Breaking News

Afg'oniston prezidenti may oyida Vashingtonga tashrif buyuradi


AQShning Afg'oniston va Pokistondagi maxsus vakili Richard Xolbrukning aytishicha, kelasi oy Vashingtonga Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay boshchiligidagi muhim delegatsiya tashrifi rejalangan.

"Vashingtondagi muloqotlar qizg'in o'tishi kutilmoqda. Karzay Davlat kotibi Xillari Klinton va Kapitoliyda bir qator qonunchilar bilan ham uchrashadi," - deydi Xolbruk.

20 iyulda esa Klinton Kobulda Afg'oniston bo'yicha xalqaro anjumanda ishtirok etadi.

Xolbrukning bildirishicha, Davlat departamenti amerikaliklarga tashqi siyosat haqida ko'proq ma'lumot berish maqsadida Internet orqali muloqot yo'lga qo'yilgan. Vazirlik rasmiylari fuqarolar savollariga javob beradi. Ana shunday ilk muloqot paytida "AQShning Afg'onistondagi strategiyasi nimadan iborat" degan savol tushgan.

"Menga "Afg'onistonda nima qilyapmiz" degan savolni ko'p berishadi", - deydi Xolbruk. "Oddiy javob shuki, 2001 yil 11 sentyabrida Vashington va Nyu-Yorkka qarshi xurujlar Afg'onistondan turib rejalangan va boshqarilgan".

Uning aytishicha, Afg'oniston va Pokiston barqarorligi AQSh davlat xavfsizligi bilan uzviy bog'liq.

"Pokiston bilan hamkorlikda energetika va suv masalalariga diqqatni qaratyapmiz. Kongressdan ushbu dasturlar uchun zarur mablag' so'raganmiz", - deydi Obamaning mintaqadagi maxsus vakili.

Qo'shma Shtatlar energetika borasida Pokistonga olti loyiha borasida yordam va'da qilgan.

XS
SM
MD
LG