AQSh va NATOning Afg’onistondagi bosh qo’mondoni, yaqinda ishga kirishgan Deyvid Petreus yangi harbiy taktikani e’lon qilgan.
150 ming askarga taalluqli bu qoidada, jumladan, o’z-o’zini mudofaa qilish haqida so’z boradi. Zobit nafaqat hujum, balki shaxsiy xavfsizligi haqida ham o’ylashi zarur, deydi u.
General Petreus bayon qilgan nizomga ko’ra, qo’shinlar dastavval oddiy fuqaroga ziyon qilmasligi zarur. Atrofda aholi yo’q ekaniga ishonch hosil qilgach, hujumga o’tish mumkin.
Faqat favqulodda holatlarda, xalqaro va afg’on armiyasi xavf ostida bo’lganida aholi punktlarida qurol ishlatishga ijozat beriladi. Hujjatda ikki alohida vaziyat istisno tariqasida tilga olinadi, biroq bu bandlar sir tutilmoqda.
Ammo fuqaro xavfsizligi hamon ustuvor masala bo’lib qolmoqda.
Ba’zi zobitlar eski qoidalardan shikoyat qilgan, “o’zimizni mudofaa qila olmayapmiz, cheklovlar ko’p” deya norozi bo’lib kelayotgan edi. NATO rasmiysi, general Jozef Blots endi unday emas, deydi.
“General Petreus joriy etgan taribga muvofiq, askar o’zini himoya qilishga haqli. Bunga hech kim to’sqinlik qila olmaydi”,- deydi general.
“Afg’onistonda xizmat qilayotgan qiz-yigitlarni, afg’on armiyasini, xalqaro koalitsiyani himoya qilish - biz uchun farz”, deydi Pereus. “Olovli nuqtalarda jang qilib, hayotini xavf ostiga qo’yayotgan bu insonlar imtiyoz, madadga haqli”, - deydi general.
Yangi taktika Tolibonga qarshi ayovsiz, shiddatli hujumni yoqlaydi. Ammo har qanday harbiy amalyot Afg’oniston xalqi mudofaasi, zobitlar xavfsizligi bilan hamhang kechishi kerak.
Biroq iste’fodagi general Jeyms Dubik nazarida bir vaqtning o’zida ham hujum, ham mudofaa haqida o’ylash qiyin. “Chekka, qonli nuqtalarda xizmat qilayotgan askarga og’ir”, - deydi u.
General Deyvid Petreus har qanday vaziyatda bosiqlik, adolat va aql bilan ish tutishni maslahat berib, askar o’g’il-qizlarning bunday qarorlarini qo’llab-quvvatlaymiz, deydi. General fikricha, barcha operatsiyalar afg’on armiyasining faol ishtirokida o’tishi kerak, toki xalqaro koalitsiya mahalliy ahvol-sharoitni to’liq, ravshan ko’ra olishi uchun.