Janubiy Qirg’izistonda yozda yuz bergan etnik to’qnashuvlar ortidan mahalliy davlat tizimlari hamda fuqaro jamiyati ushbu nizolar oqibatlarini bartaraf etish, bunday noxushliklarning oldini olish maqsadida yarashish marosimlari o’tkazmoqda.
Nodavlat tashkilotlar ham birdamlikni targ’ib qiluvchi turli loyihalar ishlab chiqqan va ularni amalga oshirishga kirishgan.
Xo’sh, bu tashabbuslar bugungacha nima samara berdi?
O'shdagi "Iret" jamoatchilikchilik jamg'armasi rahbari Dilbarxon Mamajusupova yoshlar bilan ishlayapmiz, tushuntirish ishlari olib borayapmiz, deydi. "O'zagimiz - tinchlikni istagan odamlarmiz", - deydi u.
Jalol-Oboddagi inson huquqlari tashkiloti xodimi Abdumalik Sharipov juda ko'p tashkilotlar ishlayapti, biroq natijasi biz kutgandek bo'lmayapti, deydi.
"Shu tomondan samarasizroq deyish mumkin. Lekin bu loyihalar kerakmas degan ma'noda emas. Kerak, bundan ham ko'proq bo'lishi kerak. Ular bugun bo'lmasa, ertaga samara beradi. Hayot davom etayapti, ikki el o'rtasida tinchlik-totuvlikni tiklash lozim. Besh yillik bir loyiha yuritayapmiz - janubda har xil tumanlarda monitoring o'tkazamiz. Yozgi voqealardan keyin qama-qamalar boshlandi. Shuni kuzatib, xatlab borishni lozim topdik" , -deydi Sharipov.
Kuzatuvchilarning aytishicha, hukumat asosan chaqiriqlar, xalq yig'inlarida da'vatlar, tushuntirish ishlari olib bormoqda. Ammo bu kabi harakatlar hozircha kutilgan natijani bermayotgani ayon.
Odamlar ko'proq amaliy ishlar o'tkazing, deydi. Eng muhimi, davlat idoralari, huquq-tartibot tizimlariga ishonchni qaytarish lozim, deydi ular.
Dilbarxon Mamajusupova nazarida hozir hukumat haqida mish-mish ko'p.
"Hukumat ish bermayapti, uni qilmayapti, buni qilmayapti, deyishadi. Ishlayman degan odam qilib ketaverar ekan. Mana, biz yoshlarni ko'rib turibmiz. Tashabbusni boshlab, hammasini eplab ketayapti ular. Biz faqat texnik jihatdan, qog'oz, qalam bilan yordam berayapmiz. Yoshlarning boshini birlashtirib, tashabbusini qo'llab-quvvatlab qo'ysangiz, hech bo'lmaganda so'z bilan, ular hamma narsaga qodir ekan. Hukumatga ochiqchasiga borib tushuntirsangiz, ishlar yurishib ketar ekan, o'zim shunga ishonch hosil qildim", - deydi Mamajusupova.
Etnik ziddiyatni yumshatishga qaratilgan qator loyihalarni xalqaro tashkilotlar moliyalaydi.
Mahalliy boshqaruv organlarida bu masala bilan shug'ullanish uchun alohida lavozim ajratish ko'zda tutilgan. Lekin bu tashabbuslar samara berishi uchun ijobiy muhit yaratish lozim, deydi kuzatuvchilar.
Deylik, mahalliy televideniyeda haligacha bir yoqlama ayblovlar, chaqiriqlar yangramoqda.
Etnik muammolar bilan shug'ullanuvchi qo'mita tuzish taklifini ko'pchilik yoqlamoqda.
"Bu Akayev paytida ko'tarilgan tashabbus edi. Bakiyev paytida dolzarb masalaga aylandi. Qirg'izistonda 80 dan ortiq elat yashaydi deyishadi. Bunday qo'mita tuzilishi kerak. Uni boshqaradigan shaxs vazir maqomida bo'lishi, to'rt-besh yilga saylanishi kerak", - deydi Abdumalik Sharipov.
Aks holda barcha tashabbuslar xalqaro tashkilotlar, xalqaro hamjamiyat uchun qilinayotgan yuzaki gaplarga o'xshab qolmoqda, deydi u.
Kuzatuvchilar nazarida hukumat o'tmishdagi xatolardan xulosa qilib, har qanday loyiha, initsiativani puxta o'ylab amalga oshirishi, xalqlar o'rtasida ishonch, oqibatni tiklashi darkor.