Breaking News

AQSh siyosati yoqmasa, lobbichilardan so'rang


Lobbichilar - Amerikada qabul qilingan har bir qaror va qonun ortida turgan qudratli guruhlar, usta vositachi va aloqachilardir.
Lobbichilar - Amerikada qabul qilingan har bir qaror va qonun ortida turgan qudratli guruhlar, usta vositachi va aloqachilardir.

Amerika siyosatini belgilovchi muhim kuchlardan biri lobbichilar bo’lib, ular turli sanoat va soha manfaatlari uchun kurashuvchi guruhlardir.

AQSh konstitutiyasi lobbichilikka ruxsat bersada, lobbichilar xalq orasida yaxshi nomga ega emas. Rahbarlar ham ularni odatda xalq mulkini o’marishga harakat qilayotgan qora kuchlar sifatida ta’riflaydi.

Lekin siyosatchilar azaldan lobbichilarga tayanib ish ko’radi. Amerikada hammaning lobbichisi bor, bog’cha bolalaridan tortib, pensionerlargacha.

Qo’shma Shtatlarda qonunlar oshkora, omma ko’z oldida vujudga keladi. Loyiha Kongressda tanishtirilib, muhokama qilinib, so'ngra ovozga qo'yiladi. Keyin esa ijroiya organiga uzatiladi. Qonunni amalga oshirish bu organ va uning tarkibidagi o’nlab vazirlik va agentliklar zimmasida.

Bu qonun taalluqli bo’lgan soha va shaxslar esa albatta uning yaratilish jarayoniga o’z hissasini qo’shishga, amaliyotiga ta’sir o’tkazishga urinadi. Mana shu harakat lobbichilik deb ataladi.

Lobbichilik faqat Vashingtonda emas, butun Amerika bo’ylab olib boriladi.

Lobbichilar - Amerikada qabul qilingan har bir qaror va qonun ortida turgan qudratli guruhlar, usta vositachi va aloqachilardir.
Lobbichilar - Amerikada qabul qilingan har bir qaror va qonun ortida turgan qudratli guruhlar, usta vositachi va aloqachilardir.

AQSh bosh qomusida lobbichilik siyosiy qaror chiqarish jarayonining bir qismi sifatida qayd etiladi. Bu sohadan dars beruvchi professor Mark Romning tushuntirishicha, lobbichilik fuqaro huquqidir. Har bir shaxs o’z manfaati uchun kurasha oladi.

“Konstitutsiyaga binoan biz uyushish huquqiga egamiz. Hukumatni tanqid qila olamiz, erkin fikr bildira olamiz va erkin matbuotga yo’l berilgan. Bu degani biz siyosat o’zgarishi uchun o’z hissamizni ham qo’sha olamiz”.

Shunday ekan, Amerika fuqarolari qonun chiqarish organiga bemalol murojaat qilishlari, yozishlari va Kongress oldida turib, namoyish qilishlari ham mumkin.

Fuqaro mavjud qonunlarni quvvatlashi yoki qoralashi mumkin. Muhokamadagi loyihalarni yoqlash yoki yoqlamaslik huquqiga ega.

Mark Rom Vashingtondagi Jorjtaun Universiteti professori
Mark Rom Vashingtondagi Jorjtaun Universiteti professori

Bu ishlarda faol odamlar – lobbichilar. Ular odatda muayyan bir guruh nomidan gapiradi. Siyosatchilar bilan aloqaga kirib, bu guruh dardini tushuntiradi.

“Lobbichilik rivojlanishida xususiy sektor va erkinlik uchun kurashgan tashkilotlarning hissasi katta. Masalan, qurol ishlab chiqarish va unga egalik qilish huquqini targ’ib qiluvchi bizneslar bir usta odamni tanlab yoki ishga yollab, bor, Kongress bilan gaplash deydi. Bu ekspert qonunchilik organi qanday ishlashi, kim nima bilan mashg’ul ekanini yaxshi bilishi kerak. Ular kim bilan qanday gaplashishni bilishi kerak",- deydi Tim Karni, lobbichilar faoliyatini uzoq yillardan beri yoritib kelayotgan jurnalist.

Deylik, katta-katta kompaniyalar juda qudratli lobbilarga ega. Ular siyosatchilar bilan uchrashib, bu sanoatlarni qiynayotgan muammolarni tushuntiradi, ularga ma’lumot ulashadi va yordam so’raydi.

Lobbichilar ijroiya organidagi idoralarda ham tez-tez bo’lib turadi.

Bugun lobbichilikning o’zi bir sanoatga aylangan. 2009 yilda Kongress va ijroiya organi ishiga ta’sir qilish uchun qariyb 3,5 milliard dollar sarflangan.

Lobbichilik bilan mashg’ul firmalarda asosan huquqshunoslar, siyosiy tahlilchilar va usta aloqachilar ishlaydi.

Nikolas Allard, Vashingtonda ko'zga ko'ringan lobbichi
Nikolas Allard, Vashingtonda ko'zga ko'ringan lobbichi

Misol uchun Patton Boggs firmasini olaylik. Uning egalaridan biri Nikolas Allard fikricha, lobbichi qonunni suv qilib ichishi kerak.

“Qonun qanday bo’lishi kerak? Biz tunu kun mana shu savol ustida ishlaymiz. U qanday qilib amalga oshirilishi kerakki, bizning mijozlar rozi bo’lsin. Shu bois hamma gap huquqshunoslikda",- deydi Allard.

"Qonun shunday yozilib, uning amaliyoti shunday belgilansinki, u samara bersin. Bilasizmi, o’zingiz istamagan holda zararli bir qonun yaratilishiga hissa qo’shib qo’yishingiz mumkin. Qonun mukammal bitilmasa, u hech qachon ish bermaydi. Eng yomoni tegishli sohalar uchun faqat zarar keltiradi. Qonun hamma uchun birdek qoida va sharoit degani axir”.

Bugun bu singari lobbichi kompaniyalar ham siyosatchilar, ham mijozlarni rozi qilib, katta shuhrat qozongan. Ken Vogel, “Politico” gazetasi muharririning aytishicha, lobbichilar shu qadar kuchliki, Kongress a’zolari ularsiz biror tashabbus bilan chiqa olmaydi.

"Lobbichi guruhlar ishning ko’zini biladi. Kongress a’zolari oldiga aniq taklif va maslahat bilan keladi. Kerak bo’lsa, qabul qilinishi zarur deb hisoblagan qonunini yozib ham beradi. Qonun chiqaruvchilarning ishini yengillashtiradi. Tayyor loyiha”,- deydi Vogel.

Lobbichilik faqat amerikaliklarga xos faoliyat deya olmaymiz. Vashingtonda butun dunyodan kelgan lobbichilarni uchratasiz. Xalqaro kompaniya va tashkilotlar, turli davlatlar vakillari.

Chet el uchun ishlayotgan lobbichi AQSh Adliya vazirligida ro’yxatdan o’tishi, qancha pul olayotgani va nima qilayotgani haqida aniq hisobot berishi shart. Bu ma’lumotlar omma uchun ochiq, xuddi mahalliy lobbichilarga doir informatsiya singari. Qonun maxfiy harakatlarga toqat qilmaydi. Uni ham lobbichilar tanishtirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG