Breaking News

Gretsiyada o’ngchilar immigrantlarni haydab, chegarani mahkamlamoqchi


Gretsiyada radikal islohotlar talab qilayotgan “Oltin Tong” partiyasi parlamentga saylanib, barcha immigrantlarni deportatsiya qilish va chegarani minalashtirishga chaqirmoqda. Iqtisodiy krizis ekstremistik guruhlarga qo’l kelayapti.

“Gretsiya greklar uchun” degan shiorlarni ko’tarib, “Oltin Tong” partiyasi tarafdorlari Afina ko’chalarini kezmoqda.

Partiya oldidagi asosiy vazifa nima? - deb so’raymiz uning rahbari Nikolaos Mikaloliakosdan.

“Immigrantlar bizning mamlakatdan, bizning uyimizdan daf bo’lsin”, - deya ta’kidlaydi u.

Gretsiyaga har yili dengiz va boshqa yo’llar bilan 130 ming muhojir keladi, aksariyati Turkiya orqali kiradi. Hukumatning bildirishicha, Yevropa Ittifoqiga noqonuniy ravishda kirayotgan muhojirlarning 90 foizi Gretsiya sarhadidan o’tgan.

6-may kuni Gretsiyada o’tgan parlament saylovlarida radikal o’ngchilar 7 foiz ovoz to’plab, qonunchilik organida 21 o’rinni qo’lga kiritdi. Ularni siyosatdan chetlatish kerak, deydi irqchilikka qarshi kurashayotgan faollar.

“Neo-natsistlar 1974-yildan beri ilk marotaba Gretsiya parlamentiga qadam qo’ymoqda”, - deydi faollardan biri Tanasis Kurkulas.

Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko’ra, iqtisodiy bo’hron qatorida Gretsiya gumanitar inqiroz bilan ham yuzlashmoqda. O’ngchilar nazarida bular bir-biriga bog’liq muammolar.

Afinada muhojirlarni ro’yxatga olish markazlari ertadan kechgacha gavjum. O’n minglab odamlar navbat kutyapti.

O’zini Hafiz deb tanishtirgan afg’onistonlik bir guruh yoshlar tomonidan kaltaklangan. “Ularga hech narsa qilganim yo’q. O’rtaga olib savalashdi”, - deydi u.

“Oltin Tong” partiyasi Gretsiya-Turkiya chegarasini minalashtirishni talab qilmoqda, chunki aksar immigrantlar shu joydan kiradi. Saylov kampaniyasida ular “shaharni axlatdan tozalaymiz” deya jar soldi.

Afinaning yahudiylar mahallasi yetakchisi Benyamin Albalasning aytishicha, ana shunday jirkanch tilda o’z platformasini targ’ib qilgan guruh Gretsiya parlamentidan joy olgani xavotir uyg’otadi.

Tahlilchi Maykl Argirou radikal guruhlar maydonga chiqayotganini eski hukumat olib borgan iqtisodiy siyosat bilan bog’laydi.

“Saylov natijasi aholi orasidagi kayfiyatni aks ettiradi. Ayniqsa konservativ saylovchilar noroziligini bildirish uchun ham shunday ovoz bergan. Immigratsiya muammosi dolzarb ekani ham haqiqat”, - deydi olim.

“Oltin Tong” neo-natsistlar partiyasi ekanini mutlaqo rad etadi. Mahalliy va xorijiy matbuot biz haqimizda turli xil yolg’on-tuhmatlar yozayapti, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG