Breaking News

Yevropada millatchi guruhlar kuchayib bormoqda


"Inglizlar himoyasi ligasi" a'zolari Shvetsiya millatchilari bilan birgalikda bu mamlakatning Gyoteburg shahrida masjid qurilishiga qarshi namoyish uyushtirdi
"Inglizlar himoyasi ligasi" a'zolari Shvetsiya millatchilari bilan birgalikda bu mamlakatning Gyoteburg shahrida masjid qurilishiga qarshi namoyish uyushtirdi

Yevropa uchun bugun eng dolzarb masalalardan biri – immigratsiya. Muhojirlar oqimi katta ekan, hukumatlar diniy va etnik bag’rikenglik targ’ibotiga ko’proq e’tibor qaratmoqda. Ammo ayni vaqtda millat “toza”ligi haqida gapiradiganlar, “kelgindi”larga qarshi namoyishlar uyushtiradigan guruh va tashkilotlar ham ko’paymoqda.

”Inglizlar himoyasi ligasi” deb nomlangan millatchi guruh Buyuk Britaniyani musulmonlardan tozalash kerak deya tashviqot olib bormoqda.

“Stop the Islamification of Great Britain.” "You’re not English."

Mamlakatni islomlashishdan to’xtatish, millat “toza”ligini saqlash… Bunday shiorlar nafaqat Britaniya, balki Yevropaning boshqa mamlakatlarida ham yangramoqda.

Tashkilot a’zolari maqsadga kuch bilan emas, siyosiy qarorlar va ijtimoiy harakatlar bilan erishmoqchi. Lekin ular o’tkazgan deyarli har bir norozilik namoyishi to’qnashuv bilan tugaydi.

"Inglizlar himoyasi ligasi"ning shiori "biz irqchi emasmiz, lekin jim turmaymiz" ma'nosini beradi
"Inglizlar himoyasi ligasi"ning shiori "biz irqchi emasmiz, lekin jim turmaymiz" ma'nosini beradi

Guruh asoschisi Geyl Spayt “biz irqchi emasmiz” deydi, lekin musulmonlarni ochiqchasiga nishonga oladi.

”Do’stlarim orasida sikxlar va qora tanlilar ko’p, ammo musulmonlar yo’q, chunki ular hamma narsaga boshqacha yondashadi”,- deydi Spayt.

Bu tashkilot 2009 yilda tuzilgan. Biroq uning mafkurasi yangi emas, deydi ekspert Andrea Mammon, Kingston Universiteti professori.

”Fashizm davridan buyon bunday guruhlar mavjud. Ular o’z maqsadlarini oqlashga urinadi, dushmanini aniqlaydi. O’zgalarga dushman deb qaraydi”.

Masalan, fashistlar uchun yahudiylar “yot bir elat” bo’lgan. Maks Levitas 1936-yilda Keybl Strit ko’chasida ro’y bergan hodisalarni yodga oladi.

”Keybl Stritda minglab odamlar norozilik namoyishiga chiqqanida politsiya ularni hibsga olib, ko’chani fashistlarga bo’shatib bergan”,- deydi keksa ingliz.

Ikkinchi Jahon urushidan oldin bu mahallada asosan yahudiylar yashagan.

Fashistlar va “Inglizlar himoyasi ligasi” guruhi orasida farq yo’q, deydi Levitas.

”Bu fashistlar tashkiloti. Ularni man etish kerak”.

Yevropadagi millatchilar guruhlar haqida kitob yozgan, asli kelib chiqishi hindistonlik bo’lgan K. Biswas fikricha bu to’dalar fashistlardan farq qiladi.

”Bu partiyalar zo’ravonlik yo’lidan bormayapti. Ular yahudiylarga ham qarshi emas. Maqsadiga demokratik yo’llar bilan erishishga intiladi”.

Maqsadlardan biri - kelajakda hukumatda ham o’z a’zolarga ega bo’lish.

Germaniya poytaxti Berlindagi turklar mahallasi
Germaniya poytaxti Berlindagi turklar mahallasi

So’nggi yillarda Britaniya millatchilari orasida musulmonlarga nisbatan nafrat kuchaygan bo’lsa, Germaniyada odatda turklar nishonga olinadi.

2000-2007 yillar orasida mamlakat bo’ylab turk immigrantlarga nisbatan zo’ravonliklar oshib, qator jinoyatlar sodir etilgan.

Germaniya kansleri Angela Merkel “millatchilar terrori”ga chek qo’yish kerak deb keladi. Neo-natsistlar faoliyatini taqiqlash harakatida.

Germaniyada kelib chiqishi turk bo’lgan 3 million odam yashaydi.

Bag’rikenglik, etnik va diniy xilma-xillikka asoslangan AQSh jamiyatida ham irqchi, millatchi va islomga nisbatan shubha bilan qaraydigan guruhlar bor. Lekin Yevropa mamlakatlariga qaraganda Amerika ancha tolerant jamiyat hisoblanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG