Breaking News

Yozda saylovchidan rosa dakki yegan qonunchilar ishga qaytdi


Yozda saylovchidan rosa dakki yegan qonunchilar ishga qaytdi
Yozda saylovchidan rosa dakki yegan qonunchilar ishga qaytdi

AQSh Kongressi a’zolari yozgi ta’tilni yakunlab, Vashingtonga qaytgan.

Hammaning diqqati ishsizlik muammosida, lekin yechimga kelganda respublikachi va demokratlar turlicha fikrda.

Bu yoz Vashingtonda keskinlik avjiga chiqdi. Nima masala bo’lmasin, partiyalar bir-birini qoralash bilan band bo’ldi. Davlat qarzi yuzasidan tortishuv bir amallab hal etilgach, qonunchilar ona shtatlariga yo’l oldi.

Vakillar Palatasi spikeri, respublikachi Jon Beyner demokrat prezident Barak Obamani murosa qilishdan bosh tortayotganlikda ayblab kelmoqda.

“Bir yoqadan bosh chiqaraylik deb men nelarga ko’nmadim. Prezident bilan kelishib ishlashga tayyor ekanimni qayta-qayta isbotladim. Lekin prezident qo’lini qovushtirib o’tiribdi”,- deydi Beyner.

Siyosiy tahlilchi Norman Ornshteyn fikricha, qonunchilar yozda saylovchilar bilan uchrashib ancha sergak tortgan.

“Kongress a’zolari ta’til paytida o’z shahar va tumanlarida odamlar bilan davra qurib, ularning ko’nglini ovlaydi. Ammo bu safar siyosatchilar yuragini hovuchlab yurdi. Chunki omma ulardan juda norozi, g’azabda. Uchrashuvlarda ularni rosa so’kishdi”,- deydi Ornshteyn.

So’kkanda ham bormi, xalq to’lqin deb bekorga aytishmaydi. Qonunchilar qayerga bormasin, odamlardan dakki yedi. Kongressni tarqatib yuborish kerak, vakillardan biror naf yo'q degan gaplarni har yerda eshitasiz.

Iqtisodiy muammolar, ayniqsa, davlat qarzi bilan bog’liq kelishmovchiliklarni hal etish uchun prezident va Kongress hamkorlikda maxsus hay’at tuzgan. Olti respublikachi va olti demokrat a’zo unga.

“Super qo’mita” deb nomlangan bu guruhga katta umidlar bog’langan,- deydi Jonatan Allen, tahlilchi.

“Bu “super qo’mita” byudjetdagi bir yarim trillion dollarlik kamomadni qanday qilib pasaytirish yo’lini topishi kerak. Qay sohalarga ko’proq va qaysilariga kamroq mablag’ ajratish kerak? Qaysi dasturlarni bekor qilib, kimga ko’proq soliq solish kerak? Mana shu savollarga javob qidirayapti bu ha’yat”.

Norman Ornshteyn deydiki, Amerika xalqi qaysar siyosatchilardan charchagan.

Kongress a’zolari xalq manfaatini o’ylamay qo’ygan, faqat qayta saylanish payida, deydi u.

“Barak Obama nima taklif bilan chiqishidan qat’iy nazar respublikachilar yo’q deb turib olgan. Uni eshitishni ham istashmaydi. Nimaiki muammo bo’lmasin, respublikachilar bir gapni qaytaraveradi: hukumat kengayib ketdi; mablag’ni ayab ishlatmayapmiz; demokratlar tizimni buzayapti; Amerikani orqaga qaytarish kerak, kerak bo’lsa, Franklin Ruzveltdan oldingi davrga”.

Ya’ni, deydi respublikachilar, xususiy sektor ustidan nazoratni pasaytirib, iqtisodni hukumat emas, bizneslar idorasiga topshirish lozim.

Barak Obama ishsizlikka qarshi qanday choralar taklif qilishidan qat’iy nazar muxolifat undan mana shuni talab qilishda davom etadi. Maqsad - kelasi yilgi saylovda Oq Uyni demokratlardan tortib olish, Kongressda esa ularning kuchini oshirish.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG