Breaking News

Sud boshlandi. Toshkentdan esa oddiy savol: AQSh nima qilayapti muxbirni qutqarish uchun?


Sud boshlandi. Toshkentdan esa oddiy savol: AQSh nima qilayapti muxbirni qutqarish uchun?
Sud boshlandi. Toshkentdan esa oddiy savol: AQSh nima qilayapti muxbirni qutqarish uchun?

“Amerika Ovozi” ning O’zbekistondagi jamoatchi muxbiri, Malik Mansur taxallusi bilan uzoq yillardan beri faoliyat yuritib kelgan Abdumalik Bobayev Toshkentda sudga tortilmoqda.

Bugun, jarayonning birinchi kunida, Mirzo Ulug’bek tumani sudida jurnalistga qo’yilgan ayblovlar o’qib eshittirilgan. Muxbirimiz o’z reportajlari orqali tuhmat, uydirma tarqatganlikda va shu tariqa jamoat xavfsizligi va tartibiga raxna solganlikda hamda chegarani noqonuniy kesib o’tganlikda ayblanmoqda.

Sud dushanba kunigacha tanaffus e’lon qilgan. Abdumalik Bobayevning himoyachisi Sergey Mayorov bugun qator talablar qo’ygan, lekin ularning birortasi inobatga olinmagan.

Mayorov o’zbek tilini bilmagani uchun tarjimon so’raganida, sudya Sa’dulla Ashirmatov sud rus tilida kechadi deya qaror qilgan.

Shuningdek, advokat ayblov xulosalari puch; guvohlik bergan ekspertlar qayta ko’rilsin; ommaviy axborot vositalari monitoring markazi xodimlari chaqirilsin; nafaqat chegara xavfsizligi balki bojxona xizmatidan hamda odamlar kelsin; prokuratura hujjatlarida ayrim ma’lumotlar noto’g’ri berilgan; faktlarga asoslanmagan deb aytgan. Sudya ularni rad etgan.

Hamkasbimiz, nafaqat “Amerika Ovozi” balki boshqa ommaviy axborot vositalari va professional tashkilotlar tomonidan ham iqtidorli, ishonchli, haqiqiy jurnalist deb e’tirof etilayotgan Abdumalik Bobayev unga qo’yilayotgan barcha ayblarni asossiz deb biladi.

Sud boshlandi. Toshkentdan esa oddiy savol: AQSh nima qilayapti muxbirni qutqarish uchun?
Sud boshlandi. Toshkentdan esa oddiy savol: AQSh nima qilayapti muxbirni qutqarish uchun?

“Men o’z faoliyatim davomida “Amerika Ovozi” jurnalistik prinsiplariga muvofiq maqolalarimda imkon qadar turli tomonlarning fikr-mulohazalarini aks ettirishga harakat qilganman.Men yozgan maqolalar davlat idoralari, tashkilotlarni tanqid ostiga olgan bo’lishi mumkin, lekin ularda haqoratlash, tuhmat qilish yo’q. Tanqidiy maqola yoki tanqidiy fikrni jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid solishi mumkinligi haqidagi ayblov, aniqrog’i Monitoring markazi eskpertlarining bu xulosasini asossiz deb hisoblayman”,- deydi Abdumalik Bobayev.

Advokat Sergey Mayorov bu markazdan uch mutaxassisni savolga tutib, ularning bu soha yuzasidan qanchalik bilim va malakaga ega ekani va ushbu ishni tahlil qilganida qaysi qonun va moddalarga asoslanganini so’ramoqchi.

Bugungi sud jarayonini yaqindan kuzatgan huquq himoyachisi Surat Ikromov fikricha, bu jinoiy ish soxta va uydirma dalillardan iborat ekani hammaga ayon. O’zbekistonda o’zi, deydi u, Abdumalik Bobayev singari nari borsa 4-5 jurnalist qolgan.

“Men o’ylaymanki, shu yilning o’zida, uzog’i bilan bir yildan keyin O’zbekistonda birorta jurnalist qolmaydi. Hammasiga nisbatan shunday jinoiy ishlar qo’zg’ab, ularning butun faoliyatini to’xtatib qo’yadi hukumat”.

Ayblov xulosasida jurnalistning o’tgan yili “Amerika Ovozi” da, mana shu kundalik dasturlarimizda efirga ketgan qator lavhalari tilga olinadi.

Mavzular O’zbekistondagi iqtisodiy ahvol, odamlarning ish qidirib Rossiya va boshqa yurtlarga ketayotgani, iqtisodiy inqirozning mamlakat hayotiga ta’siri, paxtachilik va dalalardagi manzara, inson huquqlari va fuqaro erkinliklari bilan bog’liq vaziyat.

Abdumalik Bobayev real muammolarni ko’tarib chiqqani va ular aynan o’zbek tilida yozilib, havo to’lqinlarida va internetda tarqatilgani xavfsizlikka tahdid deya talqin etilmoqda.

Bu O’zbekiston jamiyati uchun fojiali bir hol, deydi Abdulla Tojiboy o’g’li, Toshkentda Bosh prokuratura oldida norozilik namoyishiga chiqqan faol.

“Maqsad O’zbekistonda so’z va matbuot erkinligini bo’g’ish. Chunki hukumatga haqiqat, to’g’rilik yoqmaydi. Bu hukumat nafaqat o’z qonunlari balki xalqaro qonunlarni ham qo’pol ravishda buzib kelmoqda”,- deydi u.

Sud boshlandi. Toshkentdan esa oddiy savol: AQSh nima qilayapti muxbirni qutqarish uchun?
Sud boshlandi. Toshkentdan esa oddiy savol: AQSh nima qilayapti muxbirni qutqarish uchun?

Amerika nima qilmoqda “Amerika Ovozi” muxbirini qutqarish uchun?

Qo’shma Shtatlar jurnalistga nisbatan jinoiy ishga norozilik bildirib, O’zbekiston rahbariyatiga murojaat qilgan va diplomatlarning bizga aytishicha bu borada muzokara ham ketayapti.

AQShning Toshkentdagi elchixonasi va Vashingtonda Davlat departamenti bayonotlar chiqarib, “Amerika Ovozi” muxbiri o’z faoliyati uchun sudlanayotgani yuzasidan qattiq tashvish bildirgan.

Bugun AQShning uch diplomati Britaniya vakillari qatorida sud zaliga kiritilmagan. Ularga O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi orqali Oliy Suddan maxsus ruxsat olinishi kerakligi aytilgan.

AQSh elchixonasi “Dushanba kuni sud zaliga kirishga harakat qilamiz” deya bildirmoqda.

Vashingtonda rasmiylar Bobayev ishi O’zbekiston bilan aloqalarga salbiy ta’sir qilishi, oradagi hamkorlikka putur yetkazishi tayin deydi. Davlat departamenti rasmiysi Maykl Tren "bu ishdan qattiq xavotirdamiz" deydi.

Venada AQShning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidagi elchisi Yan Kelli jurnalistga qo'yilgan ayblovlarni asossiz va adolatsiz deb atagan.

Vashingtondagi umumiy umid shuki, O’zbekiston gapga dashnom yoki do’q emas, muloqot orqali ko’nishi mumkin.

Amerikaning bu kabi passiv diplomatiya olib borayotgani bu katta xato, deydi Toshkentdan Surat Ikromov.

Davlat departamenti Abdumalik Bobayev ishi yuzasidan O'zbekiston hukumati bilan gaplashayotganini aytmoqda
Davlat departamenti Abdumalik Bobayev ishi yuzasidan O'zbekiston hukumati bilan gaplashayotganini aytmoqda

“Aktiv ish olib borgani ma’qul bo’lardi deb o’ylayman, negaki, mening fikrimcha, Amerika Qo’shma Shtatlari eng qudratli, eng kuchli, nufuzli, juda katta davlat. O’zbekiston hukumati mening nazarimda Amerika bilan yaxshi munosabatda bo’lishni xohlaydi. Dialogda bo’lishni xohlaydi. Buni men juda ko’p eshitaman. Yevropa Ittifoqi ham gapiriladi, lekin AQSh bilan yaqin aloqada bo’lish istagi sezilib turadi”, - deydi huquq himoyachisi.

Uning fikricha, Vashington Toshkent bilan ochiq gaplashishi, qat’iy shartlar qo’yishi kerak. Bunga uning qurbi yetadi axir, deydi u.

“Diplomatiya og’ir narsa-da… Mana shu yo’l bilan Andijon voqealarini ham yopdi-yopdi qilib yuborishdi. Aktiv siyosat yuritishi kerak. Masalan Yevropa Ittifoqi o’sha paytda Andijon yuzasidan qattiq turganda edi, ancha yutuqqa erishilgan bo’lardi. Mana shu bugungi ahvol, shu ish ham o’sha loqaydlik oqibati. Bu hukumati o’zini shunday sezayaptiki, biz nima istasak qilaveramiz, hamma narsa (qarshilik va tanqid) o’tib ketaveradi degan qabilda yo’l tutayapti”.

Surat Ikromov, huquq himoyachisi
Surat Ikromov, huquq himoyachisi

Qo’shma Shtatlar bayonot va panadagi so’zlashuvlar bilan cheklanib, deydi Surat Ikromov, O’zbekiston xalqiga yordam berish, uning dardini tushunushini ko’rsatish uchun yana bir imkoniyatni boy bermoqda.

Minglab odamlar isbot-dalilsiz jinoyatchi deb topilib qamalib ketdi. Mana jurnalistlarning holini qarang, deydi huquq himoyachisi. O’zbekistonda mustaqil jurnalistika degan narsa qolmadi, jurnalistman deganlarning bari hozir davlat teleradiolarida ishlaydi. Ularning birortasi hukumatni savolga tuta olmaydi. Rahbarlarning muddaosi ham o’zi shu.

Amerika rasmiylariga buni eslatsangiz, ular “Respublikada erkinlik ahvoli og’ir ekani oydek ravshan, buni yaxshi bilamiz”, - deyishadi.

Lekin hozir tarozining narigi pallasida boshi berk ko’chaga kirib qolgan afg’on urushi turibdi. Obama ma’muriyati Afg’onistondagi harbiy va noharbiy harakatlarni eng dolzarb masala deb belgilagan.

Vashingtondagi siyosatdonlar har safar O’zbekiston bilan aloqa haqida gapirganida, bu davlat orqali xalqaro koalitsiya uchun zarur yuk olib o’tilayotganini tilga oladi.

Buning ustiga hozir Kongress a’zolarining fikru-xayoli yaqinlashayotgan saylovlarda. Har ikki palata a’zolari qayta saylanish uchun Vashingtondan o’z shtatiga ravona bo’lgan, ular qatorida huquq va demokratiya uchun jon kuydiradigan, tashqi siyosatda unga urg’u beradigan arboblar ham.

Ayni damda AQShning Toshkentda elchisi ham yo’q. Obama ma’muriyati elchilikka yaqingacha Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha davlat kotibi muovini bo’lib ishlagan Jorj Krolni nomzod etib ko’rsatgan. U saylovlardan keyingina tasdiqlanishi mumkin.

Toshkentda missiya boshlig’i vazifasida o’tirgan Dveyn Butcher O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qilib, vazir o’rinbosarlari bilan gaplashgan.

Robert Bleyk, AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha muovini "Amerika Ovozi" bilan suhbatda
Robert Bleyk, AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha muovini "Amerika Ovozi" bilan suhbatda

Davlat departamenti “Amerika Ovozi” rahbariyati bilan aloqada va “Toshkentdagi vaziyatni yaqindan kuzatayapmiz” deb kelmoqda.

“Amerika Ovozi” tabiiyki O’zbekistondagi muxbiri taqdiridan qattiq tashvishda va sud adolatli o’tishiga chaqirmoqda.

Surat Ikromov nazarida esa bu harakatlarning o’zi yetmaydi. O’zbekistondagi vaziyatga, huquq va erkinlik oyoq osti qilinayotganiga ko’z yumish uzoq muddatda qimmatga tushadi.

“Bu ishni to’xtatish uchun qo’ldan kelgan hamma narsani qilish kerak. Bu buyurtma bir ish. Qalbakilashtirilgan hujjatlar. Necha yillardan beri shu ahvol. Qancha qancha jurnalistlar, faollar, muxolifatchilar… Bu qachon tugaydi? Ahvol yildan yilga yomonlashib bormoqda”, - deydi Surat Ikromov.

“Qachongacha erkalatib o’tiradi bularni o’sha katta davlatlar, ularning demokratik rahbarlari? Axir bular bilan o’tirib gaplashish kerak, tushuntirish kerak. Bo’lmasa, unda muloqotdan nima foyda? Bu jurnalistning hammasini qamab yuborsa, bu yopiq davlat emasmi? O’zini demokratik deb bilgan davlatlar qanday qilib chidab o’tiribdi? Bizga shunday paytda yordam bermasa, qachon yordam beradi ular? Aktiv pozitsiyaga o’tishi kerak, ayniqsa Amerika Qo’shma Shtatlari”.

Bu davlat rasmiylari, xususan region bo’yicha mas’ul Robert Bleyk esa har safar “Amerika Ovozi” bilan gaplashganida, “O’zbekistondagi holatga ko’z yumayotganimiz yo’q, yuzma-yuz uchrashuvlarda huquq katta muammo ekanini har doim eslatamiz”, deydi.

Bugungi siyosat O’zbekistonni so’kishga emas, u bilan o’zaro manfaatlar yo’lida til topishishga asoslangan, deydi u. Fuqaro huquqlarining poymol etilishi, deydi Amerika arboblari, eng avvalo o’sha jamiyat va uning boshida turganlarga zarar keltiradi. Buni hukumat tushunishi kerak, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG