Respublikachilar va demokratlar orasidagi siyosiy olishuv natijasida Amerika hukumati ishdan to’xtatishi mumkin. Kongress 8 aprel kuni yarim kechagacha byudjetni tasdiqlamasa, davlat idoralari yopiladi.
Vakillar Palatasida ko’pchilik o’rinni egallagan respublikachilar davlat sarf-xarajatini keskin kamaytirishni talab qilmoqda.
Gap bu yilgi byudjet, dunyodagi eng yirigi, 3,8 trillion dollarga teng loyiha ustida ketmoqda. Sarf-xarajat borasida siyosiy kelishmovchilik shu qadar keskinki, Kongress a’zolari uni oyma-oy tasdiqlab kelmoqda. 2011 yilgi daromad 2,7 trillionni tashkil etsa, yuqoridagi raqamning qolgani kamomad. AQSh davlat qarzi bu yil 15 trillion dollardan oshishi kutilmoqda.
Demokratlar respublikachilarning talablariga qarshi. Oq Uy va Kongress muzokarada. Murosaga kelmasdan iloj yo'q, deydi prezident Barak Obama.
Masalaning xalqaro jihati shuki, Obama ma’muriyati tashqi ishlar, ya’ni diplomatik maqsadlarda joriy yilning oktabr oyigacha, aniqrog’i moliya yili oxirigaca, 63 milliard dollar so’rayotgan bo’lsa, respublikachilar uni 36 milliard dollarga tushirmoqchi.
Byudjet vaqtida tasdiqlanmasa, ikki millionga yaqin davlat xizmatchisi maoshsiz qoladi.
Endilikda Kongressning Vakillar Palatasida konservativ kuchlar hukmron, Senat esa hamon demokratlar qo’lida. Orada mafkuraviy jang ketmoqda.
Konservatorlar liberal prezidentni pulni ayamay ishlatayotganlikda ayblaydi, Oq Uy esa respublikachilarni siyosiy nayranglarda.
Byudjet uchun kurash ortida asosan “Choychilar” harakati deb tanilgan o’ta konservativ guruh turibdi. Ularning ustuvor maqsadi federal hokimiyatning hajmi, byudjeti va vakolatini tamoman cheklash.
Bu harakat Amerika bo’ylab targ’ibot ishlariga zo’r berib, ommani Vashingtonda o’tirgan rahbarlarni ko’proq savolga tutishga undamoqda. “Choychilar” nazarida hukumat o’ylamasdan xarajat qilishga o’rgangan va bunga nuqta qo’yish vaqti keldi.
“Choychilar” harakati ko’plab respublikachilarni quvvatlab, ularning Kongressga saylanishi yoki u yerdagi o’rnini saqlab qolishi uchun ovoz berib, bu arboblardan katta va’dalar olgan.
Bugungi tortishuvlar - mana shu va’dalarni amalga oshirish uchun qilinayotgan harakat mahsuli.
Respublikachi kongressmen Pol Rayan, Vakillar Palatasida Byudjet masalalari qo’mitasi raisi, bu yilgi sarf-xarajat ham, kelasi yilgisi ham qisqaradi tamom, deydi.
"Bundan boshqa yo’l yo’q. O’zgarish qilish vaqti keldi. Yo’q pulni qayerdan olasiz”? - deydi u.
Aleks Brill, konservativ siyosat bo’yicha tahlilchi, Kongressdagi bugungi kayfiyatni shunday izohlaydi:
“Yangi saylangan konservativ qonunchilar Vashingtonga murosa qilish uchun kelmagan. Ular demokratlarni yer tishlatmoqchi. Bu arboblar kelishuv haqida o’ylayotgani yo’q, maqsad demokratlar nima desa yo’q deyish”.
Demokratik Partiya ta’biricha, respublikachilar va ularning yanada konservativ hamkorlari mamlakat ravnaqini emas, o’z siyosiy kelajagini o’ylab, butun tizimni xavf ostiga qo’ymoqda.
“Ortiqcha xarajat qilishni biz ham xohlamaymiz, byudjet talabga asoslanadi”, - deydi Senatda demokratlar sardori Garri Rid.
“Respublikachilar xalq manfaatini o’ylab ish qiladi degan umiddamiz, o’yinni bas qilish kerak”, - deydi u.
Oq Uydan ham shu mazmundagi chaqiriqlar kelmoqda. Prezident Obama har bir dollar Amerika ravnaqi uchun sarflanadi, buni tekshiruvchi tizim bor axir, deydi.
“Xalq uchun zarur mablag’ ajratilishi kerak. Hozir Vashingtonda kim zo’r deb olishish vaqti emas”, - deydi prezident.
Siyosiy tahlilchilarning tushuntirishicha esa muammo negizi ikki yirik partiya asosiga borib taqaladi.
Demokratik Partiya kuchli federal hokimiyat tarafdori. Taraqqiyot, progress kaliti boshqaruvda deb biladi.
Respublikachilar Partiyasi esa federal hokimiyat hajm jihatdan kichikroq bo’lishi va mahalliy masalalarga aralashmasligi lozim deb hisoblaydi. Taraqqiyot, bu partiya nazarida, xususiy sektor kengayishi bilan bog’liq.
Oxirgi marta Amerikada byudjet yuzasidan bunday keskinlik 1995 va 1996 yilda, demokrat Bill Klinton prezidentligi davrida kuzatilgan. Jamoatchilik unda asosan respublikachilarni ayblagan.
Bu safar omma kimni ayblashi hozircha aniq emas, deydi ijtimoiy tadqiqotchi Piter Braun.
“Kamomad shu qadar yuqori ekanidan norozi amerikaliklar ko’p. Odamlar har bir dollarni ayab ishlatadigan vaqt keldi, pulimizni qadrlash kerak deyapti. Lekin boshqa tomondan siyosiy o’yinlardan ham to’ygan”, - deydi u.
Byudjet tasdiqlanmasa, buning Iroq va Afg’onistondagi harbiy harakatlarga ham ta’siri katta bo’ladi.
Kelishmasdan iloj yo’q, deydi siyosatdonlar, faqat unga vaqtida erishish kerak. Davlat idoralari ishdan bir kunga ham to’xtab qolsa, tizimda katta uzilish bo’ladi.
Sarf-xarajatni kamaytirishga aslida hech kim qarshi emas, ammo nima sohada va qanday maqsadda? Kongress a’zolari bu borada turlicha fikrda.