Ilg’or, sanoatlashgan davlatlar rahbarlari bugun Fransiyada yig’ilib, global iqtisodiy masalalarni muhokama qilmoqda.
Kun tartibidagi asosiy mavzular – jahonni domiga tortishi mumkin bo’lgan Yevropa moliyaviy krizisi va, albatta, qarzga botgan Gretsiya.
Kann shahridagi ikki kunlik sammitda, shuningdek, iqtisodiy o’sishni ta’minlash va ko’proq ish o’rinlari yaratish kabi masalalar ko’rib chiqiladi.
Katta Yigirlmalik sammiti rasman ochilishi oldidan AQSh prezidenti Barak Obama Yevropaning eng baquvvat iqtisodiyotlari sanalmish Germaniya va Fransiya rahbarlari bilan yuzma-yuz ko’rishdi.
Obamaning aytishicha, Yevropa Ittifoqi moliyaviy tanglikdan chiqish uchun muhim choralar ko’rmoqda. “Biroq Gretsiyani tanazzuldan qutqarishga doir takliflar ijrosini ham ko’rsak ma’qul bo’lar edi”, - dedi Amerika rahbari.
Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi va Germaniya kansleri Angela Merkel sammit oldidan qilgan chiqishida 17 a’zolik yevrozona vakili Gretsiyaga yordam haqida to’xtaldi.
Yevropa Ittifoqi bu zaif safdoshini qutqarib, 140 milliard dollar qarzidan kechishga kelishib olgan edi.
“Biroq Gretsiya kelgusi bir necha yil davomida xarajatdan tiyilib, pensiya, maoshlarni kesib, qo’yilgan barcha shartlarni bajarishi lozim. Aks holda bizdan boshqa bir tiyin ham olmaydi”, - deydi Angela Merkel.
Gretsiya Bosh vaziri Yorgus Papandreu bu yordam loyihasini qabul qilishdan oldin, referendumga, ya’ni xalq muhokamasiga qo’yamiz, deb barchani hayron qoldirgan edi.
Biroq fikridan qaytgan. Ittifoq rejasi, ma’lumki, greklarga ma’qul emas. Mamlakatni namoyishlar qamrab olgan.
Papandreuning aytishicha, Gretsiya yevrozonadan, demakki, Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqishi mumkin. Bu yurt Moliya vaziri Evangelos Venizelos bunga qarshi. Tahlilchilar hukumatdagi tanazzul haqida gapirmoqda.
Greklar ketsa, bu Yevropadagi yakdillikka, obro’siga putur yetkazishi, keyinchalik butun yevrozona tarqalib ketishi ehtimoldan xoli emas.
Ijtimoiy so’rovlarga qaraganda, Gretsiya ahli yevrozonada qolish tarafdori, lekin tejamkorlikka rozi emas.
Bu davlat yevrozonadan chiqsa, oqibatlari yaxshi bo’lmaydi. Gretsiya qarzini to’lolmay, qator banklar kasodga uchrashi mumkin. Naijada butun Yevropa va dunyoda iqtisodiy tanazzul boshlanishi mumkin.
Yevro 1999-yilda muomalaga kirgan bo’lsa, Gretsiya uning eng zaif bo’g’ini bo’lib keldi. Mamlakat defitsiti oshib, oxirgi bir yarim yilda uning qo’shnilari ikki bor mablag’ ajratib, xalos etdi.
Fransiya rahbari Nikolya Sarkozi mamlakat safda qoladi, degan umidda. “Biroq yevro barqaror bo’lishi Gretsiyani qutqarishdan muhimroq”, - dedi u.