Breaking News

2012 iqtisodiy jihatdan og'ir kechishi kutilmoqda


Barak Obama
Barak Obama

Amerikada ishsizlik darajasi hozir 8,5 foizni tashkil etmoqda. O’tgan bir oy ichida 200 ming yangi o’rin yaratilgan.

Prezident Barak Obama e’tiborini biznes sektoriga qaratib, sanoatchilardan zavod va fabrikalarni chet elga ko’chirmay aynan vatanda kengaytirishni so’ramoqda. Buning uchun hukumat qator imtiyozlar berishga tayyor, deydi u.

Kelasi hafta Oq Uyda bu borada ochiq forum o’tkaziladi. Prezident xususiy sektor vakillarining fikrlarini tinglamoqchi.

“Iqtisodiy inqiroz davrida sakkiz million ish o’rnini boy berdik va o’tgan ikki yil ichida uch milliondan oshiq joy ochildi, asosan biznes sohasida”,- deydi Obama.

Kristin Lagard, Xalqaro Valyuta Jamg'armasi rahbari
Kristin Lagard, Xalqaro Valyuta Jamg'armasi rahbari

“Bu yil ishlab chiqarish hajmini oshiramiz, ayniqsa avtomobilsozlik sanoati yanada oyoqqa turadi degan umiddamiz”,- deydi prezident.

Muxolifat, Respublikachilar partiyasi Oq Uyni ishni eplay olmaganlikda ayblab, amerikaliklarni bu yilgi saylovda prezidentni yangilashga chaqirar ekan, Obama moliyaviy va iqtisodiy tizim yaxshilanib bormoqda deydi.

Millionlab odam ishsiz yurgani haqiqat, deydi prezident, lekin har oy yuzlab ming imkoniyat yaratilmoqda. Bu degani vaziyat asta izga tushmoqda, deydi u.

Obama fikricha o’rta sinfni mustahkamlash kerak. Bu yili Oq Uy shunga katta e’tibor qaratmoqchi.

Xalqaro Valyuta Jamg’armasi 2012-yildan ko’p narsa kutmang deya ogohlantirmoqda. Tashkilot ekspertlari nazarida Yevropa Ittifoqidagi moliyaviy inqiroz hali-beri tugamaydi va uning ta’siri butun dunyo bo’ylab seziladi.

"Jeep" avtomobili ustida ishlayotgan mutaxassis, "Chrysler" zavodi, Ogayo shtati. Prezident Obama sanoatchilardan inshootlarni chet elga ko'chirmay, ularni vatanda kengaytirishni so'ramoqda.
"Jeep" avtomobili ustida ishlayotgan mutaxassis, "Chrysler" zavodi, Ogayo shtati. Prezident Obama sanoatchilardan inshootlarni chet elga ko'chirmay, ularni vatanda kengaytirishni so'ramoqda.

Xalqaro Valyuta Jamg’armasi ijrochi direktori Kristin Lagard Janubiy Afrikaga safari chog’ida bu haqda gapirar ekan, 2012-yil qiyin davr bo’ladi deydi.

Lagard xonim fikricha butun Yevropa Ittifoqi krizisda deyish to’g’ri emas va yevrozona barbod bo’ladi degan taxminlar ham o’rinsiz. Lekin vaziyat murakkab, deydi u, yaqinda qabul qilingan qarorlar natija berishi uchun esa vaqt kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG