Breaking News

"Yaqin Sharqda talash yer aslida har ikki xalqning mulki"


O’tgan hafta Isroilning G’azo yaqinida falastinliklar uchun insonparvarlik yordami olib ketayotgan kemalar karvoniga hujumi Markaziy Osiyo ahli tomonidan ham qoralanmoqda.

Xususan Qirg’iziston jamoatchiligi nazarida mintaqadagi mojarolar zaminida Isroil hukumatining xato siyosati yotibdi.

Qirg’iziston hukumati ro’y bergan voqeaga munosabat bildirmagan. Ammo oddiy qirg’izistonliklar Isroil davlati xatti-harakatidan taassuf bildiradi.

“Falastinga gumanitar yordam ko’rsatgan davlatlar kemalarining yo’lini to’sganlar o’zlari bosqinchilik qilgan bo’ladi. Falastinda ko’p yillardan beri qon to’kilmoqda, odamlar halok bo’lmoqda. Bu narsalarni to’xtatish kerak. Ikki xalq orasida yer talashish cho’zilib ketdi. Diplomatiya orqali masalani yechish hozirgacha foyda bermayapti”, - deydi taniqli jamoat arbobi, Qirg’iziston parlamenti sobiq deputati Bo’riboy Jo’rayev.

O’sh shahar musulmonlar diniy idorasi boshlig’i, mamlakat ulamolar kengashi a’zosi Rahmatullo qori Qosimov ham sodir bo’lgan voqealarni qoralaydi.

“Biz ham bu narsalarga salbiy qaraymiz. Chunki muhtojlarga yemoq-ichmoq, dori-darmon o’tkazmaslik bu insoniylikdan emas”, - deydi ushbu din arbobi.

Jalolobod shahridagi inson huquqlari tashkiloti tahlilchisi Abdumalik Sharipov nazarida shu paytgacha Tel-Aviv Falastin masalasida qator g’arb o’lkalari xayrixohligiga tayanib kelgan.

“Bu yerda yirik davlatlarning “ikkiyoqlama standart” siyosati rol o’ynamoqda. Yahudiy lobbisi ham dunyo bo’yicha juda kuchli. Bu ham o’z ta’sirini ko’rsatmoqda”, - deydi u.

“AQShning Yaqin Sharqdagi, Afg’onistondagi hamda Eron xususida siyosatini kuzatib borayapmiz. Menimcha, zo’ravonlik siyosati olib borilmoqda. Kuch bilan muammolarni yechish mumkin emas”, - deydi o’shlik arbob Bo’riboy Jo’rayev.

Qirg’izistonlik ziyolilar fikricha, Turkiyaning musulmon dunyosi hayotida muhim rol o’ynashga urinayotgani tabiiy hol.

“Turkiyaning bir oyog’i Osiyoda, bir oyog’i esa Yevropada. Shaxsiy fikrim - Turkiya davlati Yevropa Ittifoqiga kira olmaganidan o’z mintaqasida lider bo’lishga intilmoqda. Bu to’g’ri yo’l deb o’ylayman. O’z mavqei, tarixi, boshqa jihatlari bo’yicha Turkiyaning lider bo’lishga haqqi bor”, - deydi mahalliy tahlilchi, nohukumat tashkilot xodimi Abdumalik Sharipov.

Suhbatdoshlar barcha masalalarni tinch yo’l bilan, xalqaro tamoyillar asosida hal qilish mumkinligiga ishonch bildiradi.

“Eng muhimi o’sha yer ikki xalqning yeri. Biz musulmonlar ushbu xalqlarning tinch-totuv, urushsiz yashab ketishini orzu qilamiz. Xalqaro hamjamiyat bu nizolarni ijobiy yechishda o’z ko’magini ayamaydi deb o’ylaymiz”, - deydi O’sh shahar musulmonlar idorasi rahbari Rahmatullo qori Qosimov.

XS
SM
MD
LG