Breaking News

Arab dunyosidagi g'alayon-inqiloblar haqida Markaziy Osiyo ahli nima deydi?


Liviyada 40 yillik rahbar Muammar Qaddafiyga qarshi qo'zg'olon qonli kechmoqda
Liviyada 40 yillik rahbar Muammar Qaddafiyga qarshi qo'zg'olon qonli kechmoqda

Yaqin Sharq davlatlaridagi o’zgarishlar Markaziy Osiyoda o’ziga xos qiziqish uyg’otib, bahs-tortishuvlarni qizdirib yuborgan. Mintaqa tub demokratik islohotlarga chanqoq, deydi ekspertlar, ammo rahbarlar ularni o’ziga xavf deb biladi.

Tojikiston prezidenti qoshidagi strategik tadqiqotlar markazi xodimi Farrux Umarov fikricha, Qozog'iston va O’zbekistonda ko’p jihatdan Tunis va Misrdagi singari sharoit ko’zga tashlanadi.

“Bu mamlakatlarda siyosiy mahbuslar bor va siyosiy oppositsion elita orasida norozilik kuzatiladi. Tojikistonda ham muxolliflar arab davlatlaridagi o’zgarishlar texnologiyasidan tajriba olishlari mumkin”,- deydi u.

Yaqin Sharq davlatlaridagi voqealarga oddiy xalq orasida e’tibor u qadar yuqori emas. Odamlar kunlik tashvishlar, bozor va tirikchilik bilan ovora.

Tojikiston Islom Uyg’onish Partiyasi faoli Husanboy Mo’minov nazarida arab dunyosidagi g'alayonlar ortidagi asosiy sabab - rahbarlarning xalq oldidagi vazifasini bajarmagani.

Bunday holatga mintaqada ham guvoh bo'lasiz. G'alayonlar, inqiloblar haqida jamoatchilik ko'proq bilishi kerak, deydi Mo'minov.

“Yoshlardagi tushuncha olgan ma’lumotlariga qarab bo’lyapti. Ko’p davlatlarda, Markaziy Osiyoda ham voqealar teskarisiga talqin qilinmoqda. Go’yoki, xalq noto’g’ri ish qilayotgandek... Xalq hukumatni saylagani uchun haqqi bo’ladiki, undan talab qilishga. Lekin buning evaziga davlat qon to’kishga haqqi yo’q.”

Tojik siyosatshunosi Abdujabbor Yo’ldoshev fikricha, uzoq yillar davomida bir kishi rahbarlik qilgan mamlakatlarda aha shunday inqilob yuz berishi tabiiy. Markaziy Osiyoda ham xalqlar qo'zg'alishi mumkin, deydi u.



“Arab davlatlaridagi voqealar ta’siri allaqachon ko’rinmoqda. Masalan Qozog'istonda prezident Nazarboyev (lavozimda umri oxirigacha qolish uchun) referendumdan qo’l tortdi. Uning rahbarligiga ham ko’p yillar bo’ldi. Yoshi 70 ga bordi. Mintaqa rahbarlari arab dunyosidagi inqilobiy o’zgarishlardan saboq olishiga, tub islohotlar qilishiga ko’zim yetmaydi. Chunki bu rahbarlarning aksariyati - eski tuzum odamlari. Aks sado albatta bo’ladi. Negaki, G’arb mamlakatlari o’z harakatlari bilan islom dunyosini qo’zg’atib kelmoqda. Aholisi musulmon, ammo rahbariyati islomga zid harakatlar qilayotgan yoki sun’iy to’siqlar yaratayotgan, xalq va hukumat bir-biridan uzoq har qanday jamiyatda bunday inqilob bo’lishiga shubha yo’q.”

O’zbek tadbirkori Komiljon Sotiboldiev Yaqin Sharq davlatlaridagi voqealarning Tojikistonga ta’sir o’tkazishi aniq deydi. Uning fikricha, hukumat xalqga noma’qul qaror va qonunlarni qabul qilaversa, odamlarning jonidan o’tib, u dod deb chiqishi muqarrar.

“Har bir inson o’z huquqini himoya qilishi kerak. Tojikistonga chetdan axborot kirishi cheklangan. Tunis, Misrdagi holat ro’y bermasligi uchun Tojikistonda xalqqa imkoniyat yaratib berish kerak va imkoniyat yaratib berishdan oldin, to’g’ri qaror-qonunlar qabul qilish kerak. Maqsad xalqning ziyoniga bo’lmasin. Iloji boricha xalqni foydasiga bo’ladigan qarorlarni qabul qilsa yaxshi bo’ladi.”

Tojikistondagi mustaqil matbuot sahifalarida arab mamlakatlaridagi o’zgarishlar respublika rahbariyatiga bir signal bo’lishi kerak degan ma’nodagi tahliliy maqolalar berilmoqda.

Lekin rahbariyat bundan qanday saboq chiqaradi, gap mana shunda.

XS
SM
MD
LG