Breaking News

Amerikaliklar 50 trillion dollardan oshiq qarzga botgan


AQSh iqtisodiyoti og'ir kunlarni boshdan kechirmoqda.

Inqirozga olib kelgan sabablardan biri mamlakat ichki qarzining tobora oshib borayotganidir. Ayni damda 50 trillion dollardan ko'p.

Ko'p narsani naqd pul emas, kredit kartochka bilan xarid qiladigan xalq uchun, deydi iqtisodchi olimlar, katta qarz bilan yashash bugun oddiy holga aylangan.

Bank va kredit kompaniyalari esa mo'may daromad izlab, yiliga millionlab dollar kartochka tarqatadi. Kreditni ustidagi foizi bilan o'z vaqtida to'lay olmay, o'nlab, hatto yuzlab ming dollar qarzga botgan fuqarolar bugun Amerikada ko'pchilik.

"Kredit kartamda ming dollar bor edi, keyin 14 mingga ko'tarishdi",- deydi Jon Laperch. "Qarz hajmini oshirishni so'raganim yo'q, biroq undan foydalandim. Bugun bankka 78 ming dollar qarzman".

USA Today gazetasiga ko'ra, kredit kompaniyalari mijozlarining qarz olish imkoniyatini 2001-2006 yillar davomida 17 foizga, ya'ni o'rtacha 8 ming dollargacha ko'targan.

Vaqtida to'lay olmayotgan fuqarolarga esa majburiyatni uy uchun olingan qarzga qo'shib qo'yish maslahat berilgan.

Bu qopqonning o'zginasi, deydi Iste'molchilar Federatsiyasi vakili Travis Plunket.

"Iste'molchilar ko'p hollarda uy uchun olgan qarzini kreditni yopish uchun ishlatmaydi. Aksincha, kredit kartalarini ko'paytiradi",- deydi Plankett.

Bugun ko'chmas mulk bahosi tushgan bir paytda, Kenna Beyker kabi fuqarolar ham qarzlarini qanday uzish ustida o'ylanib qolgan.

"Hozirda barcha qarzlarimni hisoblab chiqsangiz, deyarli 140 ming dollarga yetadi",- deydi u. AQSh Banklar Uyushmasi a'zosi Jeyms Chessen barchasiga iste'molchi aybdor, deydi.

"Qarz olishdan avval odam o'ylashi kerak, shuncha miqdorni qoplay olamanmi? Ko'plar kreditni bemalol pul mashinasidek ishlatavergan",- deydi bankir.

XS
SM
MD
LG