Mo’g’uliston prezidenti Tsakia Elbegdorj va Amerika rahbari Barak Obama o’zaro savdo, sarmoya va xalqlar orasida aloqani oshirishga kelishib oldi.
AQShga to’rt kunlik safari chog’ida 48 yoshli Elbegdorj mudofaa, demokratiya, inson huquqlari va erkinlik bobida ham birga ishlashga va’da berdi.
Qo’shma Shtatlarning Garvard Universitetida hokimiyat sirlarini o’rganib, magistr unvonini olgan Elbegdorj iqtisodiyoti o’sib borayotgan mamlakat rahbaridir.
Amerika matbuotining yoritishicha, Mo’g’uliston ommaviy axborot vositalari erkin, namoyishlar man qilinmagan, muxolifat haq-huquqi himoyada.
O’zini Chingizxon avlodi deb biluvchi bugungi mo'g'ullar Qo’shma Shtatlarning do’sti. Unga yordam qo’lini cho’zib, Iroq va Afg’onistonga askar jo’natgan.
Amerika Davlat kotibasi Xillari Klinton va Vitse-prezident Jo Bayden tez orada bepoyon, zaxiraga boy Mo’g’ulistonga safar qilishi kutilmoqda.
Xitoy va Rossiya o’rtasida joylashgan Mo’g’uliston regiondagi qo’shnilar uchun namuna, demokratiya sari olg’a qadam bosayotgan davlat sifatida ko’riladi.
Bu davlatning energetika sektori ham G’arb va Xitoyni o’ziga jalb qilib keladi.