3-aprel kuni Qozog’istonda prezident saylovlari.
Ziyolilar nazarida 16 milliondan ziyod fuqarosi bor mamlakatni 1989-yildan beri boshqarib kelayotgan 70 yoshli Nursulton Nazarboyevning mutlaq g’alabasi shubhasiz.
Muddatdan erta saylov o’tkazish Nazarboyev uchun siyosiy o’yin bo’lib, u arab dunyosidagi inqiloblardan saboq olmayotgan ko’rinadi, deydi tahlilchilar.
Ular nazarida saylovni erta o'tkazib, Nazarboyev kuchli raqib maydonga kelishining oldini olmoqchi. Aslida jarayon kelasi yil o'tishi kerak edi.
Tojikiston ziyolilari fikricha, Qozog’istonda iqtisodiy-ijtimoiy sharoit yaxshi bo’lsa-da, muxolifat hamon quvg’inda.
“22 yildan beri prezident Nazarboyev Yaqin Sharqdagi voqealardan xulosa qilsa bo’lardi”, - deydi ular.
Yozuvchi Egamnazar Sohibnazarov prezidentlikka to’rt nomzod orasidan Nazarboyev g’alaba qilishi muqarrar deb hisoblaydi.
“Nazarboyevning qilgan xizmatlari katta, buni tan olish kerak. Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi orasida respublikani iqtisodiy, siyosiy jihatdan mustahlamladi. Mavqeini mahkamlashda hissasi katta bo’lgan”, - deydi Sohibnazarov.
Yozuvshining aytishicha, Nazarboyevni Rossiyaga moyil siyosatda ayblab bo’lmaydi. Chunki Markaziy Osiyodagi har bir davlat Rosiyaga bog’lanib qolgan.
“Rossiyasiz regionni men tasavvur qilolmayman”,- deydi u.
Xo’jandlik jurnalist Hakimjon Zokirov nazarida Nazarboyev vaqtida vazifasini bo’shatib bermog’i kerak.
Nazarboev avvallari Markaziy Osiyo birligi, yagona pul muomalasiga o’tishni taklig qilgan. Lekin bu tashabbuslarni mintaqaning boshqa davlatlari qo’llab-quvvatlamadi, afsus, - deydi Zokirov.
“Ayni paytda Qozog’iston va Rossiya prezidentlari chegara, bojxona muammolarini bartaraf etish haqida kelishib oldi. Nazarimda sho’rolar davriga qaytilmasa ham, davlatlar o’rtasida iqtisodiy-siyosiy aloqalarni yaxshilash imkoniyatlari mavjud”, - deydi journalist.
Tojikistondagi O’zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi raisi Ilhom Yusupov Qozog’istonda prezident saylovlari uchun muxolifatga yo’l berilmaganini aytar ekan, ro’yxatdan o’tgan qo’lgan uch nomzod amaldagi prezidentning kuch va iqtidoriga ega emas deb hisoblaydi.
“Markaziy Osiyoda yaqin o’rtada haqiqiy saylov bo’lishiga ko’zim yetmaydi”, - deydi u.
Uch nomzodning birortasi Nazarboyevning siyosati, saylovoldi dasturini tanqid qilib chiqmagan.
Tojikisonlik ziyolilarning aksariyati Qozog’istonda prezidentlik saylovining tinch o’tishini region uchun muhim deb hisoblaydi.
Muxolifat saylovlarni boykot qilishga jazm etgan. "Bu demokratiyaning soyasi, xolos", - deydi ular.
Qonunga ko'ra, Nazarboyev saylovlarda istagancha marta qatnashishi mumkin. "Millat otasi" maqomini olgan, xalq orasida "otaxon" deya ko'tar-ko'tar qilinadigan arbob iste'foga chiqqach ham siyosatni belgilashga haqli.