Breaking News

Yevro inqirozi millatchilarga qo’l kelmoqda


Marin Le Pen. O'ng tomonda uning otasi, taniqli millatchi siyosatchi, 2002 yilda prezidentlik uchun bellashgan Jan-Mari Le Pen. Ikkala siyosatchi immigratsiya, Yevropa Ittifoqi va musulmonlarga qarshi g'oyalarni ilgari suradi.
Marin Le Pen. O'ng tomonda uning otasi, taniqli millatchi siyosatchi, 2002 yilda prezidentlik uchun bellashgan Jan-Mari Le Pen. Ikkala siyosatchi immigratsiya, Yevropa Ittifoqi va musulmonlarga qarshi g'oyalarni ilgari suradi.

Yevro inqirozi millatchilarga qo’l kelmoqda. Ular iqtisodiy va siyosiy ittifoqni tanqid qilib, yevrozonani tarqatib yuborish kerak deydi. Xo’sh, bu fikrdagi siyosatchilar va partiyalar saylovlarda g’alaba qila oladimi?

Fransiyada prezidentlikka nomzod Marin Le Pen mamlakat Yevropa Ittifoqidan ham, yevrozonadan ham chiqishi kerak, deya bong urmoqda.

Yevropaning yagona valyutasi inqirozda ekan, Le Penni qo’llab-quvvatlayotganlar ko’p.

Le Pen nazarida yevroning kuni bitgan. Fransiya hoziroq yevrozonadan chiqishi kerak.

Tomas Klo, Tashqi aloqalar bo’yicha Yevropa kengashining Parijdagi vakili.

“Yevrozona inqirozi va a’zo davlatlarni vaziyatni o’nglay olmayotgani Marin Le Penga yevrozona va blokning hozirgi rahbariyatini keskin tanqid qilish uchun juda yaxshi imkoniyat yaratmoqda”,- deydi tahlilchi.

Fransiyada Le Pen boshchiligidagi millatchi partiyaning musulmonlarga qarshi norozilik namoyishi
Fransiyada Le Pen boshchiligidagi millatchi partiyaning musulmonlarga qarshi norozilik namoyishi

Yevropa Ittifoqiga qarshi guruhlar nafaqat Fransiya, balki Italiya, Gollandiya, Daniya va Finlyandiyada ham bosh ko’tarmoqda. Inqiroz botqog’iga botgan Gretsiyada millatchilar partiyasi fursatdan foydalanib koalitsion hukumatga kirishga muvaffaq bo’ldi.

Millatchilar birinchi navbatda immigratsiyani cheklamoqchi. Ko’plari musulmonlarga qarshi chiqadi. Yevropa Ittifoqiga nuqta qo’yish kerak, deydi ular.

Londondan siyosatshunos Jonatan Byordvell deydiki, ”ommaviy so’rovlarda odamlar blokni pulni havoga sovurayotganlikda ayblaydi. Ular, shuningdek, chegaralar ustidan nazorat yo’qolgan, buning oqibatida immigrantlar soni va jinoyatchilik ko’paygan, iqtisod ishdan chiqqan, deydi”.

Reytinglarda Marin Le Pen prezidentlikka nomzodlar orasida uchinchi o’rinda - Sotsialistlar partiyasidan Fransua Olland va hozirgi prezident Nikolya Sarkozidan keyin.

43 yoshli advokat 2002-yilda prezidentlik uchun bellashgan millatchi siyosatchi Jan-Mari Le Penning qizi.

Fransiyaning Yevropa Ittifoqidagi roli va yevro inqirozi kelasi saylovlarda asosiy mavzu bo’ladi.

Krizis millatchilarga qo’l kelayotganiga qaramay, deydi tahlilchi Jonatan Byuordvell, fransuzlarning aksariyati hamon Yevropa Ittifoqi va yagona valyutani qo’llab-quvvatlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG