Breaking News

Karzay xorijiy xavfsizlik firmalarini chiqarib yubormoqchi; AQSh vaziyatga qarab ish yuritadi


Afg’on prezidenti Hamid Karzay mamlakatdan chet el xavfsizlik firmalarini chiqarib yuborishga ahd qilgan. To’rt oy muhlat, deydi Karzay.

Hozirda Afg’onistonda 50 dan ortiq bunday kompaniyalar ishlaydi. Xorijiy idoralar va ularning xodimlarini himoya qiluvchi 30 mingdan ziyod soqchi bor. Karzay fikricha bu xususiy bizneslar ko’p hollarda mahalliy xavfsizlik kuchlari yo’lida to’ganoq.

NATO, Afg’onistonda tinchlikni ta’minlash vazifasini mahalliy armiya qo’liga topshirishni rejalagan alyans ta’biricha, xavfsizlik firmalari albatta chiqib ketadi, lekin avval afg’on harbiylari o’z salohiyatini ko’rsata olishi kerak.

NATO qo’mondoni, Amerika generali Deyvid Petreus butun diqqat hozir Tolibonni yet tishlatishda deydi. Lekin u janglar har doim ham kutilgan natijani bermayotganini tan olmoqda.

Tolibondan tortib olingan hududlarda boshqaruv zaif ekani bois jangarilar qaytib, hokimiyatni o’ziga bo’ysundirishga urinmoqda.

Prezident Barak Obama qo’shinlarni Afg’onistondan kelasi yil uyulida olib chiqishni maqsad qilgan. General hozircha bunga ishonch bildirmayapti.

"Prezident va vitse-prezident bu muddat haqida aniq tushuntirgan. Hamma narsa ungacha nimaga erisha olishimizga bog’liq. Sharoit talabga javob bersa, armiyamizni asta sekin chiqara boshlaymiz. Xavfsizlikni ta’minlashni mahalliy tizimlarga topshiramiz. Amerika vaziyatga qarab, mas’uliyat bilan ish ko’radi”,- deydi Petreus

Ya’ni, kelasi yozgacha Afg’onistonda barqarorlikdan darak bo’lmasa, AQSh hozirgi rejasidan qaytishi mumkin. “Men prezidentga o’z fikrimni ochiq aytib, harbiy tavsiyalarimni beraman”,- deydi deydi Petreus.

AQSh va NATO kuchlarining chiqib ketishi Afg’onistonda ish bitdi degani emas, deydi general.

“Bu mamlakat hali ko’p yordamimizga muhtoj”,- deydi u. Afg’onistonni qayta tiklash, jangari harakatlarini yo’q qilish uzoq yillar oladi.

Amerika Afg’onistonga kirganiga to’qqiz yil bo’layapti. Har ikki tomon bu urushdan to’ygan. Afg’onlar bugungi holatdan norozi, amerikaliklar esa bu urushga qancha pul sarflanib, qancha harbiy yo’qotganidan.

General Petreus Afg’onistonda korrupsiya va mansabni suiste’mol qilish hollari hayotning bir qismi ekanini aytib, bu muammolarni yengmasdan turib, tinchlikka erishish qiyin, deydi. Xalq orasida hukumatga qarshilik qanchalik kuchli bo’lsa, jangarilar shuncha quvvatga to’ladi, deydi u.

Hamid Karzay Tolibon bilan murosa qilish kerak deb keladi. Amerika bunga qarshi emas. Lekin, deydi general Petreus:

“Mulla Umar, Tolibon yetakchisi singari odamlar Kobulga kelib, Afg’oniston konstitutsiyasi va bugungi siyosiy tuzumni tan oladi deb o’ylamang. Lekin Tolibon safida murosaga kelishi mumkin bo’lgan elementlar bor. Ular qurolni tashlashi mumkin xolos”.

Ayni damda Amerika Afg’onistonda qariyb 150 ming qo’shinga ega. General Petreus yil oxirida Kongress oldida hisobot beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG