Breaking News

Xillari Klinton Yaqin Sharq tinchlik muloqotini jonlantirish harakatida


Xillari Klinton Yaqin Sharq tinchlik muloqotini jonlantirish harakatida
Xillari Klinton Yaqin Sharq tinchlik muloqotini jonlantirish harakatida

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Yaqin Sharqda tinchlik muzokaralarini jonlantirish uchun bugun Vashingtonda Isroil va Falastin rasmiylari bilan uchrashmoqda.

Klinton avval Falastin Bosh vaziri Salom Fayyod va muzokarachisi Soyib Erekat bilan ko’rishib, so’ngra Isroil Mudofaa vaziri Yaxud Barakni qabul qiladi.

Prezident Barak Obama Yaqin Sharq borasida katta bir nutqqa hozirlik ko’rmoqda. AQSh mintaqada tezroq tinchlik qaror topishini istaydi, deydi Oq Uy rasmiylari.

AQSh Isroilni yahudiy posyolkalarini kengaytirish ahdidan qaytara olmayapti. Falastin rahbari Mahmud Abbos kecha Qohirada so’zlar ekan, Iordan daryosining g’arbiy sohili va Sharqiy Quddusda yahudiylar uchun imorat qurish butunlay to’xtamas ekan, muzokara bo’lmaydi, dedi.

Abbos Arab Ligasini favqulodda majlis o’tkazishga da’vat etmoqda. Yig’in Qohirada rejalangan.
Qo’shma Shtatlarning Yaqin Sharq bo’yicha maxsus vakili Jorj Mitchel kelasi hafta regionga boradi.

Vashington Isroil va Falastinni pragmatik o’ylashga, bir-biriga nisbatan talablarni bas qilib, murosa yo’lini tanlashda undamoqda.

Braziliya va Argentina Falastinni mustaqil davlat deb tan olgan. Falastin muzokarachisi Soyib Erekat nazarida AQSh ham qo’shnilardan o’rnak olgani ma’qul.

AQSh Janubiy Amerikadagi bu ikki davlat qaroridan afsusda. Obama ma’muriyati xalqaro hamjamiyat bu borada o’zaro maslahatlashishi kerak degan fikrni olg’a surmoqda.

Yevropa Ittifoqi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti esa Isroilning yahudiylar uchun uy-joy qurishda davom etish qarorini tanqid qilmoqda. Ittifoq Tashqi ishlar vazirasi Ketrin Eshton nazarida Isroil harakati noqonuniy va tinchlik muloqotiga to’siqdir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG