AQSh va Kanada o’rtasidagi chegara – dunyodagi eng uzun to’siqsiz sarhad. Ammo so’nggi paytlarda to’siq tortish haqida gap ketmoqda.
Chegaraning har ikki tomonida hayot qaynaydi. Bolalar maydonchasi, mahallalar... Bir qadam bosasiz-u, bir davlat hududidan boshqasiga o’tasiz.
“Siz AQSh hududini tark etmoqdasiz” degan yozuvdan tashqari hech qanday belgi yo’q. Bir qadam orqaga va yana Amerikadasiz.
Ammo vaziyat yaqinda o’zgarishi mumkin. AQSh hukumati chegaraning ayrim qismlarini yopish kerak degan fikrda. Maqsad qoradori savdosi, terrorizm va boshqa jinoyatlarning oldini olish.
To’siqlar barobarida radar va kameralar o’rnatilishi hamda chegarani askarlar va samolyotlar yordamida nazorat qilinishi mumkin.
Kanada parlamenti a’zolaridan biri Barri Penner bundan norozi.
“Shuncha yil davomida yaxshi qo’shni bo’lib yashagan xalq endilikda chegarani to’samiz desa, bu albatta odamni xafa qiladi”,- deydi qonunchi.
Vashington har tomonlama yaqin hamkori bo’lgan Kanadani xavotirga o’rin yo’q deya ishontirishga urinmoqda.
AQSh Bojxona va chegara xizmati rasmiysi Don Bekamning ta’kidlashicha, Kanada bilan chegarada hech qachon AQSh-Meksika chegarasi kabi baland po’lat devor qurilmaydi.
6500 kilometrlik chegarani to’sib bo’lmaydi, deydi Bekam, chegaraning ayrim joylari to’siladi xolos.
“Bunday o’zgarish kelasi 5-7 yil ichida yuz beradi. Axir tahdidlar o’zgarib turadi. Xavfsizlikni ta’minlash uchun shunday choralar ko’rishga majburmiz”, - deydi AQSh rasmiysi.
AQSh-Kanada chegarasida qatnov tinmaydi. Turizmdan har ikki mamlakat foyda ko’radi.
Chegara xavfsizligi muhim masala, deydi Kanadaning “Vancouver Sun” gazetasi muxbiri Von Palmer. Lekin choralar iqtisodiy manfaatlarga qarshi bo’lmasligi kerak. Ikki mamlakat o’rtasidagi turizm va savdoga zarar yetmasligi kerak.