Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyev 1 dekabr kuni Ostonada Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti sammitini ochar ekan, “Biz oldin demokratiya bo’lmagan hududda bu nodir ne'matni yaratdik” dedi.
Qozog’iston xalqi Markaziy Osiyo aholisining choragini tashkil etadi. Region iqtisodiy faoliyatining 60 foizi mana shu yurt hissasiga to’g’ri keladi.
So’nggi 10 yilda aholining o’rtacha daromadi 10 baravar oshib, Qozog’iston bu borada qo'shnilardan o’zib ketdi va Yevropa ko'rsatkichlariga yaqinlashdi.
Hukumat oxirgi 15 yilda energetika tizimiga 100 milliard dollar sarmoya kiritib, kelasi 10 yilda yana shuncha sarflamoqchi.
Xuddi shu davr mobaynida neft ishlab chiqarish ikki karra oshishi kutilmoqda. Shunda Qozog’iston jahonda bu borada 10 yetakchi davlat safiga kiradi.
Mamlakat muvaffaqiyatlari Nursulton Nazarboyev shaxsi bilan bog’lanar ekan, mutaxassislar 70 yoshni qarshilagan prezidentdan keyin nima bo’lishini muhokama qilmoqda.
Qozog’istonlik siyosiy tahlilchi Dosim Satpayevning aytishicha, xorijiy sarmoyadorlar fikru xayoli mana shunda.
"Qozog’istonning siyosiy va iqtisodiy tizimi yolg’iz bir shaxsga borib taqalishi afsuslanarli hol. Axir uning atrofidagi barcha arboblar bir kun kelib hokimiyat uchun kurashadi, yoqalashadi", - deydi mutaxassis.
May oyida parlament ko’pchilik ovoz bilan yangi qonun qabul qilib, Nazarboyevga “milliy lider” unvonini berdi. Mazkur qonunga ko’ra, Nazarboyev istalgancha prezidentlikka saylanishi mumkin.
Nazarboyev shu kungacha siyosiy vorisi haqida lom-lim demagan. Rossiyada bo’lgani kabi, hokimiyatni bo’lishishni ham istamaydi. Qiyos - Vladimir Putin prezidentlikni Dmitriy Medvedevga bo’shatib, o’zi bosh vazir bo’ldi.
Muxolifat a’zosi Aydos Sarimning aytishicha, Qozog’istonda “Putin modeli” qabul qilinmasa, Nazarboyev mamlakatni umrining oxirigacha boshqarishiga to’g’ri keladi.
Muxolifat nazarida respublikada Nazarboyev bong urganchalik demokratiya yo’q.
Parlamentdagi har bir o’rin prezidentga moyil hukmron koalitsiya a’zosiga tegishli. Aksariyat rasmiylarni Nazarboyevning o’zi tayinlaydi.
Aydos Sarim fikricha, Qozog’iston bora-bora Leonid Brejnev hukmronligining so’nggi yillarida Sovet Ittifoqi kabi tushkunlikka tushadi.
Sovet davlati kabi Qozog’istonda ham matbuot senzura, inson huquqlari faollari esa tazyiq ostida.