Breaking News

AQSh Afg'onistonni qo'llab-quvvatlashda davom etadi


<!-- IMAGE -->

AQSh prezidenti Barak Obama bugun Vashingtonda Afg’oniston rahbari Hamid Karzayni qabul qildi. Tomonlar tarang aloqalarni yumshatishga harakat qilmoqda.

Oq Uy matbuot kotibi Robert Gibbsning aytishicha, Vashington Karzay ma’muriyati bilan kelishib ishlashga qodir. “Afg’on rahbaridan shahdam qadamlar kutilmoqda, ayniqsa, korrupsiyaga qarshi kurash bobida”, deydi rasmiylar.

Afg’oniston delagatsiyasi safida mudofaa vaziri Abdul Rahim Vardak ham bor. U kecha Pentagonda AQSh mudofaa rasmiylari bilan gaplashib, doimiy strategik dialoglar o’tkazishga kelishib olgan. Istiqbolda, joriy urush ortda qolgach ham muloqotni davom ettirish uchun.

Pentagon matbuot kotibi Jeff Morrell so’zlariga ko’ra, uchrashuv paytida Tolibon qarorgohi, Qandahorda shu yoz rejalangan operatsiya tilga olinmagan. Afg’oniston tomoni AQShdan qancha qurol so’ramoqda, ikki davlat xavfsizlik bobida uzoq muddatli bitim imzolaydimi – rasmiylar bu haqda hozircha sukutda.

“Biroq”, deydi Jeff Morrell, Pentagon matbuot kotibi, “AQSh-Afg’oniston aloqalari harbiy hamkorlik bilan cheklanib qolmaydi”. Davlatlar afg’on yurtini qayta qurish, terrorizm, narkotik savdosiga qarshi kurash sohasida ham birga ishlashda davom etadi.

AQSh askarlari kelasi yil boshida Afg’onistonni tark eta boshlaydi. Bu “Qo’shma Shtatlarning ishi tugadi, degani emas - asosiy diqqat-e’tibor afg’on armiyasi malakasini oshirishga qaratiladi”, - deydi AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts. Afg’oniston hukumati buni tushunadi.

Qo’shma Shtatlarga to’rt kunlik tashrif bilan kelgan afg’on delegatsiyasi tarkibida bir necha vazir bor. Ular AQSh Davlat departamentining imkon qadar ko’proq bo’limlari bilan muloqot qilish, rishtalarni mustahkamlash ilinjida. Mudofaa, iqtisodiyot, qishloq xo’jaligi, tibbiyot, ta’lim va boshqa sohalarda yordam-maslahatga ochiqmiz, deydi ular.

XS
SM
MD
LG