplomatik yordamni oshirishga va’da beryapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG