Breaking News

Kobul konferensiyasi xulosalari: Hukumat mas’uliyatni ko’tara oladimi?


Joriy hafta Afg’oniston poytaxti Kobulda xalqaro donorlar yig’ilib, prezident Hamid Karzayga ko’proq vakolat berish kerak, deya xulosa qilgan.

Xoh davlatni boshqarish, xavfsizlikni ta’minlash, xoh xalqaro yordamni taqsimlash bo’lsin. Bu fikr hammaga ham ma’qul emas.

Kobuldagi konferensiya qatnashchilari afg’on hukumati sekin-asta kuchga to’lmoqda va 2014 yilga borib, xavfsizlikni to’liq, mustaqil ta’minlay oladi deya xulosa qilgan.

Bundan tashqari, xalqaro hamjamiyat havola etayotgan milliardlab dollarning yarmini endi Karzay ma’muriyati nazorat qiladi.

Moliya vaziri Hazrat Umar Zaxaylval hukumat mas’uliyatni ko’tara oladi, deydi.

“Afg’oniston hukumati xalq uchun nima zarur ekanini, taraqqiyot uchun nima qilish kerakligini yaxshi biladi. Xorijdan kelayotgan yordamni mahalliy hukumat boshqarishi kerak, chunki el ehtiyojini qondirish - uning vazifasi”, - deydi vazir.

Afg’onistondagi Ilmiy tadqiqot va siyosat instituti rahbari Xorun Mir nazarida hukumat hatto bor byudjetni – 2 milliard dollarni to’g’ri taqsimlashni bilmaydi.

“Darrov undan bir necha barobar ko’p pulni qanday qilib eplashar ekan, hayronman. Muammo pulda emas, afg’on hukumatida va unda ildiz otgan korrupsiyada”, - deydi tahlilchi.

Xorun Mir deydiki, prezident Hamid Karzay mana hozir o’z xalqi va butun dunyoga poraxo’rlikni tugata olishini isbotlashi kerak. 15 vazir korrupsiyada gumon qilinmoqda, ularning ishi oxiriga yetkazilishi, ish xolis yuritilishi kerak.

“Shundagina hamma prezident Hamid Karzay jiddiy gapirayapti ekan deb xulosa qiladi”.

NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussenning Amerika Ovoziga aytishicha, harbiy alyans 2011 yilning oktyabriga qadar 300 ming afg’on askari va politsiyachini treyningdan o’tkazadi.

“Vaqti kelib Afg’oniston xavfsizlik kuchlari ishni zimmasiga oladi. Albatta, bari mamlakatdagi vaziyatga bog’liq va qaror shu asosda qabul qilinadi. Mahalliy armiya kuchga to’lgachgina, NATO Afg’onistonni tark etadi”, - deydi Rasmussen.

Bu anchayin mushkul ish. Iyun oyi harbiy alyans uchun eng qonli davr bo’lgan. Yaqinda esa afg’on zobitlari xalqaro qo’shinga qarata o’t ochgan.

Olim Xorun Mir fikricha, Afg’oniston rasmiylari armiyani to’ldiraman deb odam yollamoqda, ammo ularni puxta tekshirmayapti. Jangarilar esa buni juda yaxshi biladi.

Ayrim kobulliklar esa Afg’onistonda bunday nufuzli xalqaro anjuman o’tganidan boshi osmonda. 1970 yildan beri hali bu kabi obro’li tadbirga mezbon bo’lmagan edik, deydi ular.

Prezident saylovlarida Karzayning sobiq raqibi Abdulla Abdulla fikricha, yil boshida Londonda, shu oy Kobulda o’tgan konferensiyalar yetarli emas.

“Bu yig’inlar oddiy xalq hayotiga qanday ta’sir qiladi? Afg’onlarda ishonch, qiziqish paydo qildimi? Nima o’zgaradi endi? Mana shu savollar muhim”.

XS
SM
MD
LG