Breaking News

Kongress va Oq Uy byudjet yuzasidan kelishdi


Kapitoliy, AQSh qonunchilik organi joylashgan bino
Kapitoliy, AQSh qonunchilik organi joylashgan bino

Amerikadagi ikki hukmron partiya o’rtasidagi siyosiy to’qnashuvlar sabab hukumat 9 aprel kunidan binoan ishdan to’xtab qolishi mumkin edi.

Lekin tomonlar uzluksiz bahs va munozaralar natijasida davlatning bu yillik byudjeti bo’yicha kelishuvga erishgan.

Vakillar Palatasida hukmron respublikachilar xarajatni keskin kamaytirish kerak deb turib olgan. Senatda ko’pchilik demokratlar esa gap nafaqat raqamlarda, bu yerda mafkuraviy tafovutlar ham bor deydi.

Kongress va Oq Uy byudjet yuzasidan kelishdi
Kongress va Oq Uy byudjet yuzasidan kelishdi

Prezident Barak Obamaning aytishicha, muzorakalar juda qiyin kechdi, ammo yechim topishga muvaffaq bo'lishdi.

“Hukumat ishini davom ettiradi. Muxolifat bilan bir narsada hamfikrmiz, ya’ni har bir jamiyat ko’rpaga qarab oyoq uzatishi kerak",- deydi prezident.

Gap bu yerda joriy yilning qolgan qismi uchun mo'ljallangan xarajat haqida ketmoqda.

Demokratlar deydiki, respublikachilar byudjet loyihasiga kiritgan ayrim bandlar kelishuvga to’g’anoq bo’lib turibdi.

Abort qilish klinikalariga byudjetdan mablag’ ajratish, ekologiyaga doir qonunga o’zgartirishlar kiritish kabi masalalar shular jumlasidan.

Vakillar Palatasida hukmron respublikachilar nafaqat joriy yil balki kelasi yilgi byudjetni ham keskin qisqartirishga bel bog'lagan.
Vakillar Palatasida hukmron respublikachilar nafaqat joriy yil balki kelasi yilgi byudjetni ham keskin qisqartirishga bel bog'lagan.

Bu yilgi byudjet, dunyodagi eng yirigi, 3,8 trillion dollarga teng. 2011 yilgi daromad 2,7 trillionni tashkil etsa, yuqoridagi raqamning qolgani kamomad. AQSh davlat qarzi bu yil 15 trillion dollardan oshishi kutilmoqda.

Obama kelishuv ketidan Oq Uyda gapirar ekan, quvonchini yashira olmadi.

"Bu demokratiya",- deydi prezident.

"Hammaning fikri tinglandi, fikr almashildi, rosa tortishdik va natija yomon emas. Yilning qolgan qismi uchun xarajat 38 milliard dollarga kamayadi. Lekin hukumatimiz o'z oldiga qo'ygan ustuvor vazifalar uchun mablag' bor",- dedi Obama.

Senatda hukmron demokratlar sardori Garri Rid
Senatda hukmron demokratlar sardori Garri Rid

Vakillar Palatasi spikeri, respublikachi Jon Beyner deydiki, asl maqsad Amerikaning kelasi 10 yillik sarf-xarajatlarini 500 milliardga kamaytirish.

Demokratlar konservativ raqiblarini siyosiy nayranglarda ayblaydi.

"Biz ham kamroq xarajat tarafdorimiz",- deydi Senatda demokratlar sardori Garri Rid.

"Lekin pulni qanday maqsadda ishlatayotganimiz ham muhim emasmi. Biz ta'lim, texnologiya va taraqqiyot dasturlari uchun mablag'ni kamaytirishga qarshimiz",- deydi u.

Obama, Beyner va Rid orasidagi kelishuvga asosan Kongress byudjet loyihasini kelasi hafta ma'qullashi kutilmoqda.

Respublikachilar demokrat prezidentni byudjetni qisqartirishga ko'ndirganidan, Obama esa hukumat ishi to'xtab qolmaganidan mamnun. Bahs-tortishuvlar esa davom etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG