Breaking News

Respublikachilar yoki demokratlar? Amerikada saylov kampaniyasining so'nggi kunlari


Qayoqqa qaramang odamlarni saylovga chiqishga va kimga ovoz berishga undovchi manzara
Qayoqqa qaramang odamlarni saylovga chiqishga va kimga ovoz berishga undovchi manzara

Amerikada saylovoldi kampaniyasi yakuniy pallada. Respublikachilar va demokratlar Vakillar Palatasidagi 435 va Senatdagi 37 o’rinni egallash uchun jon-jahdi bilan kurashib, ommani o’ziga ishontirishga urinmoqda.

Ommaviy so’rovlarda ko’pchilik respublikachilarga ovoz bermoqchi ekanini bildirmoqda, lekin saylov kuni odamlar birdaniga fikrdan qaytishi ham mumkin. Amerika siyosatida bunga ko’p marta guvoh bo’lganmiz.

Hammaning dardi iqtisod bilan bog’liq. Aholining qariyb 10 foizi ishsiz. AQSh uchun bu juda katta raqam. Demokratlar inqiroz oqibatlarini yengish uchun ancha vaqt ketadi, prezident Barak Obama boshchiligida zarur choralar ko’rilayapti deb qanchalik bong urmasin, odamlar bu partiyadan charchaganini aytmoqda.

Respublikachilar ko’pchilik ovoz olsa, Vakillar Palatasida spiker o’zgaradi. Ogayo shtatilik yetakchi kongressmen Jon Beyner “bu lavozimga tayyorman” deydi.

“Mana biz ishsizlik muammosini hal qilamiz. Bugungi siyosatga yo’q deb, respublikachilarga ovoz bering”,- deydi Beyner ommaga murojaat qilar ekan.



Amerikaliklar, umuman olganda, har ikki partiyani va’dabozlikda ayblaydi.

Shu bois ayrimlar partiyaga emas, nomzodning shaxsiyati va qarashlariga asoslanib ovoz berishga qaror qilgan.

Bu yilgi saylovlarda “Choychilar” harakati o’ziga xos rol o’ynamoqda. Bu partiya a’zolari har ikki partiyaning ashaddiy tanqidchilari va o’ta konservativ ruhdagi amerikaliklar. Ular soliqlarni kamaytirish va federal hukumat vakolatini cheklashni talab qilmoqda.

“To’ydik bu hukumatdan va uning har bir jabhaga aralashib hayotimizni qiyinlashtirayotganidan”, - deya noliydi choychilardan biri.

Bu harakatni qoralab chiqayotganlar nazarida esa choychilar tor fikrli, dunyoni ko’rmagan, xalqaro hayotdan bexabar va faqat o’z manfaatini ko’zlab, ayrim hollarda faqat nom qozonish uchun dod-voy solayotgan amerikaliklar.

“Saylov natijasini taxmin qilish qiyin”, deydi Richard Vulf, siyosiy tahlilchi. “Har bir shtat va tumanda manzara boshqacha”,- deydi u.

Prezident Obama xalqdan sabr-toqat so’ramoqda. “O’tgan ikki yilda siyosatni to’g’ri yo’lga burdik. Respublikachilar siyosati sabab vujudga kelgan inqirozdan chiqib olish oson emas”,- deydi u, aybni o’zidan oldingi prezident Jorj Bush va uning safdoshlariga qo’yar ekan.

2006 yildan beri Kongressda demokratlar hukmron. Qonunchilik organi respublikachilar izniga o’tsa, prezidentning ishi qiyinlashadi. O’tgan ikki yilda qabul qilingan qonunlar bekor qilinishi, yangi takliflar rad etilishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG