Qozog’iston prezident Nursulton Nazarboyevning bosh siyosiy maslahatchisi Yermuxamet Yertisbayev Vashingtonga tashrif buyurib, mamlakati o’tgan bir yil ichida Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti raisi sifatida nimaga erishganini tushuntirmoqda.
AQSh Qozog’istonni yaqindan quvvatlab keladi. Respublika 1991 yilda mustaqillikka erishganidan beri Amerika kompaniyalari neftga boy bu davlatga 500 milliard dollardan ziyod investitsiya olib kirgan.
“AQShga sodiqmiz va undan minnatdormiz”, - deydi Yertisbayev.
Lekin Vashington siyosiy doiralarida Qozog’iston xavfsizlik va inson huquqlarini targ’ib qiluvchi yirik tashkilotni boshqarishga loyiq emas edi degan fikrlar tez-tez quloqqa chalinadi.
Xalqaro "Ozodlik Uyi" va boshqa ko'plab muassasalar tahlilicha, respublika erkin va demokratik jamiyat emas.
So’z va matbuot erkinligi amalda ta’minlanmagan. Nursulton Nazarboyev 20 yildan beri amalda o’tiribdi. Muxolifat har jihatdan bo’g’ilayotganini da’vo qiladi.
Qozog’iston rasmiysi "oldimizda murakkab masalalar turgani hammaga ayon" deya, inson huquqlari bilan bog’liq muammolarni tan oladi.
"Ularni ochiq muhokama qilishdan tortinmaymiz", - deydi Yermuxamet Yertisbayev.
Lekin, deydi u, tashqi dunyo ishonadimi-yo’qmi, Qozog’istonda davlat organlari bir-biridan mustaqil ravishda ish yuritadi. Boshqaruv adliya tizimi ishiga aralasha olmaydi va shu bois ular chiqarayotgan hukmlar, masalan jurnalistlarning tuhmatda ayblanib qamalayotgani yuzasidan ma’muriyat biror narsa qila olmaydi, deydi prezident maslahatchisi.
Ommaviy axborot vositalari bugun amaldorlarni bemalol tanqid qila oladi, savolga tuta oladi, deydi rasmiy.
“Men o’zim, masalan, matbuotimizda har kuni qoralanaman. Hech kimni bosim ostiga olayotganim yo’q, aksincha, men jamoatchilik tomonidan bosim ostidaman va xulosa chiqarib ishlashga majburman”, - deydi Yertisbayev.
Prezident maslahatchisi bu yil qilingan ishlarni sanab beradi. Huquqqa e’tiborni oshirish uchun o’tkazilgan anjumanlar, tadbirlar va targ’ibot ishlari.
Siyosiy erkinliklarga kelganda esa Qozog’iston bir necha mayda, tarqoq guruhlar emas, ikki kuchli partiyaga ega bo’lishni istaydi, deydi maslahatchi.
Amerikada ham axir shunday, deya qo’shadi Qozog’istonning Vashingtondagi elchisi Erlan Idrisov.
Nazarboyevning “Nur-Otan” partiyasi hokimiyatni boy bermoqchi emas.
“Xalq bizga ishonadi”, - deydi Yertisbayev.
Rasmiylar yana bir narsani oydinlashtirishga urinadi: Nazarboyev diktator emas, balki Qozog’istonda zamonaviy davlatchilikka asos solgan daho. Shu bois u qancha istasa, shuncha amalda o’tirishga haqli.
Millat shuni istaydi, deydi elchi Idrisov, sobiq tashqi ishlar vaziri. Reytinglarga ko'ra, aholining 90 foizi u tomonda.
Xalqaro maydonda bu ko’rsatkichlar kinoya bilan qabul qilinadi. Nazarboyevdan keyin nima bo’ladi? U axir toabad liderlik qila olmaydi-ku degan savollarga esa javob shunday:
“Konstitutsiyaga binoan parlament spikeri muvaqqat rahbarga aylanadi va uch oy ichida saylovlar o’tishi shart”.
Nazarboyev merosxo'r tayinlab qo'ygan degan taxminlarga asos yo'q, deydi rasmiylar.
Nazarboyev, deydi uning maslahatchisi, iqtisodiy taraqqiyotni birinchi o’ringa qo’ygan va bu o’z mevasini berib kelmoqda.
“To’q yashamagan xalq tinch yashamaydi deb hisoblaymiz”, - deydi u.
U va elchining eslatishicha, prezident demokratiya tarafdori, lekin odamlar non topishga qiynalsa, erkinlik va demokratiyani tushunadimi?
Qozog’iston, deydi Yermuxamet Yertisbayev, ta’lim sohasini yanada rivojlantirib, ilmiy-innovatsion taraqqiyot uchun yirik sarmoya ajratmoqda. Maqsad kuchli kadrlarga ega bo’lish va ularni mamlakatning o’zida ishlatish. Nazarboyev iqtisodiyot faqat energetik boyliklarga tobe bo’lib qolmasin deb, boshqa sohalarga ham diqqat qaratmoqda.
Yermuxamet Yertisbayev deydiki, uning yurti bugun nafaqat Markaziy Osiyodagi, balki sobiq Sovet Ittifoqi hududidagi eng barqaror jamiyat.
"Regional hamkorlikni oshirishga vaqt yetdi va bu borada qo’shnilar bilan gaplashishga hozirmiz",- deydi u.
”Bilasizmi, shunday bir taxminlar borki, go’yoki bizning prezident Nursulton Nazarboyev va O’zbekiston prezidenti Islom Karimov mintaqaviy liderlikni talashmoqda. Bu g’irt safsata. Bu yerda biror kurash ketayotgani yo’q. Gap ularning bozor iqtisodiyotining turlicha modellarini tanlanganida. Ochiq jamiyat, liberal bozor iqtisodiyotiga o’tish, tub islohotlar, Nazarboyev o’tgan 20 yilda olib borgan iqtisodiy siyosat samara berdi”, - deydi maslahatchi.
Markaziy Osiyo Rossiya, Xitoy va G’arb uchun strategik mintaqa ekan, deydi Qozog’iston prezidenti maslahatchisi, iqtisodiyotni bir yo’lga solib, mustahkam bir kuchga aylanish kerak.
”Agar butun Markaziy Osiyo Nazarboyev tutgan iqtisodiy taraqqiyot yo’lidan ketsa, mintaqa ravnaq topadi va dunyo u bilan hisoblashishni boshlaydi”,- deya ishonch bildiradi Yermuxamet Yertisbayev.
Nursulton Nazarboyev ikki yilcha avval bu borada gapirganida qo’shnilar, xususan O’zbekiston qiziqish bildirmagan. Har bir davlat o’z rivojlanish yo’lini tanlagan degan bayonotlar yangragan.
Qozog’iston Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga rais sifatida bu yil qo’shni Qirg’izistondagi beqarorlikka barham berish uchun qo’ldan kelgan barcha chorani ko’rdi, deydi Yertisbayev.
”Qirg’izistonga nafaqat moddiy yordam berdik, balki mojarolardan chiqish yo’llarini ham taklif qildik. Biz Markaziy Osiyoning barcha davlarlari bilan yaqin aloqadamiz. Xavfsizlikni mustahkamlash uchun qoradori, diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda qo’shnilarimizga ko’mak berishga tayyormiz”.
Mintaqa birgalikda qator muammolarga yechim qidirishga majbur, deydi Qozog’iston prezidenti maslahatchisi.
”Muammolar ko’p…Misol uchun migrantlar va qochqinlar taqdirini hal etish uchun qonun va normativlarni to’liq ko’rib chiqish kerak. Chunki davlatlararo kelishuvlar yetishmaydi. Rahbarlarimiz buni tushunadi va uchrashishganida bu borada gaplashgan”, - deydi rasmiy.
1-2 dekabr kunlari Ostonada Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti sammiti bo’lib o’tadi. Markaziy Osiyo respublikalarining hammasi unga a’zo.