Xalqaro hamjamiyat Qirg’iziston janubida, O’sh va Jalol-Obodda yozgi qirg’in paytida ziyon ko’rgan kichik va o’rta biznesni tiklashda yordam ko’rsatmoqda.
AQShning “Mercy Corps-Mersiko” nohukumat tashkiloti etnik to’qnashuvlar oqibatlarini bartaraf etish yo’lida loyihalarga jami 6 million dollar sarmoya ajratgan.
“Biz kichik biznesni tiklash uchun tadbirkorlarga grantlar berayapmiz. Toki yana mahsulot chiqara boshlasin yoki aholiga xizmat ko’rsatsin”, - deydi tashkilotning Qirg’izistondagi vakili Tom Xensli.
Uning aytishicha, bizneslar yana ishga tushsa, umumiy vaziyat o’nglanadi, odamlarda ertangi kunga ishonch paydo bo’ladi. Ayni paytda tashkilot oziq-ovqat ta’minoti, elatlarni yaqinlashtirish borasida ham ishlamoqda.
O’shlik tahlilchi Svetlana Gafarova nazarida Qirg’iziston iqtisodiyoti va boshqaruv tizimlarini tiklashda xalqaro tashkilotlar ko’magi zarur.
“Hozir davlat miqyosida huquq-tartibot tizimini islohot qilish borasida so’z ketmoqda. Jumladan, kadrlar almashishi, aholi bilan yaqinroq muomalada bo’lishi kutilmoqda. Bunda xalqaro hamjamiyat tajribasi qo’l keladi”, - deydi Svetlana Gafarova.
“Ikkinchidan, jamiyatning huquqiy tarbiyasiga, savodxonligiga urg’u bermoq darkor. Chunki huquqini bilgan odam o’zgalar huquqini ham biladi va o’zini himoya qila oladi”, - deydi Gafarova.
Tahlilchilar xalqaro hamjamiyat yordami mahsuldorligini oshirish darkor, deb hisoblaydi. Loyihalar bir-birini takrorlamasligi va haqiqatan yordamga muhtoj qatlamlarga yetib borishi zarur, deydi ular. Bu borada mahalliy idoralar bilan keng hamkorlik kerakligi aytiladi.