Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi "Human Rights Watch" tashkilotining afsus bilan bildirishicha, O'zbekiston hukumati uning Toshkentdagi idorasini butunlay yopishga qaror qilgan.
Adliya vazirligi tashkilot registratsiyasini bekor qilgan, ammo sabablarini aniq tushuntirmagan, deyiladi "Human Rights Watch" bayonotida.
"Bizni haydab, O'zbekiston hukumati huquq bilan bog'liq tanqidga chiday olmasligini ayon qilmoqda",- deydi Kennet Rot, "Human Rights Watch" rahbari.
Nyu-Yorkda asoslangan bu tashkilot AQSh va Yevropa Ittifoqidan O'zbekiston hukumati qarorini qoralab, zarur choralar ko'rishni so'ramoqda.
Tashkilotning O'zbekistondagi vakili bo'lgan Stiv Sverdlov fikricha Islom Karimov va uning ma'muriyati huquq himoyachilarini bosim ostiga olib, tegishli muassasalarga mamlakatdagi vaziyat bilan tanishish imkoniyatini bermay, xalqaro majburiyatlariga qarshi yo'l tutmoqda.
"O'zbekistonda inson huquqlari muntazam ravishda poymol etilishi hammaga ayon va biz ahvolni o'rganishda, bu borada dunyo ahliga axborot berish davom etamiz",- deydi Sverdlov.
10 mart kuni O'zbekiston Oliy Sudi Human Rights Watch bilan bog'lanib, unga Adliya vazirligi tashkilotning Toshkentdagi idorasini musodara qilishga tayyorlanayotganini ma'lum qilgan.
"Human Rights Watch" O'zbekistonda rasman 1996 yildan beri ishlab kelar edi. Bu davr mobaynida tashkilotning bir necha xodimlari tazyiqqa uchragan, mamlakatdan chiqarib yuborilgan.
Tashkilot o'z hisobotlarida O'zbekistonni qiynoqlar makoni sifatida tasvirlaydi. Qamoqxonalarda ahvol ayanchli ekani, respublikada insonning eng uzviy huquqlari kundalik ravishda buzilishini qayd etib keladi.
"Human Rights Watch" vakili Stiv Sverdlov bilan qilgan TV suhbatimizni mana shu yerda tomosha qilishingiz mumkin.