Breaking News

Xalqaro tashkilotlar O’sh va Jalol-Obodda tadbirkorlarga yordam bermoqda


Qirg’iziston janubida yozda ro’y bergan fojeadan so’ng xalqaro tashkilotlar jabrdiydalarga insonparvarlik yordami yetkazib, turmushni yaxshilashga ko’maklashmoqda.

Jumladan, bir paytlar mamlakat iqtisodiyotini tebratgan O’sh va Jalol-Obod viloyatlarida kichik biznesni rag’batlantirish ishlari olib borilmoqda.

“Har bir uydagi biznesga 500 dollargacha narsa olib berayapmiz”, - deydi O’shda faoliyat ko’rsatayotgan xalqaro gumanitar tashkilot xodimi.

“Buning ichida asboblar, tovarlar. Bo’lgan ishlardan oldin nima tirikchiligi bo’lsa, shunga qarab yordam berayapmiz. Birinchi loyihalarimizda novvoyxonalarga un, yog’, tandirigacha olib berdik. Avtomobil tuzatadigan ustaxonalarga klyuchlar, domkrat berdik. Svarochniy sexlarda apparat, bolgarka dril degan asboblargacha olib berayapmiz. Tikuvchi sexlarga tikuv mashinalari, ip-igna, dazmol ta’minladik. Magazinlarda xolodilnik, vitrinalarni taxt qildik. Birinchi loyihaga ko’ra, 100 oilaning g’amini yeyishimiz kerak. Yana 80 oilaga yetkazish niyatimiz bor”.

Birgina O’sh shahrida to’qnashuvlar paytida do’kon, boshqa savdo va maishiy xizmat nuqtalari vayron bo’lgan. Zarar ko’rgan tijorat ahli minglab kishi ekani aytiladi. O’shlik Ohun aka aholiga internet xizmati ko’rsatib kelgan. Uning ishxonasida qirg’in paytida qattiq ziyon yetgan. Tang ahvolda qolgan ishbilarmonga xalqaro tashkilot yordam qo’lini cho’zgan.

“Hamma yoqni o’g’irlab chiqib ketgan. Xalqaro tashkilotlar kompyuter, DVD lar berishdi. Ishga tushirib oldim. Kserokopiya, kompyuter, internetni ishlatayapman”, - deydi tabdirkor.

Jabrlanganlarni oziq-ovqat bilan ta’minlash dasturlari poyoniga yetib borar ekan, xalqaro tashkilotlar odamlarni faol ishga kirishishga rag’batlantirmoqda.

“Ikki oy mobaynida bu yerlarda yemak-ichmak tarqatib yurgan edik. Shunga ko’nikib qolib, hech qanaqa harakati yo’q ba'zilarning, yordam kutib o’tirishgan. Biz avvalgi bizneslarini tiklashga, ro’zg’orni o’zlari tebratishlariga yordam berib, ularni jonliroq harakat qilishga undayapmiz. Uch kun oldin monitoring qildik – 12 oiladan yarmi bizning yordamimizdan foydalanmoqda”, - deydi xalqaro gumanitar tashkilot xodimi.

Mahalliy matbuot xabariga ko’ra, Shveytasiya tomoni bir necha xalqaro tashkilot bilan birgalikda O’sh va Jalol-Obodda konserva mahsulotlari tayyorlash uchun uch markaz ochishni rejalamoqda.

Loyiha bir necha yuz ayolni ish bilan ta’minlashi mumkin. Tayyor mahsulot jabrlangan oilalarga bepul yetkazib beriladi.

Fransiya tomoni 14 ming odam uchun ishlash imkoni yaratgan. Gap asosan shaharlarni tozalash va obodonchilik ishlari haqida ketmoqda. Kuzatuvchilar bu yo’nalishda aynan xalqaro tashkilotlar faol ekanini e’tirof etadi.

XS
SM
MD
LG