O’zbekistonda sud “Amerika Ovozi” jamoatchi muxbiri Abdumalik Bobayevni uch modda bo’yicha aybdor topib, jarima bilan jazolashga qaror qilgan.
18 million 86 ming so’m haqida gap ketmoqda. “Amerika Ovozi” hukmdan norozi va jurnalist taqdiridan xavotirda.
Uzoq yillardan beri “Amerika Ovozi” bilan hamkorlik qilib kelayotgan, Malik Mansur taxallusi bilan qalam tebratgan Abdumalik Bobayev, sud hukmida aytilishicha, o’z materiallari orqali haqorat va tuhmat tarqatgan va jamoat xavfsizligiga raxna soluvchi ma’lumotlar uzatib turgan.
Unga chegarani noqonuniy kesib o’tganlik aybi ham qo’yilgan edi, lekin sud uni bu ayblovdan forig' qilgan.
Bobayev o’zini mutlaqo aybsiz deb biladi.
Jurnalist sakkiz yilga qamaladi degan xavotir bor edi. Sud jarima bilan kifoyalanib, jurnalistni qo’yib yuborgan. Jurnalist juda ko’p insonlar beayb qamalib ketganini kuzatgan, yoritgan.
“O’zim ham shunday qamalamanmi deb vahima bosayotgan edi”, - deydi Abdumalik Bobayev. Kecha tongda sudga jo’nar ekan, “har qanday hukmga tayyor edim. Advokatim ham ogohlantirgan edi”, - deydi u.
“Amerika Ovozi” direktori Den Ostin “Abdumalik Bobayev qamoq jazosiga hukm etilmaganidan mamnunmiz. Biroq jurnalist kasbini ado etgani uchun jarimaga loyiq topilgani xavotirga molik. Vaziyatni ko’zdan qochirmayapmiz. Abdumalik Bobayev tahdid ostida emas, erkin holda va xolis axborot uzatishda davom etadi degan umiddamiz”, - deydi janob Ostin.
Oxirgi ikki yilda O’zbekistonda sakkiz jurnalist qamalgan. Shu hafta sud rossiyalik muxbir Vladimir Berezovskiyni tuhmatda aybdor topib, amnistiya munosabati bilan shu zahoti qo’yib yuborgan.
Vesti.uz saytining muharriri Berezovskiy ayblar asossiz deya ishni apellyatsiyaga oshirmoqchi.
Abdumalik Bobayevning advokati Sergey Mayorov ham “Apellyatsiya ustida o’ylanayapmiz”, - deydi. “Biroq eng qo’rqinchli taxminlar ortda qolgani muhim. Bundan yengil tortdik”, - deydi u.
“Yana bir muhim jihati – bir ayblov olib tashlandi. Bundan tashqari sud tomonidan biror bosim bo’lmagani, har bir arz diqqat bilan tinglangani e’tiborli. Albatta, barcha talablar ham qondirilgani yo’q. Lekin ish tez va samarali ko’rildi”, - deydi Mayorov.
Mayorovning aytishicha, apellyatsiya qilish-qilmaslik uchun 10 kun muhlat bor. “Bu payt ichida hukm kuchga kirsa, jarimani qanday to’lash yo’llarini izlash kerak bo’ladi. Qonunga ko’ra, jarimani qachon to’lash masalasi ustidan arz yo’llash mumkin”, - deydi Mayorov.
Bobayev va Berezovskiyning ishi xalqaro hamjamiyat diqqat markazida bo’ldi. Jurnalist kasbini ado etgani uchun sudlanmoqda deya O’zbekistonga tanqid toshlari yog’ildi.
Huquq himoyachisi Surat Ikromov fikricha, xalqaro bosim kuchli bo’lgani uchun ham jurnalistlarga yengilroq hukmlar o’qildi.
“Afsuski, bunday davlatda ertaga nima bo’lishini oldindan aytish qiyin. Menimcha, hukumat shu bilan cheklanib qolmaydi va shu kabi tergov va sudlar davom etaveradi. Jurnalistlarni qo’rqitish uchun qilinayapti bu”, - deydi Surat Ikromov.
AQShning Toshkentdagi elchixonasi O’zbekiston rasmiylarini savolga tutib, Abdumalik Bobayev masalasini qayta-qayta ko’targan. Amerika diplomatlari sudni bevosita kuzatib borgan.
Sud hukmi ma’lum bo’lgach, elchixona “Bobayev ozod ekanidan mamnunmiz” deya bayonot bergan.
"Biroq Amerika nazarida O’zbekistonda matbuot erkinligi bilan bog’liq vaziyat og’ir va bunday bosimlar qanday oqibatlarga yetaklashi mumkin ekani xavotir uyg’otadi” deya bildiradi elchixona.