Oxirgi 17 yil davomida Italiya siyosatida yetakchilik qilib kelgan Silvio Berluskoi bugun bosh vazirlik lavozimini tark etdi.
U prezident Jorjio Napolitanoga iste'fo arizasini topshirgan. Rimdagi "Kirinale" prezident saroyidan chiqib kelgan Berluskonini minglab odamlar qarsaklar bilan kutib oldi. “Masxaraboz” deya hayqiriqlar yangradi.
1994 yildan beri bosh vazirlikka uch bor saylangan Berluskoni korrupsiya va poraxo’rlikda bir necha marta ayblangan va hatto sudga tortilgan.
Lekin omma orasida unga nisbatan asosiy tanqid - iqtisodni ishdan chiqargani va mamlakat tashqi qarzini kamaytira olmaganligi.
Multimillarder, dunyodagi eng badavlat kishilardan biri bo'lmish Berluskoni jinsiy tajovuz va ta’qibda ham ayblangan.
Siyosatchining ayollarga munosabati matbuotda keng yoritiladi. 75 yoshli Berluskoni Italiyaning eng yirik axborot vositalari egasi.
Prezident Napolitano mamlakatning muvaqqat bosh vazirini tayinlashi kerak.
Bu lavozimga Yevropa Ittifoqining sobiq rasmiysi Mario Monti loyiq ko'rilmoqda.
Shu haftada Italiya parlamenti iqtisodiy islohotlar haqidagi yangi dasturni tasdiqladi.
Iqtisodi jar yoqasida turgan Italiya taqdiri endi yangi hukumat zimmasiga yuklatiladi.
Mario Monti tajribali iqtisodchi, xalqaro sahnada obro’-e’tiborga ega.
U birinchi navbatda qarz masalasini hal qilishi kerak. Italiya yevrozonaga qo’shilganidan buyon uning tashqi krediti oshib bormoqda, yaqinda 7 foizga yetdi.
Yaqinda Irlandiya, Gretsiya va Portugaliya qarzi aynan shu darajaga yetganida, vaziyat inqiroz deya baholanib, Yevropa Ittifoqidan ko’mak so’ragan edi.
AQSh prezidenti Barak Obama, Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi va Xalqaro Valyuta Jamg’armasi rahbari Kristin Lagard Italiyada yangi hukumat tezda tuziladi degan umidda.