Afg’onistonda xavfsizlik kelasi to’rt yilda mahalliy armiya zimmasiga o’tadi. Kobuldagi xalqaro donorlar anjumanida shunga kelishib olingan.
Dunyoning 60 dan ziyod davlati va tashkilotlar vakillari qatnashayotgan bu konferensiyada yana bir dolzarb mavzu – mablag’ taqsimoti.
Prezident Hamid Karzay xalqaro yordam ustidan ko’proq nazorat so’ramoqda. Mablag’ning 50 foizi afg’on hukumati qo’lidan o’tsin, deydi u. Kobuldagi anjuman qatnashchilari bunga rozi.
Biroq pulni mahalliy organlar qo’liga topshirish korrupsiya uchun eshiklarni keng ochishi aniq, deydi tahlilchilar. Aytish kerak, 2001 yildan beri xalqaro hamjamiyat Afg’onistonga 40 milliard dollar sarflagan.
Konferensiyada ishtirok etayotgan AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Karzay ma’muriyati sa’y-harakatini olqishlagan. “Boshqaruvni mustahkamlash, korrupsiyaga qarshi kurash yo’lida ancha ishlar qilindi, lekin bular yetarli emas”, - deydi u.
Bir kunlik majlis xulosasi shuki, Afg’oniston hukumatiga ko’proq imtiyoz berish lozim, xoh xavfsizlik, xoh taraqqiyot dasturlari bobida bo’lsin. Donorlar qurolini tashlab, qonunni tan olgan Tolibon bilan murosa qilish rejasini ham qo’llab-quvvatlamoqda.
Hozir Afg’onistonda NATOning 150 ming askari bor. Muhim anjuman bois favqulodda xavfsizlik choralari ko’rilsa-da, bugun jangarilar Kobul aeroportini o’qqa tutgan. Natijada BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun va Shvetsiya rasmiylari mingan samolyot kechroq qo’ngan.
Pan Gi Mun Afg’oniston ahlini birdamlikka, tinchlik sari dadilroq qadam tashlashga da’vat etsa, Davlat kotibasi Xillari Klinton ayollar huquqini e’zozlashga undagan.
Bu yig’in yil boshida Londonda o’tgan xalqaro sammitning davomi. O’shanda prezident Karzay toliblar bilan gaplashish, tinch hayotga qaytarish rejasini olg’a surgan, xalqaro hamjamiyat uning ijrosi uchun 140 million dollar va’da bergan edi. Biroq, deydi Britaniyaning Afg’onistondagi elchisi Vilyam Peyti, mablag’ning ko’pi hali uzatilmagan.
“Hozircha faqat Britaniya 3 million dollar ajratgan, boshqalar ishni paysalga solmoqda”, - deydi rasmiy.
Afg’on sobiq deputati Hamidulla Faruhiy nazarida faqat moliya bilan ish bitmaydi. Regionda uzoq muddatli loyihalar yuritish lozim. Xalqaro hamjamiyat, xalqaro koalitsiya Afg’onistonni tark etsa oqibati mushkul bo’ladi, deydi u. “Urush toabad davom etishi aniq”.
Qo’shma Shtatlar kelasi yil yozida qo’shinlarni olib chiqishni rejalamoqda. Davlat kotibasi Xillari Klinton “Bu – Afg’oniston o’z holiga tashlab qo’yiladi degani emas”, - deydi. Iqtisodiyot va xavfsizlik bobida hamkorlik davom etadi, deydi u.