Breaking News

Qirg'izistonda yangi hukumat tuzilmoqda


O’shlik faol Saltanat Fayzullayevaning aytishicha, siyosiy beqarorlik hayotning har bir jabhasiga o’z salbiy ta’sirini ko’rsatmoqda. “Tarqoqlik, ishonchsizlik hukm surayapti”, - deydi u.
O’shlik faol Saltanat Fayzullayevaning aytishicha, siyosiy beqarorlik hayotning har bir jabhasiga o’z salbiy ta’sirini ko’rsatmoqda. “Tarqoqlik, ishonchsizlik hukm surayapti”, - deydi u.

Qirg’izistonda bir necha oy davom etgan siyosiy beqarorlik va bahs-tortishuvlar ketidan parlamentda nihoyat koalitsiya tuzilgan. “Respublika”, “Ota Yurt” va Sotsial-demokratlar partiyasidan iborat ittifoq parlament spikeri va hukumat raislarini saylagan.

Bugun parlament raisi bo’lib “Ota Yurt” vakili Ahmadbek Keldibekov saylangan.

Partiyalar bitimiga ko’ra, hukumat raisi lavozimiga Sotsial demokratlar partiyasi rahbari Almazbek Atamboyev, uning birinchi muovini lavozimiga esa “Respublika” partiyasi sardori Omurbek Babanov nomzodlari ko’rsatiladi.

Aytish joizki, Qirg’izistonda parlament saylovlari joriy yilning 10 oktyabrida o’tkazilgan bo’lib, ushbu qonun chiqaruvchi tizimga besh partiya vakillari o’tgan.

Ammo hech qaysisi mutlaq ko’pchilikni tashkil etmagan.

Birinchi tuzilgan koalitsiya parlament raisini saylay olmagan va tarqatilib yuborilgan edi.

O’shlik faol Saltanat Fayzullayevaning aytishicha, siyosiy beqarorlik hayotning har bir jabhasiga o’z salbiy ta’sirini ko’rsatmoqda.

“Tarqoqlik, ishonchsizlik hukm surayapti”, - deydi u.

Bishkeklik tahlilchi Orozbek Moldaliyev koalitsiyani shunday sharhlab beradi:

Ahmadbek Keldibekov
Ahmadbek Keldibekov

“Sotsial-demokratlar partiyasi – tajribali, ko’pdan ishlab kelayotgan partiya. Bularning maqsadi – o’lkada parlament boshqaruvini yo’lga qo’yish. “Ota Yurt” partiyasi esa idealistik partiya. Aytilgan partiya vakillarini bir g’oya emas, balki parlamentga kelish maqsadi biriktirgan. “Respublika” ham o’shanga o’xshagan partiya. Unda nomi chiqmagan odamlar ko’p. Taniqli insonlar ham bor, albatta. Biroq har uchala partiyaning maqsadi – elimiz, yurtimiz tinch bo’lsin, mamlakitimiz rivojlansin”, -deydi Orozbek Moldaliyev.

“Respublika” partiyasi rahbari Omurbek Babanovning aytishicha, uch partiya o’rtasida koalitsiya borasidagi bitim ikki yilga tuzilgan bo’lib, ushbu muddat davomida tomonlar yakdil harakat qilishga kelishgan.

Ayni paytda mutaxassislar bu partiyalarning dasturlari bir-biridan ancha farq qilishiga e’tibor qaratadi. Ushbu hol koalitsiya faoliyatiga ta’sir qiladimi?

“Bularning ikki yilga tuzgan bitimi partiyalar undan ko’proq vaqtga birika olalamaganini ko’rsatmoqda. Demak, ularning resurslari faqat ikki yilga yetadi. Agarda, darhaqiqat, xalq manfaatlarini o’ylashsa, koalitsiya mustahkam bo’ladi. Yo’q, o’zlarining manfaatlari ustun
kelsa, koalitsiya uzoqqa bormaydi”, - deydi tahlilchi Orozbek Moldaliyev.

Almazbek Atambayev
Almazbek Atambayev

“Ota Yurt” partiyasi vakillari yangi hukumatda iqtisodiy-ijtimoiy masalalar bilan mashg’ul bo’lishi kutilmoqda. Organlar esa koalitsiyaning boshqa a’zolariga topshirilishi aytilmoqda.

Tashqi siyosatda ushbu ittifoqdan nima kutish mumkin?

“Hozir ko’pchilik, partiyalar liderlari Moskvaga borgani uchun, ularni Rossiyaning siyosiy elitasi qo’llab-quvvatlaydi deb o’ylashadi. Aslida ular o’zlari tanigan rus ishbilarmonlari va arboblari bilan muloqotda bo’lgan. “Siyosiy yo’nalishda biz Rossiya tomonini ko’zlaymiz”, deyishaveradi. Ammo Rossiyaning bizning o’lkamizga yordam berish uchun yirik sarmoyalari yo’q. Bu borada barcha davlatlar bilan hamkorlik qilish darkorligini siyostchilar yaxshi biladi” , - deb mulohaza yuritadi Orozbek Moldaliyev.

Siyosiy beqarorlikdan charchagan Qirg’iziston ahli hukumat tezroq tuzilib, amalda biror ijobiy o’zgarish qilishini kutmoqda.

XS
SM
MD
LG