Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka da’vogarlar o’tgan hafta Michigan shtatida uchrashib, o’zaro bahs qildi. Asosan iqtisodiy krizisni qanday yengish haqida gap ketdi.
Byudjet kamomadi, soliqlar va ishsizlik - amerikaliklarni bugungi kunda qiynayotgan masalalar.
Michigan shtatining Oukland Universitetida bo’lib o’tgan debatda global iqtisodiyotga oid savollar ham tushdi. Deylik, Yevropadagi qarz muammosini hal etishda AQSh qanday rol o’ynashi mumkin?
Prezidentlikka da’vogar, tadbirkor Xerman Keyn Amerikaning o’zida muammolar talay, avvalo shular bilan shug’ullanaylik, deya javob qiladi.
"Yevrozonadagi uchinchi yirik iqtisodiyot - Italiyaning qarzi nihoyatda katta. Biz unga yordam bera olmaymiz", - deydi Keyn.
Massachussets shtati sobiq gubernatori Mitt Romni fikricha, Yevropa o’z muammolarini o’zi hal etishga qodir.
“Kasodga uchrayotgan banklar Yevropada bo’ladimi yoki Amerikada, ularni qutqarish hukumatning ishi emas”, - deydi Romni.
Uning nazarida, AQSh Jahon Banki va Xalqaro Valyuta Jamg’armasi singari global moliyaviy tashkilotlarda yetakchi rol o’ynashda davom etishi kerak.
Bugun AQShda 14 million kishi ishsiz. Ish joylarini ko’paytirish uchun biznes ustidan nazoratni susaytirish, soliq kodeksini qayta ko’rib va xarajatni kamaytirish lozim, degan fikrga barcha nomzodlar qo’shiladi.
Xalqaro hamkorlik masalasiga qaytar ekan, Mitt Romni Xitoyni nishonga oldi.
AQShning eng yaqin savdo hamkorini intellektual mulk o’g’risi deya qoraladi. “Xitoy valyutasini manipulyatsiya qilib, Amerikaga ko’proq mahsulot sotayapti. Bizning fuqarolarni ish o’rinlaridan ayirayapti”, - deydi prezidentlikka respublikachi nomzod.
Oq uyga saylansam valyuta masalasi Jahon Savdo Tashkilotida ko’rib chiqilishini talab qilaman, Xitoy mahsulotiga tariflarni oshiramiz, deydi Mitt Romni.
Xullas, bu safar da’vogarlar bir-biri bilan ko’p tortishmay, tomoshabinlar savollariga javob berdi.
Prezidentlik saylovlariga hali bir yilcha vaqt bor. Respublikachilar Barak Obama bilan bellashadigan yagona nomzodni tanlashi kerak.
Massachusetts sobiq gubernatori Mitt Romni so’nggi so’rovda eng ko’p ovoz olgan. 13 foiz bilan ikkinchi o’rinda tadbirkor Xerman Keyn.