Qozog’iston saylov komissiyasiga ko’ra, amaldagi rahbar, davlatni 1989 yildan beri boshqarib kelayotgan Nursulton Nazarboyev 95,5 foiz ovoz bilan qayta saylangan.
Xalqaro kuzatuvchilar jarayonni keskin tanqid qilib, ko’plab xatolarga yo’l qo’yilganini aytmoqda.
O’tgan yili Qozog’iston raislik qilgan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti shunday xulosa qilmoqda: saylovlar oshkora o’tmagan, fuqarolarga bosim o’tkazilgan va ovoz berish varaqalarida ayni imzolar qayd etilgan.
Saylov komissiyasi izohicha esa Nazarboyev uch raqibi ustidan ishonchli g’alaba qozongan.
“Qozog’iston xalqi mening uzoq yillik mehnatimni yuqori baholadi”, - deya xulosa qilgan Nazarboyev.
Uning g’alaba qozonishi kutilgan edi, lekin 95 foiz ovoz to'plagani muxolif partiyalarni, saylovni boykot qilgan arboblarni hayratga solmoqda. Ular nazarida jarayon butunlay soxtalashtirilgan.
Nazarboyev o’zini demokrat lider deb biladi. “Mamlakatimiz demokratiya sari olg’a qadam tashlamoqda”,- deydi u.
Lekin iqtisodiy ravnaq, Nazarboyev fikricha, demokratiyadan oldin kelishi kerak.
70 yoshli arbob yurtidagi iqtisodiy taraqqiyot aholining hukumatga ishonchini oshirganini qayd etadi. Jahon Banki va boshqa xalqaro moliyaviy tashkilotlar Qozog’istonni Markaziy Osiyoda iqtisodiy jihatdan eng tetik davlat deb ataydi.
Biroq kechagi saylovlar bu davlatning erkinlikdan ancha yiroq ekanini yana bir bor isbotladi.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti 300 ga yaqin kuzatuvchi yuborgan edi. Ularning aytishicha, odamlar saylovda qatnashishga majbur qilingan, universitet, kasalxona va harbiy idoralarda fuqarolarga bosim o’tkazilgan.
Tahlilchilar deydiki, saylovoldi kampaniyasida nomzodlar orasida bahs-munozara kuzatilmagan. Ular olg’a surgan dasturlar chuqur tahlil qilinmagan.
Siyosiy raqobatga yo’l berilmas ekan, Nazarboyev 2016 yilda ham saylansa ajabmas, deydi ekspertlar.
Prezidentining amaldagi xizmat muddati 2012 yilda tugashi kerak edi.
O’tgan yili qonunchilar uning boshqaruvini 2020 yilga qadar uzaytirish taklifi bilan chiqdi. Tashabbus xalq orasida keng targ’ib qilinib, Nazarboyevni qo'llab-quvvatlab millionlab imzo to’plandi. Referendum o’tkazish kerak degan chaqiriqlar yangradi.
Xalqaro hamjamiyat bu harakatlarni tanqid qilgach, Nazarboyev referendum g’oyasini rad etib, saylovlarni erta o’tkazishga farmon berdi.
Muddatdan oldin saylov belgilashga sabab, deydi ayrim ekspertlar, raqiblar maydonga chiqishiga imkon bermaslik edi. Muxolif partiyalarda jarayonga puxta tayyorgarlik ko’rish uchun vaqt kam edi.
2012 yilda Qozog’istonda parlamentga saylovlar o’tadi. Hozirda parlamentda faqat Nazarboyevning “Nur Otan” partiyasi hukmron.
Xalqaro kuzatuvchilar shu paytga qadar kechgan biror saylovni erkin va ochiq deya tan olmagan.